Namanganda yirik miqdordagi dori vositalari saqlanayotgan yashirin ombor aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Bojxona hamda Ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Maqsad — aholi salomatligini muhofaza qilish va sifati kafolatlanmagan dorilar savdosiga chek qo‘yish.

Tadbir davomida Uychi tumanida farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxona rahbari hamda ishchisi bo‘lgan aka-ukalar tashkil etgan yashirin ombor fosh etildi.

Ombor noturar bino yerto‘lasida joylashgan bo‘lib, unda xorijda ishlab chiqarilgan 412 turdagi jami 67 923 birlik dori vositasi kelgusida sotish uchun saqlangani aniqlandi.

Ushbu dori vositalarining umumiy qiymati taxminan 5,6 mlrd so‘mni tashkil etadi. Mahsulotlar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda dori vositalariga nisbatan sudga oid kimyoviy, tovarshunoslik ekspertizasi tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi dorilarni ulgurji sotishda majburiy qo‘shimcha xaridlar holatini o‘rganayotgani haqida yozgan edi.