Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekneftgaz aksiyadorlik jamiyatining joriy yil birinchi yarmidagi faoliyati va yil yakuniga qadar ustuvor vazifalari yuzasidan hisobot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning birinchi yarmida jamiyat tomonidan 11,5 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarildi. Ayni paytda neft, dizel yonilg‘isi, aviakerosin va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘ldi.

Yil yakuniga qadar 1,1 mln tonna avtobenzin, 983 ming tonna dizel yonilg‘isi, 310 ming tonna aviakerosin, 606 ming tonna suyultirilgan gaz va qariyb 1,18 mln tonna sintetik mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonga amalga oshirilayotgan reyslar soni 2025-yilga nisbatan ko‘paygan. Joriy yil iyul-dekabr oylarida aviakerosinga bo‘lgan talab 375 ming tonnani tashkil etishi, ya‘ni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27% ga o‘sishi kutilmoqda. Uning asosiy qismi mahalliy neftni qayta ishlash zavodlari hisobidan qoplanadi.

Shu bilan birga, ayrim hamkor mamlakatlarda neft mahsulotlari eksportiga cheklovlar joriy etilgani sababli muqobil manbalardan, jumladan, Gruziya, Iroq va boshqa davlatlardan aviakerosin import qilish yo‘lga qo‘yildi.

Geologiya-qidiruv ishlarining sifati va hajmini oshirish maqsadida O‘zbekgeofizika aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish rejalari haqida ham axborot berildi. Kon-geofizika uskunalarini yangilash va zamonaviy dala 3D seysmik majmuasini xarid qilish uchun $38,8 mln yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, xorijiy kompaniyalar, xususan, AQSHning Schlumberger kompaniyasi bilan hamkorlikda seysmik ma‘lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ma‘lum qilindi.

Markazda zamonaviy superkompyuter majmuasi o‘rnatiladi, yangi dasturiy ta‘minotlar xarid qilinib, seysmik tadqiqotlarda sun‘iy intellektdan keng foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur tadbirlar hisobiga yillik 3D seysmik tadqiqotlar maydoni 1,8 ming kvadrat kilometrdan 5 ming kvadrat kilometrga, o‘rganish chuqurligi esa 4,5 ming metrdan 8 ming metrga yetkaziladi. Tayyorlanadigan istiqbolli geologik tuzilmalar soni 19 tadan 30 taga oshadi.

Quduqlar qurilishida yuqori harorat va bosimga chidamli materiallar, ultratovushli karotaj, real vaqt rejimida geofizik nazorat hamda gorizontal burg‘ilash texnologiyalarini joriy etish choralari belgilangan.

Bu murakkab geologik sharoitlarda quduqlar ishonchliligini oshirish, mahsuldor qatlamlardan samarali foydalanish va yuqori debitga erishish imkonini beradi.

Davlat rahbari aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini neft mahsulotlari bilan barqaror va uzluksiz ta‘minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, tarmoq korxonalarini texnologik yangilash, energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat‘iy nazorat qilish vazifasi qo‘yildi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston GTL zavodidan Qora dengiz portlariga nafta eksportini boshlagani haqida yozgandi.