Toshkentdagi Human House galereyasida 26-noyabr kuni yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda galereya asoschisi Lola Sayfi ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in galereyaning oshxonasini to‘liq vayron qilgan va qo‘shni “Bagration” kafesiga ham tarqalgan. Kafening oshxonasi ham yonib ketgan. Human House ularni o‘z kuchi bilan qayta tiklaydi.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘inga eski oshxonadagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan.

“Biz kommunikatsiyalarni bosqichma-bosqich yangilab bordik, uyning deyarli barcha qismidagi elektr simlarini almashtirdik. Faqat eski oshxona bundan mustasno edi. Uni buzib, qaytadan qurishni rejalashtirgandik”, — dedi Sayfi.

27-noyabr kuni ertalabdan art-makon jamoasi kuygan konstruksiyalarni olib chiqish va hududni tozalashni boshladi. Shundan so‘ng mutaxassislar yetkazilgan zararni va bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar hajmini baholaydi. Qayta tiklash qancha mablag‘ talab qilishi hozircha noma’lum.

human house, lola sayfi

“Ehtimol, mustaqil madaniy tadbirkor hayotidagi eng qiyin jihat — ijod va iqtisodiyot, erkinlik va mas’uliyat, o‘z g‘oyalarini amalga oshirish istagi va pul topish zarurati, yaqinlarga g‘amxo‘rlik qilish hamda u yoki bu darajada o‘zingizga bog‘liq bo‘lgan yuzlab insonlar haqida qayg‘urish o‘rtasidagi nozik muvozanatni doimiy ravishda saqlab turishdir”, — deb yozdi tadbirkor.

Sayfi do‘stlari, hamkorlari va Human House’da tadbirlar o‘tkazgan kompaniyalardan yordam so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa yordamning har qanday shakliga ochiq. Qurilish kompaniyalari, arxitektorlar va muhandislar, shuningdek, qurilish materiallari, oshxona jihozlari yoki mablag‘ bilan ko‘maklashishga tayyor bo‘lganlar yordam berishi mumkin.

Galereyani boshqa yo‘llar bilan ham qo‘llab-quvvatlash mumkin: u yerda korporativ tadbir buyurtma qilish, hunarmandlarning mahsulotlarini xarid qilish yoki shunchaki e’lonni ulashish.

Sayfining ta’kidlashicha, yong‘in turistik mavsum pasaygan, sovuq kunlar boshlanishi arafasida, mablag‘lar ham cheklangan bir paytda sodir bo‘ldi. Shunga qaramay, galereya ko‘rgazmalar, ma’ruzalar va mahorat darslarini bekor qilmaydi.

Human House haqida

Loyiha 2000-yilda kichik kiyim-kechak do‘koni sifatida tashkil etilgan, keyinchalik galereya va madaniy makonga aylangan. Hozirda Human House bilan O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlardan 260 nafardan ortiq hunarmand va dizayner hamkorlik qiladi. Bu yerda ko‘rgazmalar, konsertlar, mahorat darslari va ma’ruzalar o‘tkaziladi. Toshkent shahar hokimligi galereyani sayyohlarga tavsiya etiladigan joylar ro‘yxatiga kiritgan.

2020-yilda bino deyarli yo‘qotilishi mumkin edi. O‘sha paytda uy egasi uni sotishga qaror qilgan, xaridor esa mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, binoni buzib, o‘rniga mehmonxona qurishni rejalashtirgan. Uyni sotib olish uchun $150 ming kerak bo‘lgan, galereyada esa bunday mablag‘ yo‘q edi. Sayfi mablag‘ yig‘ish kampaniyasini boshlagan va galereya mehmonlari hamda investor bilan birgalikda uyni sotib olgan. Jamoa uning uchun olingan qarzlarni yong‘indan sal oldin to‘liq to‘lagan edi.


Avvalroq Spot texnogen favqulodda vaziyatlarda halok bo‘lganlarning oilalariga 220 mln so‘mgacha kompensatsiya to‘lanishi haqida yozgandi.