Shavkat Mirziyoyev 20-oktabr kuni raqamli ta’lim ekotizimini rivojlantirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Axborot texnologiyalari sohasida 2030-yilgacha 300 mingta ish o‘rni yaratish maqsadiga joriy yilning o‘zida erishildi. Endi raqamli iqtisodiyotning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali 2030-yilgacha yana 500 mingta ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yilmoqda.
Buning uchun yoshlarni o‘qitishdan tortib, kasbiy ko‘nikmalarini tasdiqlash va ishga joylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi yagona raqamli ta’lim ekotizimi shakllantiriladi. 2030-yilgacha 5,5 mln nafar yoshni an’anaviy va masofaviy ta’lim orqali o‘qitish ko‘zda tutilmoqda.
Maktab o‘quvchilari uchun “Al-Xorazmiy vorislari” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihalarini kengaytirish, oliy ta’lim muassasalari hamda xususiy o‘quv markazlari imkoniyatlarini birlashtirish nazarda tutilmoqda.
Prezident robototexnika, kompyuter o‘yinlarini yaratish, startaplar va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda yiliga 1 mln nafar yoshni o‘qitish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun milliy trenerlar korpusini shakllantirish, onlayn ta’lim platformalari va qisqa muddatli raqamli kurslarni tezroq ishga tushirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirib, ularning natijalarini amaliyotga keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Taqdimotda oliy ta’limda tayyorlanayotgan kadrlar malakasini texnologiyalar va mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga moslashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Sun’iy intellekt, mikrosxemalarni loyihalash, dron texnologiyalari va kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarda ta’limni rivojlantirish, talabalarning amaliy loyihalarda ishtirokini kengaytirish taklif etildi.
Informatika o‘qituvchilarining SI bo‘yicha bilimlarini oshirish va ularni sertifikatlash, OTM talabalari uchun xalqaro raqamli ta’lim kurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Farg‘ona tajribasi asosida iOS dasturchilarini tayyorlash markazlarini tashkil etish, xususiy ta’lim markazlariga mentorlar tayyorlash takliflari ma’qullandi.
Ilmiy tadqiqot va ishlanmalarni ta’lim bilan bog‘lashga ham e’tibor qaratildi. Xususan, OTMlarda o‘rnatilgan tizimlar, mikroelektronika va buyumlar interneti bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, muhandislik ishlanmalari va tadqiqot laboratoriyalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar bildirildi.
Yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini ish bilan bog‘lash uchun “Raqamli yoshlar” platformasini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Unda ta’lim, til bilish darajasi va sertifikatlar haqidagi ma’lumotlar jamlanib, yoshlarga mos bo‘sh ish o‘rinlari taklif etiladi hamda ularning bandligi kuzatib boriladi.
Raqamli ta’limga global texnologik kompaniyalarni keng jalb qilish zarurligi qayd etildi. O‘tgan yili ushbu yo‘nalishda $22 mln grant jalb qilingan. Tizimli hamkorlik orqali mazkur ko‘rsatkichni 2026-yil yakunigacha $60 mln ga, 2030-yilga borib esa yiliga $100 mln ga yetkazish topshirildi.
Joriy yilda jalb qilinadigan grantlarning yarmi raqamli ta’limga, qolgan qismi esa malaka oshirish dasturlari va chekka hududlarda raqamli ta’lim markazlarini tashkil etishga yo‘naltiriladi. Markazlar sun’iy intellekt, robototexnika va dasturlashni o‘rgatish uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi.
Prezident raqamli ta’limda qamrov bilan birga o‘qitish sifati va uning bandlikka ta’siri ham asosiy mezon bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Mas’ullarga belgilangan maqsadlarga aniq dasturlar orqali erishish, hududlardagi imkoniyatlarni kengaytirish, xususiy sektor va xalqaro hamkorlar bilan ishlashni kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Shuningdek, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlarining borishi yuzasidan axborot berildi.
Avvalroq O‘zbekiston va AQSh kosmosni tadqiq etish bo‘yicha Artemida bitimlarini imzolagani haqida yozgan edi.

