Raqobat qo‘mitasi 58 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasidagi 116 ta aksiya va chegirmani o‘rgandi. Bu haqda matbuot xizmati xabar berdi.

Natijada 65 ta muammo va kamchilik aniqlanib, iste’molchilar foydasiga qariyb 250 mln so‘m qayta hisob-kitob qilindi.

O‘rganishlarda ayrim chegirmalar amalda boshqacha qo‘llanilgani, aksiya shartlari to‘liq tushuntirilmagani va g‘oliblarga va’da qilingan sovrinlar berilmagani ma’lum bo‘ldi.

Xususan, Andijon viloyatida Water Life Mineral’ning “Orzu ushalsin” aksiyasida uch nafar ishtirokchiga jami 60 mln so‘m mukofot berilmagan. Mazkur holat yuzasidan tadbirkorga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli qaror va ko‘rsatma berildi.

Namangan viloyatida esa Namangan avtotexxizmat aksiyasida Chevrolet Cobalt avtomobilini yutgan fuqaroning sovrini telefon raqami noto‘g‘ri terilgani sababli bekor qilinib, boshqa shaxsga berilgan. Raqobat qo‘mitasi aralashuvidan so‘ng avtomobil haqiqiy g‘olibga qaytarildi.

Shuningdek, Namangandagi Baldini do‘konida e’lon qilingan 50% lik chegirmadagi mahsulotlar uchun narxnomalar bo‘lmagan. Buxorodagi IDEA do‘konida esa 20, 50 va 60% lik chegirmalar mahsulotning umumiy narxiga emas, muddatli to‘lovning oylik to‘lovlariga qo‘llanilgan.

Samarqanddagi Samarqand Avtotexxizmat avtomobil xaridorlariga maishiy texnika sovg‘a qilish aksiyasini o‘tkazgan. Biroq sovg‘alar faqat Chevrolet avtomobili uchun 100% oldindan to‘lov qilgan xaridorlarga berilgan. O‘rganish natijasida reklama va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoidalari buzilgani aniqlanib, korxonaga majburiy ko‘rsatma berilgan.

Qashqadaryodagi IDEA brendi aksiyalarida esa mahsulotlar soni, ularning oldingi 30 kun ichidagi eng past narxlari va “1+1” aksiyasida qo‘shimcha qanday mahsulot berilishi haqida aniq ma’lumotlar ko‘rsatilmagan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan 65 ta kamchilikning 59 tasi huquqiy tushuntirishlar va ogohlantirish xatlari orqali bartaraf etilgan. To‘rtta tadbirkorlik subyektiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli qaror va ko‘rsatmalar berilgan.

Raqobat qo‘mitasi aniqlangan muammolarni hisobga olib, aksiya va chegirmalarni nazorat qilishning yangi raqamli mexanizmlari bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda.

Jumladan, mahsulot yonidagi QR-kod orqali uning avvalgi narxlari va chegirmaning haqiqiy miqdorini tekshirish, aksiyalarni boshlanishidan oldin maxsus elektron tizimda qayd etish hamda mahsulotlar narxlari tarixini raqamlashtirish taklif qilinmoqda.

Qo‘mita ta’kidlashicha, bu mexanizmlar chegirmalarning haqiqiyligini tekshirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.


Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi dorilarni ulgurji sotishda majburiy qo‘shimcha xaridlar holatini o‘rganayotgani haqida yozgandi.