AQSH Davlat kotibi Marko Rubio O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar bilan “milliardlab dollarlik” kelishuvlar tuzish rejalari haqida ma‘lum qildi, deb xabar bermoqda Rasmiy24.
Siyosatchi 18-oktabr kuni kechqurun Samarqandga uchib keldi. Aeroportda uni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda O‘zbekistonga avvalroq yetib kelgan Donald Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor kutib oldi.
“O‘zbekistonga xush kelibsiz, janob Rubio!” — deb yozdi Mirziyoyeva.
19-oktabr kuni ertalab Rubio Registon maydoniga tashrif buyurib, jurnalistlar bilan muloqot o‘tkazdi. U Samarqand “asrlar davomida jahon savdosi chorrahasida bo‘lib kelgani"ni ta‘kidladi.
Rubioning qo‘shimcha qilishicha, Amerika vakillari C5+1 sammitida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH ham O‘zbekiston, ham Markaziy Osiyoning hamkorlikka ochiq boshqa mamlakatlari uchun “kuchli hamkor” bo‘lish istagida.
“Bizda aqlbovar qilmas darajadagi delegatsiya — 300 ga yaqin kompaniya hamda nafaqat mintaqa mamlakatlarini boyitadigan, balki AQSH uchun ham iqtisodiy jihatdan foydali bo‘ladigan milliardlab dollarlik kelishuvlarni imzolash imkoniyati mavjud”, — dedi davlat kotibi.
Davlat departamenti e‘loniga ko‘ra, tashrifning asosiy voqeasi Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH tashqi ishlar vazirlarining strategik hamkorlik muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuvi (C5+1) bo‘ladi. Shuningdek, Rubio O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rasmiylari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.
Spot avvalroq O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushirilgani haqida yozgandi.