2027-yilda O‘zbekistonda qurilayotgan ilk integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasida qurilish ishlari kengaytiriladi. Ishchilar sonini hozirgi 1 ming kishidan eng yuqori bosqichda 12−13 ming nafargacha oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda 23-oktabr kuni Rosatom davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yilda yirik atom elektr stansiyasi bo‘yicha qidiruv ishlari va loyihalashtirishni yakunlash rejalashtirilgan. Joriy yilda esa maydonda ikkita kichik energiya blokining reaktor bo‘limlari poydevor plitalarini betonlash ishlari tugatilishi, shuningdek, boshqaruv binosi, reaktor va turbina zallari qurilishi boshlanishi kerak.
Lixachyov loyihada mahalliy pudratchilar, jumladan, belgilangan subpudratchi faol ishtirok etayotganini ta’kidladi. Rosatom’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, loyihadagi mahalliylashtirish darajasi 40% ga yetishi mumkin. Bu loyihaning iqtisodiy samaradorligini oshirish va kelgusida korporatsiyaning boshqa mamlakatlardagi obyektlari qurilishida ham qatnasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash imkonini beradi.
“Mahalliy pudratchilar qancha ko‘p ish bajarsa, loyihaning iqtisodiy modeli shuncha samarali bo‘ladi. Bu, shuningdek, loyiha uchun barqaror kadrlar zaxirasini ta’minlash nuqtayi nazaridan ham bizga foydali”, — dedi Rosatom rahbari.
Ayni paytda mutaxassislar tayyorlash ishlari ham olib borilmoqda. MMFI milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filialida qariyb 350 kishi, Rossiya oliy ta’lim muassasalarida, jumladan, Rosatom’ning ixtisoslashgan universitetlarida yana taxminan 900 kishi tahsil olmoqda.
Avvalroq Spot Rosatom O‘zbekistonda yangi atom elektr stansiyalarini qurishga tayyorligi haqida yozgan edi.