2026-yilning yanvar-sentabr oylarida Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida 82,1 mlrd so‘mlik kamomad va noqonuniy o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Bu haqda 18-noyabr kuni Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan Hukumat soatida vazir Shavkat Hamrayev ma’lum qildi.

Adolat SDP fraksiyasi deputati Bekzod To‘xtamurodovning aytishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, aniqlangan holatlarning 6,6 mlrd so‘mi kamomad, 75,5 mlrd so‘mi esa noqonuniy o‘zlashtirish hissasiga to‘g‘ri keladi.

Birinchi yarim yillikda bu ko‘rsatkich 55,4 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uchinchi chorakning o‘zida yana 27 mlrd so‘mlik holatlar aniqlangan.

Deputat vazirlikning ichki nazorat tizimi, budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishni ta’minlash hamda aniqlangan zararlarni qoplash va mas’ul xodimlarning javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotganini so‘radi.

Shavkat Hamrayev vazirlikda ichki audit xizmati mavjudligini, u markaziy apparat, hududiy tashkilotlar va suv xo‘jaligi tizimidagi boshqa muassasalar bilan birgalikda ishlashini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, audit xizmati aniqlagan holatlar tegishli tartibda prokuraturaga yuboriladi.

Shu bilan birga, vazir aniqlangan kamchiliklarning katta qismi vazirlikning o‘z tashabbusi bilan o‘tkazilgan tekshiruvlarda aniqlanganini ta’kidladi.

“Avvalambor, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, kamomadning aksariyat qismi vazirlikning o‘z tashabbusi bilan aniqlangan. Bu mablag‘lar 100% joy-joyiga qo‘yiladi. Agar mablag‘lar joyiga qo‘yilmasa, jinoiy javobgarlikka tortiladi”, — dedi Hamrayev.

Uning qayd etishicha, vazirlikda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi ham kuchaytirilgan. Ikki yildan beri Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari vazirlik tizimida faoliyat yuritmoqda. Bunday xodimlar markaziy apparat, tegishli agentlik va markazlar hamda hududlarda ham ishlaydi.

kamomad, korrupsiya, qonun buzilishi, shavkat hamrayev, suv xo'jaligi vazirligi

Hamrayev ushbu xodimlar audit xizmati bilan hamkorlikda ishlashini va qoidabuzarliklarning oldini olishga yordam berishini aytdi.

“Bir so‘mga xiyonat qilgan ham jiddiy kamchilik hisoblanadi. Biz bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha tizimni kuchaytiramiz”, — dedi vazir.

Avvalroq Spot O‘zbekistondagi $130 mln lik irrigatsiya loyihasi Xitoy kompaniyalari ikki baravar qimmat narx aytgani uchun kechikayotgani haqida yozgan edi.