16-noyabr kuni gul yetishtiruvchilar va issiqxonachilar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda tadbirkor Xurshid Ahmedov issiqxonalar uchun ko‘mir importidagi cheklovlar va qo‘shimcha xarajatlar mahsulot tannarxini oshirayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Qozog‘istondan olib kiriladigan ko‘mir bojxona hujjatlarida $40 deb ko‘rsatilsa-da, issiqxonachilarga yetib borguncha uning narxi $110 ga chiqmoqda.
“Qozog‘istondan kiradigan Chebarkul brendi ostidagi ko‘mir $40 dan o‘tib keladi. Lekin, afsuski, bu narsa issiqxonachiga yetib kelguniga qadar $110 ga ko‘tarilib ketyapti”, — dedi u.
Ahmedovning aytishicha, avvalroq mamlakatdagi ko‘mir tushirish uchun mo‘ljallangan 66 ta ombor (“vetka”) Ko‘mir sanoat korxonasi tasarrufida bo‘lgan. Prezident qarori bilan ular bozorga chiqarilib, barcha importchilar foydalanishi uchun imkoniyat yaratilgan. Biroq tadbirkorning fikricha, ko‘mirni tushirish va omborlardan foydalanish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar muammosi saqlanib qolgan.
U 2022-yilda Qozog‘istondan mustaqil ravishda ko‘mir olib kirishga uringanini misol qilib keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘mirni o‘z mablag‘iga sotib olib, import qilgan taqdirda ham uni tushirish uchun ombor egalariga qo‘shimcha haq to‘lashga to‘g‘ri kelgan. Bu esa mahsulot tannarxini sun’iy ravishda oshirgan.
Tadbirkor Qozog‘istonda ko‘mir narxi O‘zbekistondagidan ancha arzonligini ham qayd etdi. Uning aytishicha, Qozog‘istonning eksport narxi o‘rtacha $22 atrofida, chegara yaqinidagi Chernyayevkada esa mahalliy sotuvchilar ko‘mirni $32 dan taklif qilmoqda. Ular mahsulotni yuk mashinasi, qop yoki kichik transport vositalariga ortib berishga tayyor.
Biroq Ahmedovning ta’kidlashicha, Toshkent atrofidagi bojxona hududlarida ko‘mirni faqat temiryo‘l orqali olib kirishga ruxsat berilgan. Qozog‘istondan avtomobil transportida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish imkoniyati mavjud emas.
“Qozog‘istondagi tadbirkorlar ‘xohlasang furaga, xohlasang qopga, xohlasang Damasga yuklab beraman', deyapti. Lekin bizning aynan Toshkent atrofidagi bojxonada shunaqa cheklov borki, faqat temiryo‘l orqali olib kirish mumkin”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘mirni Qirg‘iziston orqali avtomobilda olib kirish mumkin, biroq yuk mashinalari uchun 20 tonnalik cheklov mavjud. Bundan tashqari, tashish xarajati taxminan $1 mingni tashkil etadi. Natijada ko‘mirning narxi $100 atrofida bo‘lib qolmoqda.
Issiqxonachilarga ko‘mir importiga ruxsat berish taklif qilindi
Ahmedov issiqxona egalari o‘z faoliyati uchun zarur ko‘mirni mustaqil import qilishiga ruxsat berishni taklif qildi. Bunda import hajmi tadbirkorning issiqxona maydoni va ehtiyojiga qarab belgilanishi mumkin.
Masalan, ikki gektar issiqxonaga ega tadbirkorga 200 tonna ko‘mir import qilish uchun ruxsat berish mumkinligini aytdi. Buning evaziga issiqxonachilar faoliyatini legallashtirishi, eksport hajmlarini ko‘rsatishi va ko‘mirni eksportdan tushgan valyuta hisobiga sotib olishi kerak bo‘ladi.
“Ko‘mirda biz sizlarga imtiyoz beramiz, mana bunday qilamiz, deyilsa, bu sohaning rentabelligi oshadi. […] Agar ko‘mir narxi arzonlashtirilib, hamma faoliyatini qonuniy yuritishga o‘tadi, deyilsa, barcha eksport, import qilishga majbur bo‘ladi, natijada aniq raqamlar paydo bo‘ladi”, — dedi tadbirkor.
Uning fikricha, ko‘mir importini issiqxonachilarning o‘ziga berish sohada yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va eksport ko‘rsatkichlarini oshirishga ham yordam beradi. Shu bilan birga, Ahmedov, bu davlat zimmasidagi yuklamani ham kamaytirishi mumkinligini ta’kidladi.
Avvalroq Spot Energetika vazirligi gaz zaxiralari kamayib borayotgani sababli issiqxonalarni boshqa yoqilg‘i turlariga o‘tishga chaqirgani, biznes esa bunga tayyor emasligi haqida yozgandi.