Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda reklama qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring natijalarini ma’lum qildi.
Qo‘mita tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan 110 nafar bloger ro‘yxati shakllantirilib, ularning sahifalarida joylashtirilayotgan reklama materiallari har kuni monitoring qilinmoqda.
Tekshiruvlar davomida 12 nafar bloger “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablariga zid reklama materiallarini joylashtirgani aniqlandi. Ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, taniqli qo‘shiqchilar, aktyor va aktrisalar hamda sportchilar ro‘yxati ham shakllantirildi. Ularning ijtimoiy tarmoqlardagi reklama faoliyati muntazam kuzatib borilmoqda.
Qo‘mita reklama beruvchilar, tayyorlovchilar va tarqatuvchilar, jumladan, blogerlar hamda mashhur shaxslarni qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Xususan, reklamalarda iste’molchilarni chalg‘ituvchi, tovar va xizmatlar haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otuvchi ma’lumotlarni tarqatmaslik zarurligi ta’kidlandi.
Qo‘mita qonunchilik talablarini bilmaslik javobgarlikdan ozod etmasligini eslatib, ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar ustidan nazorat yanada kuchaytirilishini bildirdi.
Blogerlar faoliyatiga davlat organlarining e’tibori faqat reklama qonunchiligi bilan cheklanmaydi. Soliq qo‘mitasi ham ularning huquqiy maqomi va daromadlarini o‘rganmoqda.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, sohada faol bo‘lgan 110 nafar blogerning 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor, 22 nafari esa jismoniy shaxs sifatida faoliyat yuritadi. Bu blogerlarning faoliyat ko‘lami va huquqiy maqomi o‘rtasida nomutanosiblik borligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, 3 mln dan ortiq obunachiga ega olti nafar top-bloger 2025-yilda jami 2,7 mlrd so‘m daromad olgan va 110,4 mln so‘m soliq to‘lagan.
Soliq qo‘mitasi ayrim o‘zini o‘zi band qilgan blogerlar administrator va yordamchilarni jalb qilayotganini ham qayd etgan. Biroq ushbu maqom xodim yollash huquqini bermaydi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi aksiya va chegirmalar tekshiruvida 250 mln so‘m qayta hisob-kitob qilingani haqida xabar bergandi.