Toshkentda 500 kV li Halqa podstansiyasiga kuchlanish berildi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.

Yangi podstansiya elektr ta’minoti barqarorligini oshirish va Toshkent IESida mazut yoqilg‘isidan foydalanishga ehtiyojni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Qiymati $171,4 mln bo‘lgan podstansiya loyihasi Jahon banki ishtirokida amalga oshirilgan bo‘lib, unga 7-noyabr kuni kuchlanish berildi.

1602 MVA quvvatga ega yangi podstansiya Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir qismida elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish, mavjud tarmoqlardagi yuklamani qayta taqsimlash imkonini beradi.

Xususan, yangi obyekt ishga tushirilishi natijasida Toshkent issiqlik elektr stansiyasiga tushadigan yuklama kamayadi va unda mazut yoqilg‘isidan foydalanishga ehtiyoj qolmaydi.

Qayd etilishicha, bu atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini kamaytirishga ham xizmat qiladi.

Loyiha doirasida Halqa podstansiyasidan tashqari 220 kV li 213 km va 500 kV li 72 km, jami 285 km yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari qurildi.

Ayni paytda yangi infratuzilma obyektlarini mamlakat yagona energetika tizimiga to‘liq integratsiya qilish bo‘yicha yakuniy ishlar davom etmoqda.


Avvalroq Energetika vazirligi elektr energiyasi ishlab chiqarish statistikasidagi tafovutlarni tushuntirgandi.