O‘zbekiston fuqarolarining Misrga kirishiga oid yangi qoidalarni joriy etish muddati 2027-yil 1-martga qadar kechiktirildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik va O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi Misr tomoni bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib bordi. Natijada O‘zbekiston fuqarolarining mamlakatga kirish tartibini qat’iylashtirish bo‘yicha avval qabul qilingan qarorni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shu tariqa, yangi qoidalar kuchga kirgunga qadar O‘zbekiston fuqarolari Misrga amaldagi tartib asosida sayohat qilishlari mumkin.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xorijiy hamkorlar bilan fuqarolarning chet elga safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, vizasiz rejimlarni joriy etish va boshqa davlatlar bilan mavjud safar tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirmoqda.

Vazirlik fuqarolarni xorijiy davlatlarga safar qilish chog‘ida mahalliy qonunchilik va belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya etishga, viza hamda migratsiya talablarini bajarishga, shuningdek, borilayotgan mamlakatning milliy qadriyatlari, an’analari va jamoat tartibini hurmat qilishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, har bir fuqaroning xorijda mas’uliyatli xulq-atvor namoyon etishi O‘zbekistonning ijobiy imijini mustahkamlash va mamlakatning xalqaro hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Avvalroq yangi qoidalar 1-noyabrdan kuchga kirishi ma’lum qilingan edi. O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi xabariga ko‘ra, talablar joriy etilgach, fuqarolar Misrga borishdan oldin kirish vizasini mamlakatning diplomatik vakolatxonalari orqali rasmiylashtirishi kerak edi. Turistik safarlar esa vakolatli tur operatorlari orqali tashkil etilishi belgilangan.

Yangi tartibda yosh va moliyaviy talablar ham ko‘zda tutilgan. Xususan, 40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila a’zolari — ota-ona, er-xotin yoki farzandlari hamrohligida borishi mumkin edi. Bunda oila safar davomida kamida $5 ming naqd pulga ega bo‘lishi talab etilgan.

40 yoshdan oshgan mustaqil sayohatchilar esa kamida $3 ming naqd mablag‘ga ega bo‘lishi lozim edi.

Shuningdek, Misrga kirishda mehmonxona bron qilinganini tasdiqlovchi hujjat, mobil aloqa ma’lumotlari va yetarli moliyaviy ta’minot tasdig‘ini taqdim etish talab qilingan.

Mamlakatda bo‘lish davomida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish bo‘yicha murojaatlar qabul qilinmasligi ham belgilangan edi.