O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi yanvar-avgust oylarida $57,4 mlrd ni tashkil etdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 7,6% ga ko‘p, deya xabar beriladi Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida.
Eksport 3,4% ga kamayib, $22,86 mlrd ni tashkil etdi. Import esa yil davomida 16,3% ga oshib, $34,53 mlrd ga yetdi. Natijada tashqi savdodagi manfiy saldo 1,93 barobar ko‘payib, $6,04 mlrd dan $11,66 mlrd ga chiqdi.
Yil boshidan buyon monetar bo‘lmagan oltin eksporti 2,96 barobar qisqarib, $2,8 mlrd ni tashkil etdi. 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich $8,32 mlrd bo‘lgan.
Xitoy $13,17 mlrd lik savdo aylanmasi bilan O‘zbekistonning asosiy savdo hamkori bo‘lib qolmoqda. Bu umumiy tashqi savdo aylanmasining 23 foizini tashkil etadi. Keyingi o‘rinda $9,19 mlrd (16%) bilan Rossiya turadi. Ushbu mamlakatlar bilan o‘zaro savdo mos ravishda 30,1% va 9,7% ga o‘sdi.
Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston — $3,73 mlrd (+23,4%), Turkiya — $1,93 mlrd (+1,2%) va Afg‘oniston — $1,42 mlrd (+40,9%) joylashgan.
Tashqi savdo bo‘yicha kuchli o‘ntalikka Janubiy Koreya — $1,25 mlrd (+9,6%), Fransiya — $1,19 mlrd (+23,5%), BAA — $1,18 mlrd (+42,6%) va savdo aylanmasi 10,4 barobar oshib, $980,1 mln ni tashkil etgan Gonkong ham kirdi. Ro‘yxatni $908,4 mln (+51,1%) ko‘rsatkich bilan Qirg‘iziston yakunlaydi.
Eksport
Sanoat tovarlari O‘zbekiston tovar eksportining eng yirik qismini tashkil etdi. Sakkiz oyda ularni sotishdan $3,35 mlrd tushum olindi (+25,6%).
Shundan $1,31 mlrd to‘qimachilik iplari va matolari (+24,7%), $1,25 mlrd rangli metallar (+16,5%) hissasiga to‘g‘ri keldi. Noruda foydali qazilmalardan tayyorlangan mahsulotlar eksporti esa $243,9 mln (+27,2%) daromad keltirdi.
Cho‘yan va po‘lat eksporti 1,8 barobar oshib, $221,3 mln ni tashkil etdi. Shuningdek, po‘kak va yog‘ochdan tayyorlangan mahsulotlar eksporti 1,9 barobar oshib, $29 mln, metall buyumlar eksporti esa 52% ko‘payib, $213 mln bo‘ldi.
Turli tayyor mahsulotlar eksporti 88,1% ga oshib, $2,09 mlrd ga yetdi. Kiyim-kechak eksportidan $848,1 mln (+25,7%), mebeldan $37,1 mln (2,9 barobar o‘sish), poyabzaldan esa $18,4 mln (+53,6%) tushum olindi. Boshqa toifalarga kiritilmagan turli tayyor buyumlar eksporti uch barobar oshib, $1,16 mlrd ni tashkil etdi.
Kimyo mahsulotlari eksporti $1,77 mlrd daromad keltirdi (+32,3%). Shundan $1,03 mlrd noorganik moddalar (+38,8%), $308,2 mln esa o‘g‘itlar (+2,3%) hissasiga to‘g‘ri keldi.
Oziq-ovqat mahsulotlari eksportidan $1,78 mlrd tushum olindi. Bu o‘tgan yilgi darajaga teng. Asosiy ulush meva va sabzavotlar — $1,22 mlrd (-7%), don mahsulotlari esa $394,9 mln (+13,6%) hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, tirik chorva eksporti 3,1 barobar oshib, $24,9 mln ni, hayvonlar uchun yem eksporti esa 2,5 barobar oshib, $32 mln ni tashkil etdi.
Energiya resurslari eksporti 4,3% ga oshib, $1,05 mlrd ga yetdi. Uning yarmidan ko‘pi neft va neft mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi — $593,1 mln (+46,3%). Tabiiy gaz eksporti 34,8% ga kamayib, $322,3 mlnni tashkil etdi. Elektr energiyasi eksporti esa 25,2% ga oshib, $139,2 mln ga yetdi.
Mashinasozlik mahsulotlari eksportidan $899,8 mln tushum olindi, bu 43% ga ko‘p. Ushbu toifada elektr jihozlari va apparatlari eksporti $228,5 mln (+44,5%) bilan yetakchilik qildi. Avtomobillar eksporti 9,1% ga oshib, $195,3 mln ni, ularning ehtiyot qismlari va aksessuarlari eksporti esa 3,9% ga oshib, $157,5 mln ni tashkil etdi.
Xizmatlar eksporti $8,54 mlrd ga yetdi. Bu jami eksportning 37,4% ini tashkil etib, yil davomida 33,8% ga o‘sdi. Asosiy ulush turizm ($4,62 mlrd), transport ($2,6 mlrd) va IT sohasi ($716,4 mln) hissasiga to‘g‘ri keldi.
Import
Tovarlar importida mashinasozlik mahsulotlari yetakchilikni saqlab qoldi. Ularning importi 17,3% ga oshib, $11,26 mlrd ni tashkil etdi. Asosiy ulush avtomobillar va boshqa transport vositalari ($2,82 mlrd, +30%), shuningdek, elektrotexnika mahsulotlari ($1,78 mlrd, +29,6%) hissasiga to‘g‘ri keldi.
Sanoat uchun maxsus bo‘lmagan uskunalarni xarid qilishga $1,62 mlrd (-0,7%), maxsus mashinalarga esa $1,62 mlrd (-17,5%) sarflandi. Aloqa va audioapparatura importi 78,5% ga oshib, $1,14 mlrd ga, elektr generatorlari importi esa 39,1% ga oshib, $1,18 mlrd ga yetdi.
Yil boshidan buyon avtomobillar uchun ehtiyot qismlar va aksessuarlar importi 10,1% ga oshib, $1,23 mlrd ni, yengil avtomobillar va boshqa transport vositalari importi esa 72,6% ga oshib, $1,1 mlrd ni tashkil etdi.
Ikkinchi o‘rinda sanoat tovarlari turib, ularning importi 8% ga oshib, $5,08 mlrd ga yetdi. Cho‘yan va po‘lat importi $1,98 mlrd ni (-1%), rangli metallar $708,3 mln ni (+75%), to‘qimachilik iplari va matolari $407,4 mln ni (+9,4%), po‘kak va yog‘ochdan tayyorlangan mahsulotlar esa $359,3 mln ni (+26,6%) tashkil etdi. Metall buyumlar importi $690,4 mln (+0,9%) bo‘ldi, rezina mahsulotlari importi esa 2,6% ga kamayib, $359,2 mln ni tashkil etdi.
Kimyo sanoati mahsulotlari importi 16,4% ga oshib, $4,16 mlrd ga yetdi. Tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlariga $1,27 mlrd (-0,7%), birlamchi plastmassalarga $761,8 mln (+13,2%), kimyoviy materiallar va mahsulotlarga esa $654,5 mln (+33,3%) sarflandi.
Oziq-ovqat mahsulotlari importi 39,3% ga oshib, $3,71 mlrd ni tashkil etdi. Shundan don mahsulotlari importi $967,4 mln (+58,9%), go‘sht va go‘sht mahsulotlari $677,4 mln (+34,2%), shakar va qandolat mahsulotlari $476 mln (+43,9%), meva-sabzavotlar $381,6 mln (+29,7%), qahva, choy, kakao va ziravorlar esa $361,2 mln (+23,1%) bo‘ldi.
Yoqilg‘i-energetika resurslari importiga sarflangan mablag‘ 7,2% ga oshib, $2,75 mlrd ga yetdi. Neft va neft mahsulotlari importi $1,35 mlrd ni (+3,2%), shu jumladan, yoqilg‘i va moylash materiallari $1,01 mlrd ni (-1%) tashkil etdi.
Benzin importi 48,6% ga oshib, $437,4 mln ni, dizel yoqilg‘isi importi esa 12,3% ga kamayib, $179,5 mln ni tashkil etdi. Gaz importi 15,2% ga oshib, $1,21 mlrd ga yetdi. Shundan propan importi 3,5 barobar ko‘payib, $124,3 mln ni tashkil etdi. Ko‘mir xaridiga $124,9 mln (+0,2%), elektr energiyasiga esa $57,5 mln (-24,1%) sarflandi.
Bundan tashqari, xizmatlar importi 14% ga oshib, $4,58 mlrd ga yetdi. Uning jami importdagi ulushi 13,3% ni tashkil etdi. Xizmatlar tarkibida sayohat (turizm) $1,87 mlrd bilan yetakchilik qildi. Keyingi o‘rinlarda transport ($1,48 mlrd), boshqa biznes xizmatlari ($444 mln) va IT sohasi ($386,9 mln) qayd etildi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston avgust oyida oltin eksportini to‘xtatgani va yillik hajm 3 baravar kamaygani haqida yozgandi.