Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda BlackRock kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Uchrashuvda BlackRock prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, Global Infrastructure Partners raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, shuningdek, kompaniyaning global moliyaviy va strategik investorlar guruhi rahbari hamda Yaqin Sharq mintaqasi rahbari Charlz Xatami ishtirok etdi.
Unda 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, BlackRock ushbu markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda O‘zbekistonga ko‘maklashmoqda.
Shuningdek, AQSH ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi davra suhbatida O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
“O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda”, — dedi Saida Mirziyoyeva.








BlackRock’ning O‘zbekistondagi faoliyati
2025-yil iyun oyida Mirziyoyev Al Mirqab Capital kompaniyasi boshqaruv raisi Hamad bin Jassim Al Tani va BlackRock investitsiya kompaniyasining katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashdi. Muzokaralar yakunida istiqbolli loyihalarni tizimli ravishda ilgari surish bo‘yicha yo‘l xaritasini qabul qilishga kelishildi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning aytishicha, O‘zbekiston Al Mirqab Capital va BlackRock kompaniyalariga transport, energetika, infratuzilma va turizm sohalarini qamrab oluvchi sakkizta yirik investitsiya loyihasidan iborat portfelni taqdim etgan. Uchrashuv yakunida loyihalarning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari va amalga oshirish shartlarini ishlab chiqish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzilgan.
O‘tgan yil sentabr oyida AQShga tashrifi chog‘ida prezident Adebayo Ogunlesi bilan yana uchrashdi. Tomonlar BlackRock bilan strategik hamkorlikni kengaytirish, xususan, energetika, transport va suv infratuzilmasini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqqan.
Tomonlar qo‘shma fond tashkil etish rejalarini qo‘llab-quvvatladi. Yaqin vaqt ichida platforma konsepsiyasini kelishib olish va qo‘shma loyihalarni amaliy amalga oshirishni boshlash rejalashtirilgan edi.
O‘zbekiston va BlackRock o‘rtasidagi hamkorlik joriy yil boshida BlackRock guruhiga kiruvchi Global Infrastructure Partners (GIP) O‘zbekiston hukumati bilan sanoat, energetika va infratuzilma loyihalariga uzoq muddatli kapital jalb qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlaganidan so‘ng faollashdi.
Yanvar oyida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov GIP rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi GIP bilan neft-gaz sohasidagi istiqbolli investitsiya loyihalarini baholash uchun axborot almashish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev Davosdagi tadbirlar doirasida Adebayo Ogunlesi bilan uchrashdi. O‘shanda prezident BlackRock kompaniyasining qator O‘zbekiston korxonalari kapitaliga kirishi, qo‘shma investitsiyalar mexanizmlarini yaratishi hamda mamlakat investitsiya muhitini yaxshilash uchun xalqaro ekspertizani jalb etish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan.
Avvalroq Spot Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti bilan O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasini muhokama qilgani haqida yozgan edi.







