2026-yil oxirigacha Jizzax viloyatida qurilayotgan birinchi atom elektr stansiyasi maydonida birinchi energoblok reaktor bo‘limining poydevor plitasini qurib bitkazish rejalashtirilgan.
Buning uchun qariyb 10 ming kub metr beton yotqizish talab etiladi. Bu haqda 23-oktabr kuni Rosatom davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovning Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha korporatsiya matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident matbuot xizmati tomonlar Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishi, stansiya loyihasini ishlab chiqish, unga yondosh infratuzilmani rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash jarayonini muhokama qilganini ma’lum qildi.
Xususan, mutaxassislar Milliy yadro tadqiqotlari universiteti — MIFI Toshkent filialida hamda Rosatom obyektlarida tayyorlanmoqda.




Kelajakdagi stansiya yaqinida atomchilar shaharchasini qurishga ham alohida e’tibor qaratildi. Loyiha uy-joylar va ijtimoiy infratuzilmani, jumladan, ta’lim, tibbiyot va sport muassasalarini barpo etishni nazarda tutadi.
Rosatom ma’lumotlariga ko‘ra, shaharcha 30 mingdan ortiq mutaxassis va ularning oila a’zolariga mo‘ljallangan. Shuningdek, tomonlar yadro tibbiyoti va additiv texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildi.
“Aleksey Lixachyov O‘zbekiston prezidentiga atom sanoatini rivojlantirish masalalariga shaxsan e’tibor qaratayotgani va qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Rosatom davlat korporatsiyasining hamkorlikni yanada kengaytirish hamda mamlakatda strategik ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlarni bajarishga tayyorligini tasdiqladi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Spot O‘zbekiston yil boshidan buyon elektr energiyasi eksportini oshirib, importini qisqartirgani haqida yozgandi.



