Samarqandda 19-oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ishtirokida O‘zbekiston-AQSh Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV rahbari xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatlar rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, energetika, muhim minerallar hamda ilg‘or texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar ta‘lim, madaniy-gumanitar aloqalar va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashdi.




Saidovning ta‘kidlashicha, mazkur muloqot o‘zaro ishonchni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda strategik sheriklik doirasida yangi tashabbus va loyihalarni amalga oshirishga mustahkam asos yaratadi.
Ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng Baxtiyor Saidov va Marko Rubio Oy, Mars, kometalar va asteroidlardan tinchlik maqsadlarida foydalanish hamda ularni tadqiq etish bo‘yicha hamkorlik tamoyillarini belgilovchi Artemida bitimlarini imzoladi.
“Mazkur hujjat O‘zbekistonning NASA va boshqa ishtirokchi davlatlar kosmik agentliklari bilan hamkorligini kengaytirish, milliy kadrlarni tayyorlash hamda kosmik texnologiyalar transferi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi”, — deb yozdi Saidov.


O‘zbekiston Artemida bitimlarini imzolagan 77-davlat bo‘ldi.
Spot avvalroq AQSH O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari bilan milliardlab dollarlik shartnomalar tuzishi haqida yozgandi.





