2026-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston elektr energiyasi eksportini oshirdi va importini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qisqartirdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
To‘qqiz oyda elektr energiyasi eksporti 3,4 mlrd kVt/soatni tashkil etib, 591,6 mln kVt/soatga yoki 21,4% ga oshdi. Import esa 720,4 mln kVt/soatga yoki 27,2% ga kamayib, 1,9 mlrd kVt/soatni tashkil etdi. Natijada sof eksport 1,5 mlrd kVt/soatga yetdi.
Vazirlikning qayd etishicha, bunday dinamika mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Bu esa ichki ehtiyojni mahalliy manbalar hisobidan ta’minlash imkonini oshirib, O‘zbekistonning elektr energiyasi eksporti salohiyati mustahkamlanayotganini bildiradi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida elektr energiyasi yetkazib berish 25,2% ga — $139,2 mln ga oshgan. O‘z navbatida, elektr energiyasi importi 24,1% ga kamayib, $57,5 mln ni tashkil etdi. Eksport va import o‘rtasidagi ijobiy farq — $81,7 mln.
Avvalroq Spot Toshkentning ayrim tumanlarida elektr ta’minotida favqulodda uzilish yuz bergani haqida yozgan edi.