Yaqin Sharqdagi ikki davlat hukumati 16-noyabr kuni Telegram messenjeri faoliyatiga cheklovlar joriy etdi. Bu haqda Livanning An-Nahar nashri xabar berdi.

Dastlab Iordaniya Jamoat xavfsizligi boshqarmasi ilova bloklanganini e’lon qildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu chora fuqarolarni kiberjinoyatlar, tahdidlar, tovlamachilik va mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi noqonuniy kontentdan himoya qilishga qaratilganini bildirdi.

Shu kunning o‘zida Iroq OAV va kommunikatsiyalar komissiyasi ham mamlakat bosh vazirining topshirig‘iga binoan messenjerga kirish cheklanganini ma’lum qildi.

Bunga kiberjinoyatchilik va ekstremizmga qarshi kurashish zarurati sabab qilib ko‘rsatildi. Idora talqiniga ko‘ra, platforma taqiqlangan axborotlarni o‘chirmagan va mahalliy qonunchilik talablariga rioya qilmagan.

Iroq hukumati kompaniya zimmasiga “ilovada e’lon qilinayotgan Iroqqa oid kontentni qayta ko‘rib chiqish majburiyatini yuklash"ni maqsad qilgan. Qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun 30 kun muddat berilgan.

Telegram matbuot xizmati platformaning terrorizmga qarshi kurashish borasidagi faoliyati haqidagi ma’lumotlar ochiq ekanini bildirdi. Messenjer auditoriyani himoya qilish maqsadida “qonunchilik talablaridan ancha yuqori bo‘lgan choralarni ko‘rmoqda”.

Kompaniya ta’kidlashicha, noqonuniy kontent avtomatlashtirilgan tizimlar va sun’iy intellekt asosidagi vositalar yordamida o‘chiriladi.

Shu bilan birga, ishlab chiquvchilar “so‘z erkinligi” va “jurnalistik surishtiruvlar"ni himoya qilishga sodiqligini bildirdi.


Avvalroq Spot Telegram’da videoxabarlarni turli shakllarda yuborish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.