O‘zbekistonda shakar importiga kvota joriy etish va mahalliy zavodlarga soliq imtiyozlari berish rejalashtirilmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-iyuldagi 417-son qarorida nazarda tutilgan. Hujjat qonunchilikning milliy bazasi Lex.uz'da mavjud emas, biroq Spot ixtiyorida bor. Tahririyatga ma’lumot bergan ishonchli manba qarorning haqiqiyligini tasdiqlagan.
Hujjatga ko‘ra, oq shakar importining yillik kvotasi 300 ming tonnani tashkil etadi. Shundan 100 ming tonnadan ichimliklar, qandolat mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun ajratiladi.
Kvota hajmi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili noyabr oyida keyingi yil uchun tasdiqlanadi. Hukumat bu qarorni Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Milliy statistika qo‘mitasining asoslantirilgan takliflari asosida qabul qiladi.
Bunda ichki iste’mol hajmi, ishlab chiqarish quvvatlarining bandlik darajasi, import va ichki narxlarni hisobga olgan holda kvota miqdorini har olti oyda qayta ko‘rib chiqishga ruxsat beriladi.
Kvotalarni elektron onlayn auksionlar orqali taqsimlash rejalashtirilmoqda. Tizim 2026-yil 1-dekabrgacha ishga tushirilishi va Bojxona qo‘mitasining “Yagona darcha” axborot tizimiga integratsiya qilinishi kerak. Auksion natijalari ochiq e’lon qilinadi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash
Qarorda mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarning O‘zsanoatqurilishbank oldidagi mavjud kredit qarzlarini to‘lash muddatini besh yilgacha uzaytirish, imtiyozli davrni esa ikki yilgacha belgilash nazarda tutilgan. Kreditlarni qaytarish jadvallari shartlari va foiz stavkalari ham bankning amaldagi tarif stavkalari asosida qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilar 2026-yil oxirigacha mavjud debitorlik qarzlarini to‘liq qaytarishi lozim. Hujjatda korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun $50 mln miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ham nazarda tutilgan.
2026-yil 1-avgustdan 2031-yil 1-avgustgacha Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi xomashyo importi bilan bog‘liq xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 50% ini, biroq 5 foiz banddan ko‘p bo‘lmagan miqdorini qoplab beradi. Ushbu chora kreditning barqarorlik reytingi va tasnifidan, jumladan, muddati o‘tgan qarzdorlik mavjudligidan qat’i nazar, mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarning kreditlariga tatbiq etiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bir oy muddatda Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish loyihasini tayyorlash topshirilgan. Mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarni foyda solig‘idan ozod qilish va mol-mulk solig‘i stavkasini 2031-yil 1-yanvargacha 50% miqdorida belgilash taklif etilmoqda. Soliq imtiyozlari hisobiga tejalgan mablag‘lar korxonalar tomonidan faqat kreditlarni to‘lashga yo‘naltirilishi kerak.
Mahalliy zavodlar mahsuloti va qarzdorlik nazorati
2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat tashkilotlari va korxonalarining davlat xaridlari doirasidagi oq shakarga bo‘lgan ehtiyojini, birinchi navbatda, mahalliy ishlab chiqaruvchilar hisobidan ta’minlash belgilangan. Bunda mahalliy shakar zavodlari ishlab chiqargan mahsulotning butun hajmi tovar-xomashyo birjasi orqali sotiladi. Tayyor mahsulotni eksport qilishga esa cheklovlarsiz ruxsat beriladi.
Mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar uchun mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulot sertifikatini bepul rasmiylashtirish va ularni Mahalliy mahsulotlar va ishlab chiqaruvchilar reyestriga kiritish ham nazarda tutilgan.
Hujjatda korxonalarning moliyaviy nazoratiga qo‘shimcha talablar belgilangan. Ishlab chiqaruvchilarga bank vakillari orasidan moliyaviy direktorlar tayinlash tavsiya etiladi. Bunday vakil umumiy yig‘ilishlarda qatnashishi va qarz oluvchining moliyaviy ahvolini yomonlashtirishi mumkin bo‘lgan qarorlarni bloklashi mumkin. Korxonalarning barcha bo‘sh likvid mablag‘lari bank oldidagi qarzlarni muddatidan oldin to‘lashga yo‘naltirilishi kerak.
Kreditlar to‘liq qaytarilmaguncha korxonalar foydasini dividendlar shaklida taqsimlash mumkin emas.
Bundan tashqari, korxona biznes-rejada ko‘zda tutilmagan loyihalarni boshlasa, qarz majburiyatlarini oshirsa, kredit to‘lovlarini kechiktirsa yoki mahsulot sotishdan tushgan tushumning O‘zsanoatqurilishbank'dagi hisob raqamiga markazlashtirilgan tartibda kelib tushishini ta’minlamasa, garovga qo‘yilgan mol-mulk xatlovdan o‘tkazilib, bank balansiga o‘tkazilishi mumkin.
Shuningdek, korxonalar kreditlarni qaytarish uchun mablag‘ jamg‘arilishini ta’minlashi lozim.
Import va ishlab chiqarish monitoringi
Bojxona qo‘mitasi har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasigacha, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari importi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilishi kerak. Ma’lumotlarda yetkazib beruvchi mamlakatlar va importchilar kesimida import hajmi, uning qiymati hamda bir tonnaning o‘rtacha bojxona qiymati aks ettirilishi lozim.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o‘rta va uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish, moliyaviy holatni auditdan o‘tkazish hamda korxonalar faoliyatini sog‘lomlashtirish choralarini tayyorlash uchun xorijiy maslahatchilarni jalb qilish ham tavsiya etilgan.
Shuningdek, ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, GMS ishlab chiqarishni boshqarish tizimini joriy etish, mahsulot hisobi va ombor zaxiralarini boshqarishda xalqaro standartlarni qo‘llash hamda ishlab chiqarishdagi yo‘qotishlarni bartaraf etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti tomonidan qo‘riqlash va nazoratni tashkil etish, shuningdek, videokuzatuv kameralari yordamida ishlab chiqarish jarayonlarini tun-u kun onlayn monitoring qilish taklif etilmoqda.
Qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev zimmasiga yuklatilgan.
Avvalroq Spot O‘zbekiston yil boshidan buyon elektr energiyasi eksportini oshirib, importini qisqartirgani haqida yozgandi.