Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi bitiruvchilar sifat indeksini hisoblash metodikasini tasdiqladi. 31-oktabr kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjat Lex.uz saytida e’lon qilindi.

Bitiruvchilar sifat indeksi O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida berilayotgan ta’lim sifati va uning mehnat bozoridagi talabgirligini baholashda qo‘llaniladi. Ko‘rsatkichlar har yili hisobot yilining 1-iyulidan keyingi yilning 30-iyunigacha bo‘lgan davr uchun hisoblanadi.

Hisob-kitobda to‘rtta asosiy indikator qo‘llaniladi: ishga joylashish tezligi, ish bilan bandlik barqarorligi darajasi, o‘rtacha oylik daromad va bandlik toifasi.

Ishga joylashish tezligi o‘qishni tamomlaganidan keyin bir yil ichida ishga joylashgan bitiruvchilar ulushining ularning umumiy soniga nisbatan o‘rtacha vaznli ko‘rsatkichi sifatida hisoblanadi. Mutaxassis ish topgan muddatga qarab quyidagi koeffitsiyentlar qo‘llanadi:

  • birinchi oyda — 4;
  • uch oy ichida — 3;
  • yarim yil ichida — 2.

Ish bilan bandlik barqarorligi hisobot yili davomida kamida olti oy uzluksiz ishlagan bitiruvchilar asosida baholanadi. Reytingda ularning ishga joylashgan bitiruvchilar umumiy sonidagi ulushi hisobga olinadi.

Ishga joylashish tezligi va bandlik barqarorligini baholashda ishdagi uzilishlar 10 ish kunidan oshmasligiga ruxsat etiladi.

Bitiruvchilarning o‘rtacha oylik daromadini baholashda o‘rtacha nominal oylik ish haqi haqidagi ma’lumotlardan foydalaniladi. Olingan o‘rtacha ko‘rsatkich eng yuqori natijani qayd etgan oliy ta’lim muassasasi bilan taqqoslanadi.

Bandlik toifalari indikatori ham bitiruvchilarni ish joyi turiga qarab vaznli baholashni nazarda tutadi:

  • 2 koeffitsiyent bilan yuridik shaxs bo‘lgan kompaniyalarda ishlaydigan, o‘z yuridik shaxsini tashkil etgan, ta’lim tizimida mehnat qiladigan, xorijga 90 kundan ortiq muddatga ketgan yoki Ijtimoiy reyestrga kiritilgan bitiruvchilar hisobga olinadi;
  • 1,5 koeffitsiyent bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar hisobga olinadi;
  • boshqa bitiruvchilar — o‘zini o‘zi band qilganlar, fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishlaydiganlar, dehqon xo‘jaliklari va oilaviy korxonalarda mehnat qiladiganlar, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni parvarishlayotganlar — koeffitsiyentsiz hisobga olinadi.

Vazirlar Mahkamasi sentabr oyi oxirida oliy ta’lim muassasalarini bitiruvchilar sifati bo‘yicha baholash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlagandi. Hujjatga ko‘ra, yil davomida eng yaxshi natijalarni qayd etgan 20 ta oliygohning karyera markazlariga 500 mln so‘mdan rag‘batlantiruvchi to‘lov beriladi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda yagona raqamli ta’lim ekotizimi yaratilishi haqida yozgandi.