Iqtisodiyot va moliya vazirligi ijtimoiy soliq bo‘yicha yangi imtiyozlar berishni to‘xtatish va amaldagilarini 2030-yilgacha bosqichma-bosqich bekor qilishni taklif etdi.

Hozir ayrim korxonalarda ijtimoiy soliqning 12% lik stavkasi 1% yoki 0% gacha pasaytirilgan. Vazirlikka ko‘ra, bu bir xil maosh oluvchi xodimlar uchun Pensiya jamg‘armasiga turlicha mablag‘ tushishiga va korxonalar o‘rtasida raqobat sharoitlarining buzilishiga olib keladi.

Kelgusida biznesni qo‘llab-quvvatlash soliq imtiyozlari o‘rniga davlat budjetidan manzilli subsidiyalar ajratish orqali amalga oshirilishi taklif etilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy soliq tushumlarini pensiya sug‘urtasiga yo‘naltirish, umumdavlat ijtimoiy kafolatlarini esa respublika budjetidan moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi imtiyozlarni bosqichma-bosqich bekor qilish sabablarini tushuntirdi. Unga ko‘ra, xatlov natijasida eng uzoq muddatli imtiyozlar 2030-yilda tugashi aniqlangan va shuning uchun bu muddat belgilangan. Amal qilish muddati 2027-yilda tugaydigan imtiyozlar esa o‘sha yildan bekor qilinadi.

Spot soliq maslahatchisi Murod Muhammedjanov bilan ijtimoiy soliq imtiyozlarini bosqichma-bosqich bekor qilish taklifi, uning iqtisodiyot va bandlikka ta’siri, shuningdek, norasmiy mehnat bozorida kuzatilayotgan muammolar haqida suhbatlashdi.


Imtiyozlarni bekor qilish — xato

Barcha soliq imtiyozlarini to‘liq bekor qilib bo‘lmaydi. Chunki soliq iqtisodiyotni boshqarishdagi eng asosiy richagdir. Iqtisodiyotda qaysidir soha rivojlana olmayotgan bo‘lsa, soliq orqali o‘sha sohani rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Masalan, muayyan sohaga imtiyozlar berilgani e’lon qilinsa, tadbirkorlar asta-sekin shu sohaga yo‘nalishni boshlaydi va uning rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Imtiyozlar bekor qilinsa, hamma rentabelligi yuqori bo‘lgan sohalarga intiladi.

Bu borada erkin iqtisodiy zonalarni olib qaraylik, ular chekka hududlarda, e’tibordan chetda qolgan yoki sanoat korxonalari faoliyati sust bo‘lgan joylarda tashkil etiladi. Bunday zonalarda korxona ochadigan tadbirkorlarga foyda, yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha imtiyozlar beriladi. Natijada o‘sha hududlar rivojlana boshlaydi. Korxonalar ishchilarni, asosan, mahalliy aholi orasidan yollaydi. Hududga infratuzilma kirib boradi, elektr energiyasi va yo‘llar bilan ta’minlash imkoniyati kengayadi, aholi ish bilan ta’minlanadi.

Shu sababli soliq iqtisodiyotni boshqarish va rivojlantirishning muhim vositasi hisoblanadi. Barcha imtiyozlarni bekor qilish noto‘g‘ri. Bu iqtisodiy nuqtayi nazardan shovinistik qarash hisoblanadi, ya’ni imtiyozlarni hammadan zo‘ravonlik bilan olib qo‘yishga o‘xshaydi. Soliq faqat belgilangan stavka asosida pul undirish vositasi emas, balki iqtisodiyotni boshqarish va rivojlantirish qurolidir.

Biroq imtiyozlarni joyiga qarab bekor qilish mumkin. Masalan, rivojlanishi qiyin bo‘lgan, chekka hududlarni qamrab oluvchi beshinchi zonada barcha soliqlar bo‘yicha imtiyozlar berish mumkin. Soliq to‘lovlarini kamaytirish va ko‘proq foyda olishni istagan tadbirkorlar shu hududlarga borib, korxona tashkil etishi mumkin. Natijada u yerda infratuzilma shakllanadi, elektr energiyasi va yo‘llar bilan ta’minlash imkoniyati yaxshilanadi, mahalliy aholi ish bilan ta’minlanadi va kambag‘allik kamayadi.

Bunday hududlarda ijtimoiy soliq ham muhim omil hisoblanadi. Ayrim korxonalarga 500, 1 000 yoki 2 000 nafargacha ishchi kuchi kerak bo‘lishi mumkin. Bunda ularga yuqori malakali mutaxassislardan ko‘ra, bevosita ishchi kuchi zarur bo‘ladi. Toshkentda bir nafar ishchiga kamida 5−6 mln so‘m oylik maosh to‘lansa, viloyatlarda bu 3 mln so‘mni tashkil etishi mumkin. Bundan tashqari, poytaxtda ishchining maoshidan 12% miqdorida ijtimoiy soliq ham to‘lanadi.

Korxona chekka hududda tashkil etilsa, bir tomondan, mahalliy aholi ish bilan ta’minlanadi, ikkinchi tomondan, tadbirkor nisbatan arzon ishchi kuchidan foydalanish va soliq imtiyozlariga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Shuning uchun soliq imtiyozlarini bekor qilish yoki saqlab qolish masalasi iqtisodiy samaradorligiga qarab hal etilishi kerak.

Imtiyozli stavkalar rasmiy bandlikni rag‘batlantiradi

Imtiyozli soliq stavkalari ish beruvchilarni xodimlarni rasmiy ishga qabul qilishga rag‘batlantiradi. Masalan, ilgari ishsizligi sababli pensiya, nafaqa yoki ijtimoiy yordam olgan fuqaro ishga joylashib, oyiga 3−4 mln so‘m maosh olsa, 1% stavka bo‘yicha ham davlatga soliq to‘lay boshlaydi. Shu tariqa davlat ilgari yordam berib kelgan fuqarodan daromad oladi.

Soliq stavkasini keskin oshirish esa ayrim xodimlarning ishsiz qolishiga yoki norasmiy bandlikka qaytishiga olib kelishi mumkin. Bunday holatda davlat soliq tushumi olish o‘rniga, fuqaroga yana ijtimoiy yordam ko‘rsatishga majbur bo‘ladi. Shu sababli masalaga faqat fiskal nuqtayi nazardan qarash to‘g‘ri emas.

Masalan, savdo sohasida bir do‘konda besh kishi ishlasa-da, hujjatlarda faqat bir nafari ko‘rsatilishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish uchun nazorat kuchaytiriladi va norasmiy xodim yollagan ish beruvchilarga jarima qo‘llanadi. Shu bilan birga, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga 1% lik ijtimoiy soliq stavkasi qo‘llanadi. Bu ish beruvchilarni xodimlarni norasmiy ishlatishdan ko‘ra, rasmiy ishga olishga undaydi.

Shuningdek, 1% soliq to‘layotgan xodimlardan olinadigan tushumni yo‘qotish sifatida baholash ham to‘g‘ri emas. Chunki stavka oshirilgan taqdirda ayrim xodimlar umuman soliq to‘lamasligi yoki norasmiy faoliyatga o‘tishi mumkin. Natijada davlat mavjud tushumdan ham ayriladi.

Bosqichma-bosqich oshirish kerak

Ijtimoiy soliq stavkasini kamaytirish kambag‘allikni qisqartirish va kichik biznesni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin. Buning uchun ishsiz fuqaroni ishga qabul qilgan ish beruvchiga ijtimoiy soliq bo‘yicha bosqichma-bosqich imtiyoz berish mexanizmidan foydalanish kerak.

Unga ko‘ra, xodim ishga qabul qilingan birinchi yilda ijtimoiy soliq stavkasi 0 foiz, ikkinchi yilda 3 foiz, uchinchi yilda 6 foiz va to‘rtinchi yildan boshlab 12 foiz etib belgilanishi mumkin. Bu davrda ish beruvchi xodimni ishga moslashtiradi.

Agar ish beruvchi to‘rtinchi yildan, ya’ni 12% lik stavka qo‘llanila boshlaganidan keyin xodimni ishdan bo‘shatsa yoki xodim o‘z xohishi bilan ishdan ketsa, ish beruvchi avval foydalanilgan imtiyozlar summasini qaytarishi kerak bo‘ladi. Bu mexanizm ish beruvchini xodimni uzoq muddat ish bilan ta’minlashga undaydi. Xodim ishga moslashib, korxonada faoliyatini davom ettirsa, ish beruvchi keyingi yillarda belgilangan stavkada soliq to‘layveradi.

Shu tariqa, ilgari umuman soliq to‘lamagan ish beruvchi ham yangi xodimni ishga qabul qilish orqali keyinchalik soliq to‘lovchiga aylanadi. Bu mexanizmdan foydalanish kerak. Iqtisodiyot faqat ishlab chiqarishdan iborat emas. Ijtimoiy soliq stavkasini vaqtincha nol darajaga tushirish orqali ham ishsizlikni kamaytirish mumkin.

Hozir ko‘plab odamlar ish so‘ramoqda, ish topolmagani uchun esa nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lib qolmoqda.

Imtiyozlarni bekor qilish ayrim sohalarni ortga tortishi mumkin

Barcha imtiyozlarni bekor qilib bo‘lmaydi. Iqtisodiyotda bu kamikadze hisoblanadi, ayniqsa, davlat endigina oyoqqa turayotgan paytda katta xatar tug‘diradi. Chunki muayyan sohalarga beriladigan imtiyozlar ularni rivojlantirishga qaratilgan. Bu tarmoqlar hali mustaqil faoliyat yuritish darajasiga yetmagan bo‘lsa, imtiyozlarni bekor qilish sohani sindirish orqali iqtisodiyotning ayrim yo‘nalishlarini orqaga tortishi mumkin.

Bunga chorvachilik uchun subsidiyalarning bekor qilinishini misol qilish mumkin. Imtiyoz deganda faqat soliqdan ozod qilish emas, balki davlat tomonidan ko‘rsatiladigan boshqa ko‘maklarni ham tushunish kerak. Subsidiyalar amal qilgan davrda har bir kilogramm go‘sht uchun 4 ming so‘mdan ajratilgan, go‘sht narxi esa 80 ming so‘m atrofida bo‘lgan.

Subsidiyalar bekor qilingach, chorva yetishtirish va go‘sht ishlab chiqarish ko‘pchilik uchun iqtisodiy jihatdan manfaatli bo‘lmay qoldi. Ayrim chorvadorlar chorvasini sotish va faoliyatini to‘xtatishga kirishdi.

Statistikaga ko‘ra, 2022-yil davomida qariyb $25 mln lik go‘sht import qilingan. 2023-yil oxirida subsidiyalar bekor qilingach, 2026-yilning birinchi choragining o‘zida import hajmi $250 mln ga yetgan. Hozir go‘sht narxi ham 200 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Bu davlatning muayyan sohani rivojlantirish uchun berayotgan ko‘magini bekor qilish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Yana bir misol — ta’lim sohasi. Davlat maktab va bog‘chalarga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondira olmayotgani sababli xususiy sektor bu yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda. Ta’lim sohasida qo‘shilgan qiymat va foyda soliqlari bo‘yicha nol stavka belgilanishi tadbirkorlarni ushbu sohaga jalb qildi. Natijada xususiy maktab va bog‘chalar ko‘payib, davlat zimmasidagi vazifalarning bir qismini o‘z zimmasiga olmoqda.

Agar bu imtiyozlar bekor qilinsa, tadbirkor maktab ochishdan ko‘ra, masalan, yog‘och olib kelib sotish foydaliroq, degan xulosaga kelishi mumkin. Buning oqibatida ta’lim sohasi rivojlanishi sekinlashadi. Shuning uchun barcha imtiyozlarni bekor qilish iqtisodiyot uchun o‘zini o‘zi yo‘q qilish bilan barobar.

Norasmiy bandlik — davlat uchun katta xavf

Norasmiy bandlik haqida gap ketganda, ikkita masalani farqlash kerak: xodimlarning norasmiy sektorga o‘tib ketish ehtimoli bormi yoki bunday amaliyotning o‘zi iqtisodiyot uchun xavf tug‘diradimi? Har ikkala jihatni alohida ko‘rib chiqish lozim.

Birinchidan, hozir xodimlarni norasmiy ishga o‘tkazish korxonalar uchun katta xavf tug‘dirmayapti. Bunga javobgarlik va nazorat darajasining yuqori emasligi sabab bo‘lmoqda. Masalan, korxona 100 mln so‘m ish haqi to‘laganda, 24−25 mln so‘m soliq to‘lash o‘rniga, xodimlarni norasmiy ishlatish va maoshni “qora” shaklda berishni arzonroq hamda xavfsizroq deb hisoblayapti. Chunki tekshiruvlar yetarli emas, xodimlarning o‘zida ham rasmiy ishlashga kuchli manfaatdorlik kam.

Buning sabablaridan biri pensiya tayinlash tartibidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Ilgari pensiyani hisoblashda 25 yillik ish stajidagi barcha ish haqlari inobatga olingan bo‘lsa, hozir oxirgi 10 yil ichidagi ixtiyoriy ketma-ketlikdagi 5 yil hisobga olinadi. Shu sababli, asosan, 50−60 yosh oralig‘idagi fuqarolar uchun rasmiy ish staji muhim ahamiyat kasb etadi. Undan yoshroq odamlar uchun esa rasmiy yoki norasmiy ishlash o‘rtasidagi farq unchalik sezilmayapti.

Natijada xususiy sektor uchun ish haqini norasmiy shaklda to‘lash arzonroq va xavfsizroq bo‘lib qolmoqda. Bunga aniqlangan taqdirda ham javobgarlikdan qochish imkoniyatlari va korrupsion mexanizmlar mavjudligi haqidagi qarashlar ham ta’sir qilmoqda. Amaliyotda nazoratga olinayotgan holatlar juda kam: mening fikrimcha, 500 ta holatdan faqat bittasi tekshiruvga tushmoqda. Shu bois xususiy sektor norasmiy ish haqi to‘lashda o‘zini xavfsiz his qilmoqda.

Ikkinchidan, bu holat davlat uchun katta va surunkali xavf tug‘diradi. Xususiy sektor norasmiy faoliyatni xavfsiz deb bilsa, rasmiy ishsizlik ko‘rsatkichlari va kambag‘allik darajasi oshib boradi. Aslida, odamlarning qo‘lida millionlab so‘m daromad bo‘lishi mumkin, biroq ular rasman ish haqi olmayotgani sababli ishsiz sifatida qayd etiladi. Natijada statistika real vaziyatni to‘liq aks ettirmaydi.

Bundan tashqari, davlat budjetiga tushumlar kamayadi. Norasmiy bandlik sababli soliq va pensiya jamg‘armalariga mablag‘ kelib tushmaydi. Shu bilan birga, rasmiy daromadi yo‘q deb hisoblangan fuqarolarni pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordam bilan ta’minlash uchun davlat qo‘shimcha xarajat qilishi kerak bo‘ladi. Ya’ni, davlat bir tomondan tushumlarni yo‘qotadi, ikkinchi tomondan esa ijtimoiy xarajatlarni oshirishga majbur bo‘ladi.

Agar ijtimoiy soliq bo‘yicha 26% taqchillik qayd etilayotgan bo‘lsa, avvalo uning sabablari chuqur tahlil qilinishi kerak. U norasmiy bozor sabablimi yoki rasmiy sektordan tushayotgan mablag‘lar yetishmayaptimi? Agar taqchillikning asosiy sabablaridan biri norasmiy faoliyat bo‘lsa, norasmiy bandlikning rasmiylashishiga nima to‘sqinlik qilayotganini o‘rganmasdan turib imtiyozlarni bekor qilish kutilgan natijani bermaydi.

Norasmiy ish haqi to‘lashni arzon va xavfsiz qilayotgan omillar saqlanib qolsa, rasmiy ishlayotgan korxonalar ham norasmiy sektorga o‘tishi mumkin. Nazorat darajasi past sharoitda barcha imtiyozlarni bekor qilish iqtisodiyotga sezilarli samara bermaydi, deb hisoblayman.

Soliq imtiyozi yoki manzilli subsidiya?

Menimcha, hozirgi sharoitda soliq imtiyozlaridan ko‘ra budjetdan tashqari manzilli subsidiyalar ajratish samaraliroq bo‘lishi mumkin. Buning uchun mablag‘ yo‘naltiriladigan manzillar aniq belgilanishi va ularning haqiqatan ham belgilangan joyga yetib borishi ochiq-oshkora bo‘lishi kerak.

Aholining katta qismi Islom diniga e’tiqod qilishini hisobga olsak, odamlar ajratgan mablag‘i ehson sifatida aniq manzilga yetib borayotganini ko‘rsa, ko‘proq ixtiyoriy pul ajratishga moyil bo‘lishi mumkin. Chunki inson o‘zi ajratgan mablag‘ning natijasini ko‘rsa, uni berishga tayyorroq bo‘ladi.

Hozir budjet mablag‘larining sarflanishi bilan bog‘liq muammolarni ko‘rib turibmiz. Masalan, Open Budget doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobiga yo‘lga sifatsiz asfalt yotqizilishi yoki qurilgan ko‘prikning birinchi yomg‘irdan keyin buzilishi kabi holatlar uchramoqda. Budjet mablag‘lari to‘g‘ri yo‘nalishga sarflanishi mumkin, biroq ularni o‘zlashtirish holatlari ham ko‘p. Hatto kambag‘allikni qisqartirish uchun ajratilgan mablag‘lar orasida ham shunday holatlar mavjud.

Shuning uchun odamlar mablag‘ni umumiy budjetga yo‘naltirishdan ko‘ra, aniq manzilga ajratishni ma’qul ko‘rishi mumkin. Ular o‘z pullari qayerga sarflanayotganini va qanday natija berayotganini ko‘rsa, mablag‘ ajratish osonroq va tezroq kechadi.

Aslida, davlat tizimi to‘g‘ri ishlaydigan bo‘lsa, mablag‘larni budjet orqali yo‘naltirish maqsadga muvofiqroq. Biroq xususiy sektorda norasmiy faoliyat ustidan nazorat sust bo‘lgani kabi, davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar ustidan nazorat ham yetarli emas. Shu sababli ularni o‘zlashtirish ehtimoli yuqori bo‘lib qolmoqda.

Ayni paytda soliq va pensiya badallarini to‘layotgan fuqarolarda mablag‘lar belgilangan manzilga yetib borishida ishonchsizlik bo‘lgani uchun ham manzilli subsidiyalar samaraliroq natija berishi mumkin.

Biznes moslashishi uchun sharoit kerak

2030-yilgacha biznesning yangi sharoitlarga moslashishi uchun “hech kim indamaydigan darajada"gi biznes mezonlari belgilanishi kerak. Yangi tashkil etilgan korxonalarga ma’lum bir aylanma, faoliyat ko‘lami yoki muddat doirasida imtiyozli sharoitlarda ishlash imkoniyati berilishi lozim. Tadbirkor shu davr ichida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ushbu sohada ishlash va daromad olish imkoniyatini baholay olishi kerak. Biznes asta-sekin rasmiy faoliyatga o‘tgani sari daromadning bir qismini soliq sifatida to‘lashga ham moslashadi.

Bunday amaliyot dunyoning eng rivojlangan va elektron boshqaruv tizimi shakllangan mamlakatlarida ham mavjud. Ayrim biznes toifalariga davlat ma’lum muddat yoki belgilangan faoliyat darajasigacha chiqquniga qadar nisbatan erkin ishlash imkonini beradi. Ularga qonuniy faoliyat yuritish va soliqlarni to‘lash tartibi tushuntiriladi, biroq biznes mustaqil oyoqqa turib olguniga qadar qattiq nazorat qo‘llanmaydi. Undan keyin esa unga nisbatan talablar va javobgarlik kuchaytiriladi. Ya’ni, biznesning rivojlanishi uchun dastlabki bosqichda ma’lum darajada erkinlik berish kerak.

Ikkinchidan, mikrofirma maqomidan kichik biznesga, kichik biznesdan o‘rta biznesga, o‘rta biznesdan esa yirik biznesga o‘tish uchun ham aniq mezonlar va qulay sharoitlar yaratilishi zarur. Har bir bosqichda korxonaning qaysi muddatgacha, qanday soliq stavkalari va nazorat tartibida faoliyat yuritishi belgilanishi kerak.

Masalan, yangi tashkil etilgan kichik biznes dastlabki uch yil davomida imtiyozli shartlarda ishlashi, hatto bir foiz soliq to‘lashi mumkin. To‘rtinchi yildan boshlab esa soliq stavkasi, masalan, 4 foizga oshiriladi. Agar tadbirkor shu muddat ichida korxonani yopishga qaror qilsa, avval foydalanilgan imtiyozlar summasini qaytarishi shart bo‘ladi. Bu mexanizm biznesni davom ettirish uchun rag‘bat yaratadi. Dastlabki uch yil davomida tadbirkor faoliyatga moslashadi, keyinchalik esa korxonani rivojlantirish va uning ko‘lamini kengaytirishdan manfaatdor bo‘ladi.

Demak, biznesni har bir bosqichda keyingi pog‘onaga o‘tishga rag‘batlantiradigan mexanizm zarur. Gap faqat “soliq to‘lashing, qonunchilik talablariga rioya qilishing shart, aks holda jazolanishing mumkin” degan yondashuv haqida emas. Tadbirkorga ma’lum muddat va chegaragacha qanday sharoitlarda erkin faoliyat yuritishi mumkinligini oldindan aniq ko‘rsatuvchi ochiq muhit kerak.

Bunday mezonlar va sharoitlarni bir kishining fikri asosida emas, iqtisodiyotning barcha sohalari vakillari bilan maslahatlashgan holda ishlab chiqish kerak.