Instagram yangi uzun formatdagi video funksiyasi — Features orqali platformaga kontent joylashni rag‘batlantirish uchun ayrim mashhur ijodkorlarga $50 mingdan $500 minggacha to‘lov taklif qilmoqda. Bu haqda Social Media Today nashri Business Insider ma’lumotlariga tayanib yozdi.
Ijtimoiy tarmoq ushbu tashabbus orqali YouTube platformasida faoliyat yuritadigan mashhur videoblogerlarni ham o‘ziga jalb qilishni maqsad qilgan. Taklif etilgan to‘lovlar bir martalik bo‘lib, barcha ijodkorlarga emas, tanlab olingan mualliflarga mo‘ljallangan.
Yangi Features funksiyasi 2026-yil oktabr oyi oxirida dastlabki sinovdan o‘tkazila boshlandi. U ijodkorlarga Instagram orqali 90 daqiqagacha bo‘lgan uzun videolarni joylashtirish imkonini beradi.
Bu avval platformada ustun bo‘lgan qisqa Reels videolaridan farqli ravishda, intervyular, ko‘rsatuvlar, hujjatli filmlar va boshqa uzun formatdagi materiallarni e’lon qilish uchun mo‘ljallangan.
YouTube hamkorlik dasturi orqali mualliflar videolariga joylashtirilgan reklamadan daromad ulushini oladi. Instagram’da esa ko‘rishlar soniga qarab barcha ijodkorlarga muntazam haq to‘laydigan shunga o‘xshash umumiy tizim mavjud emas.
Instagram rahbari Adam Mosseri ham bu masalaga e’tibor qaratgan. U Threads’dagi postida uzun formatdagi kontent yaratuvchilar uchun daromad olish muhimligini tan olib, ularni rag‘batlantirishning turli yo‘llari ko‘rib chiqilayotganini bildirgan.
Meta vakili esa Business Insider nashriga kompaniya ayrim ijodkorlar bilan bevosita moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik qilayotganini ma’lum qilgan. Biroq kompaniya taklif etilgan to‘lovlarning aniq miqdorini tasdiqlamagan ham, rad etmagan ham.
Social Media Today keltirgan VidIQ tahliliga ko‘ra, YouTube’da uzun videolarning har 1 mingta ko‘rishi uchun ijodkorlar odatda $1−10 atrofida reklama daromadi olishi mumkin.
Instagram’da esa brendlar bilan alohida reklama shartnomasi bo‘lmasa, faqat ko‘rishlar sonining o‘zi orqali olinadigan daromad deyarli nolga teng.
VidIQ ma’lumotlariga ko‘ra, har ikki platformada 1 mln dan ortiq obunachiga ega ijodkorlar YouTube’dan oyiga o‘rtacha $50 ming, Instagram’dan esa $5−15 ming daromad oladi. Bu raqamlar platformalarning barcha foydalanuvchilari uchun kafolatlangan daromad emas, balki tahlilda keltirilgan o‘rtacha ko‘rsatkichlardir.
Meta avval ham uzun videolarni ommalashtirishga uringan. 2021-yilda kompaniya 2022-yil davomida ijodkorlarga jami $1 mlrd to‘lash rejasini e’lon qilgan. Mablag‘ning bir qismi IGTV videolarida reklama joylashtirgan mualliflarga berilishi kerak edi. Biroq loyiha kutilgan qiziqishni uyg‘otmadi va 2022-yilda alohida IGTV ilovasi yopildi.
Yangi Features formatida ham ijodkorlar uchun doimiy daromad mexanizmi hozircha aniq emas. Ko‘pchilik reklama daromadidan ulush olish tizimi joriy etilishini kutmoqda. Mutaxassislar esa yangi format auditoriyani kengaytirish va brendlar bilan hamkorlik imkoniyatlarini oshirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Hozircha Instagram barcha ijodkorlar uchun umumiy monetizatsiya tizimini e’lon qilmagan. Kompaniyaning asosiy maqsadi mashhur mualliflarni platformaga jalb qilish va uzun videolar formatiga qiziqishni oshirishdan iborat.
Avvalroq Spot Instagram va Facebook dizayni qaramlikni keltirib chiqarishi haqida yozgandi.