Lyuksemburgning yirik yuk aviakompaniyalaridan biri — Cargolux Airlines O‘zbekistonga muntazam yuk tashish reyslarini amalga oshiradi. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi O‘zaviatsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik tomonidan kompaniyaga O‘zbekistonga muntazam yuk tashish parvozlarini bajarish uchun ruxsatnoma berildi.

Aviakompaniya reyslarni Navoiy xalqaro aeroporti orqali Boeing 747 F rusumidagi yuk samolyotlarida amalga oshiradi.

Transport vazirligining qayd etishicha, bu qaror O‘zbekistonning xalqaro havo yuk tashish bozoridagi ishtirokini kengaytirish, logistika imkoniyatlarini rivojlantirish va mamlakatning mintaqaviy transport-logistika markazi sifatidagi salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Avvalroq Spot Xitoyda elektr yo‘lovchi samolyoti ekipaj bilan ilk parvozini amalga oshirgani haqida yozgan edi.

Cargolux Airlines 1970-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Yevropaning yirik ixtisoslashgan yuk aviakompaniyalaridan biri hisoblanadi. U xalqaro yo‘nalishlarda muntazam va charter yuk tashish xizmatlarini ko‘rsatadi. Kompaniya dunyoning 70 dan ortiq yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Uning aviaparki Boeing 747−400 F va Boeing 747−8 F rusumidagi yuk samolyotlaridan iborat.