AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 17−22-oktabr kunlari O‘zbekiston va Hindistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Davlat departamenti rasmiy vakili boshqarmasi xabar bermoqda.

E‘longa muvofiq, Samarqand tashrifning birinchi manzili bo‘ladi. Rubio “yana-da tinch va farovon kelajak” maqsadidagi strategik hamkorlikni muhokama qilish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida (C5+1) ishtirok etadi.

Shuningdek, Davlat kotibi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning yuqori martabali rasmiylari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi. U bilan birga Samarqandga AQSH kompaniyalarining 200 dan ziyod vakilidan iborat biznes-delegatsiya keladi.

Tashrif “AQSH va Markaziy Osiyo uchun mustahkamlangan savdo hamkorligining yangi davrini ochadi”, deyiladi Davlat departamenti xabarida.

Shundan so‘ng Rubio mamlakat rahbariyati bilan strategik sheriklik va energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish maqsadida Hindistonning Mumbay hamda Jamnagar shaharlariga boradi. Bundan tashqari, tashrif dasturidan ishbilarmon doiralar bilan investitsiya imkoniyatlari va iqtisodiy aloqalarga bag‘ishlangan uchrashuvlar o‘rin olgan.

Sentabr oyida prezident Donald Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor Rubioning oktabr oyi o‘rtalariga rejalashtirilgan O‘zbekistonga tashrifini e‘lon qilgan edi. O‘shanda ma‘lum qilinganidek, u 100 dan ortiq kishidan iborat biznes-delegatsiyaga boshchilik qiladi.

Gor Rubioning O‘zbekiston rahbariyati bilan savdoni rivojlantirish, xususiy investitsiyalar va iqtisodiy modernizatsiyani qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilish rejalari haqida so‘zlab bergan edi. Bundan tashqari, Davlat kotibi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, energetika xavfsizligi va kooperatsiyani muhokama qilish uchun C5+1 uchrashuvida ishtirok etishi lozim.

Spot avvalroq Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda BlackRock kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashgani haqida yozgandi.