Davlat aktivlari agentligi Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK) huzuridagi Turkiya-O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Hujjat Turkiya kompaniyalarini O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilish va investorlar bilan aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.

Kelishuv doirasida xususiylashtirishga chiqariladigan davlat aktivlari haqida Turkiya kompaniyalarini xabardor qilish, investitsiyaviy takliflar almashish va ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Turkiya tomoni 2026-yil dekabr oyida O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga bag‘ishlangan maxsus panel sessiyasini o‘tkazishni taklif qildi. Unda istiqbolli davlat aktivlari taqdim etilib, investorlar uchun ishtirok etish shartlari muhokama qilinadi.

Uchrashuvda Davlat aktivlari agentligi direktori Sohibjon Murodov 2026−2027 yillarga mo‘ljallangan xususiylashtirish rejalari haqida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, ushbu davrda 84 ta korxonadagi davlat ulushlari, 1 242 ta ko‘chmas mulk obyekti va qariyb 8 ming gektar yer maydoni savdoga chiqariladi. Aktivlarning umumiy qiymati qariyb 100 trln so‘mga baholanmoqda.

Investorlar uchun bir qator imtiyozlar ham nazarda tutilgan. Jumladan, xarid qiymati olti oy ichida to‘liq to‘lansa, 25% chegirma beriladi.

Shuningdek, to‘lovlarni 7 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash va obyekt qiymatining kamida 50% i to‘langanidan keyin rekonstruksiya ishlarini boshlash imkoniyati mavjud.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda turkiyalik investorlar umumiy qiymati qariyb $366 mln bo‘lgan 30 dan ortiq davlat aktivini xarid qilgan.

Tomonlar yangi memorandum va dekabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuv turkiyalik kompaniyalarning O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirokini kengaytirishiga umid bildirdi.


Avvalroq Spot Toshkent aeroportining yonilg‘i quyish majmuasini sotib olishga 5 ta investor qiziqish bildirgani haqida yozgandi.