O‘zbekistondagi birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi (AES) qurilishini moliyalashtirishda nafaqat buyurtmachi va texnologiyalar yetkazib beruvchi, balki xalqaro moliya instituti ham ishtirok etmoqda. Bu haqda 23-oktabr kuni Rossiyaning Rosatom davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Shu kuni u Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Tomonlar Jizzax viloyatida integratsiyalashgan AES qurilishi, unga tegishli infratuzilmani rivojlantirish va kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildi.

Rosatom ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil oxirigacha maydonda birinchi energoblok reaktor bo‘limining poydevor plitasini qurib bitkazish rejalashtirilgan. Buning uchun qariyb 10 ming kub metr beton kerak bo‘ladi.

Lixachyovning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv AESning barcha to‘rtta energoblokida qurilish ishlari boshlangan bir paytda o‘tkazilgan. U loyihani texnik jihatdan o‘ziga xos deb atadi: O‘zbekistonda bir vaqtning o‘zida ikkita katta quvvatli VVER-1000 energobloki va ikkita kichik quvvatli RITM-200N reaktori qurilmoqda.

“Sayyoramizning boshqa hech bir joyida bir vaqtning o‘zida ikkita gigavattli energoblok va ikkita kichik quvvatli reaktor qurilmayapti. Buning katta iqtisodiy ahamiyati bor. Bundan tashqari, ushbu stansiyaning salohiyati va quvvatni o‘zgartirish imkoniyatlari odatiy yechimlarga qaraganda ancha yuqori”, — dedi Rosatom rahbari.

U loyiha doirasidagi ijtimoiy jihatlarga ham e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, atom shaharchasi qurilishi AES qurilishi jadvalidan oldinda bormoqda.

Kelajakda bu yerda dastlab quruvchilar, keyinchalik esa atom elektr stansiyasidan foydalanish bilan shug‘ullanadigan xodimlar yashaydi.

“Bu nafaqat xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni qulay va zamonaviy uy-joy hamda tegishli infratuzilma bilan ta’minlaydigan shaharcha, balki rivojlanish markazi hamdir. Bu yerda tibbiy xizmat va ta’lim sifati juda yuqori bo‘lishi rejalashtirilgan”, — dedi Lixachyov.

Atom shaharchasi yaqinida texnopark joylashgan bo‘lib, boshqa ishlab chiqarish yo‘nalishlarini ham rivojlantirish rejalashtirilgan. Lixachyovning so‘zlariga ko‘ra, Rosatom O‘zbekistonga nafaqat yadro texnologiyalarini, balki ular bilan bog‘liq boshqa texnologiyalarni ham olib kirishni maqsad qilgan.

2025-yil sentabrida O‘zatom agentligi direktori Azim Ahmedxadjayev xalqaro moliya tashkilotlari AES loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan.

Ular orasida O‘zbekiston may oyida a’zo bo‘lgan BRIKS Yangi taraqqiyot banki va Yaqin Sharqdagi moliya institutlari bor. Shuningdek, loyihada Rossiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlardan foydalanish imkoniyati ham ko‘rib chiqilgan.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda AES birinchi energobloki poydevor plitasini quyish yil oxirigacha yakunlanishi haqida yozgandi.