O‘zbekiston va Turkmaniston chegaradosh hududlar uchun vizasiz rejimni tiklashi mumkin. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

18-noyabr kuni tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchisi Shodurdi Meredov bilan uchrashdi.

Unda transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, xalqaro yuk tashuvlarini yengillashtirish va chegara o‘tkazish punktlari faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, tomonlar chegaradosh hududlar aholisi uchun 2004-yilgi hukumatlararo bitimda nazarda tutilgan 3 sutkagacha vizasiz qatnovni tiklash imkoniyatiga e’tibor qaratdi.

Shu bilan birga, Toshkent-Ashxobod-Toshkent yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.

Konsullik sohasida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda vakolatli idoralar o‘rtasida axborot almashinuvini takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan masalalarni tegishli idoralar bilan birgalikda ishlab chiqish va amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Avvalroq Spot Saida Mirziyoyeva Kanada elchisi bilan viza tartibini yengillashtirish masalasini muhokama qilgani haqida yozgan edi.