Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliy markazida transport-logistika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.

Uchrashuvda prezident rezident aviakompaniyalar uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy etilishini aytdi:

  • kelasi yildan aviayoqilg‘i narxi jahondagi o‘rtacha narxga bog‘langan holda shakllantiriladi;
  • aviayoqilg‘i aksiz solig‘idan ozod etiladi va unga QQSning nol stavkasi qo‘llaniladi;
  • ehtiyot qismlar uchun bojxona boji imtiyozi 2040-yilgacha uzaytiriladi;
  • havo kemalari, dvigatellar va agregatlar ijarasiga QQSning nol stavkasi qo‘llaniladi.

Mutasaddilarga rezident aviakompaniyalarga ehtiyot qismlar importi bo‘yicha QQSni bir kunda qaytarish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda 11 ta xalqaro aeroport rekonstruksiya qilingan. Mo‘ynoq, Qo‘qon, Zomin, Arnasoy, Shahrisabz, Sariosiyo va So‘xdagi aeroportlar tiklanib, aeroportlar soni 18 taga yetgan. Urganch, Samarqand, Buxoro va Namangan aeroportlari davlat-xususiy sheriklik asosida investorlarga ishonchli boshqaruvga berilgan.

Joriy yilda aviatsiya orqali 17 mln yo‘lovchi tashilishi kutilmoqda. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 25 mln ga yetkazish maqsad qilingan.

Saudiya Arabistoni, Yaponiya va Janubiy Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikda 1 300 gektar maydonda yangi xalqaro aeroport qurilmoqda. Unga tutash 800 gektar maydonda esa $5 mlrd lik Aerocity loyihasi amalga oshiriladi. Unda logistika va elektron tijorat markazlari, brend do‘konlari, mehmonxonalar va turar joylar bo‘ladi.

Mutasaddilarga 2027-yil 1-iyulgacha hududning master-rejasini yakunlab, investorlarga taqdim etish topshirildi.

Avvalroq O‘zbekiston Iroq va Gruziyadan aviakerosin import qilishni boshlagani haqida xabar berilgandi.