Qurilish bosqichidagi xonadonni sotib olish tayyor uy xarid qilishdan tubdan farq qiladi. Bunda xaridor hali qurib bitkazilmagan uy uchun pul to‘laydi va quruvchining uni kelishilgan muddatda qurib, topshirishiga tayanadi. Quruvchining hujjatlari, loyiha va shartnoma shartlarini oldindan tekshirmagan xaridor esa qurilish kechikishi, to‘xtab qolishi yoki mablag‘ini qaytarib ololmaslik xavfiga duch kelishi mumkin.

Bunday xavfning ko‘lami statistikada ham ko‘rinadi. 10-iyun kuni Prezidentga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda ulushli qurilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar oqibatida qariyb 3 ming fuqaro 668 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.

Xaridorlar mablag‘ini himoya qilishga mo‘ljallangan eskrou hisobvaraqlari tizimi ayrim banklarda ixtiyoriy qo‘llanayotgan bo‘lsa-da, hali majburiy tartibda joriy etilmagan. Uni tartibga soluvchi qonun loyihasi 10-noyabr kuni Qonunchilik palatasida ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilinib, Senatga yuborildi. Konstitutsiyaga ko‘ra, qonun Senat tomonidan ma’qullanib, Prezident imzolagach va rasmiy manbalarda e’lon qilingach yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Demak, hozircha xaridor barcha loyihalarda majburiy eskrou himoyasiga tayanolmaydi. Shu sababli quruvchini, loyiha hujjatlarini va shartnoma shartlarini sinchiklab tekshirish muhim. Buning uchun esa nimalarga va qaysi tartibda e’tibor berish kerakligini bilish zarur.

Spot ko‘chmas mulk bozori eksperti hamda yurist bilan aynan shu mavzuda suhbatlashdi. Ular pul to‘lashdan oldin quruvchining ishonchliligini qanday baholash, qurilish sifati va sur’atini qanday tekshirish, shartnomaning qaysi bandlariga e’tibor berish hamda to‘lovni qanday xavfsiz amalga oshirish kerakligini tushuntirdi.


ko'chmas mulk, shartnoma, uy sotib olish

Farrux Kuziyev,

Alliance Property rahbari, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori eksperti.

Men qurilish sur’atini baholashda 5 ta omilga e’tibor beraman.

1. Ishchilar va ular bajarayotgan ishlar. Ishchilar ko‘pligi qurilish jadal ketayotganini anglatmaydi. Muhimi ularning soni emas, balki aynan qanday ish bilan band ekanidir.

2. Qurilish texnikasi. Minora kranlari ishlayaptimi? Materiallar yuqori qavatlarga muntazam ko‘tarilayaptimi? Bu qurilish sur’ati va texnik ta’minot darajasini baholashga yordam beradi.

3. Materiallar ta’minoti. Faol maydonga ishlarning joriy bosqichiga mos materiallar muntazam yetkazib berilishi kerak. Bu qurilish uzluksiz davom etayotganining muhim belgisi.

4. Maydonning tashkil etilishi. Ish joylari, materiallarni saqlash, texnika xavfsizligi va ichki logistika to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganmi? Tartib va xavfsizlik talablariga rioya qilinishi samaradorlikni ko‘rsatadi.

5. Qurilish dinamikasi. Bu eng muhim omil. Obyektning bugungi ko‘rinishi faqat ayni paytdagi holatni ifodalaydi, sur’atni esa bir necha oy davomida muntazam olingan suratlar ko‘rsatadi.

Oyiga kamida bir marta qurilish maydoniga boring va xonadon sotib olayotgan blokingizni bir xil joydan suratga oling. Sanani, blok raqamini va qurilgan qavatlar sonini yozib boring. Bu qurilish qanchalik tez ketayotganini ko‘rsatadi. Masalan, bino yanvarda 5 qavat, fevralda 8 qavat, martda 11 qavat bo‘lsa, qurilish davom etmoqda. Ammo bir necha oy davomida o‘zgarish bo‘lmasa, sababini aniqlang.

Shuni ham unutmang: bino qavatlari bitishi qurilish tugadi degani emas. Fasad, lift, elektr va suv tarmoqlari, ichki pardozlash hamda obodonlashtirish ishlari ham bajarilishi kerak.

Quruvchini va loyiha hujjatlarini qanday tekshirish kerak?

Obyekt xaritada ko‘rinmasa, bu qurilish noqonuniy degani emas. Bunga texnik xato yoki ma’lumotlar hali yangilanmagani sabab bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, quruvchidan barcha kerakli hujjatlarni so‘rang. Shaffof qurilish tizimida ro‘yxatdan o‘tmagan obyekt bo‘yicha ulushli shartnomani notarial tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mumkin emas.

ko'chmas mulk, shartnoma, uy sotib olish

Shuningdek, loyiha hujjatlari bo‘yicha ijobiy ekspertiza xulosasi borligini tekshiring. Quruvchidan xulosa raqami va sanasini so‘rang. Agar u qurilishning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsata olmasa, pul to‘lashga shoshilmang.

Pulni qurilishga qanchalik erta kiritsangiz, quruvchini va loyiha hujjatlarini shunchalik sinchiklab tekshirishingiz kerak.

Qaysi 3 ta belgi bitimni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi?

Xaridorlar, ayniqsa, quyidagi 3 ta holatga jiddiy e’tibor berishi kerak, deb hisoblayman.

1. Hujjatlar bilan bog‘liq muammolar. Quruvchi qurilishning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmasa, tasdiqlangan loyiha bilan amaldagi qurilish o‘rtasida jiddiy tafovut bo‘lsa yoki hujjatlarni ko‘rsatishdan qochsa, barcha savollarga aniqlik kiritilmaguncha bitimni to‘xtatib turishni tavsiya qilaman.

2. Qurilish muddatlarining muntazam kechikishi. Bir necha oy davomida qurilishda sezilarli siljish bo‘lmasa, quruvchi muddatlarni muntazam kechiktirsa, buning sababini asoslab bera olmasa yoki obyektni yakunlash bo‘yicha aniq va real reja taqdim etmasa, bu jiddiy moliyaviy xavf belgisidir.

3. Shartnoma va to‘lov shartlarining shaffof emasligi. Quruvchi to‘lovni kompaniyaning rasmiy hisobvarag‘i o‘rniga jismoniy shaxsning bank kartasiga o‘tkazishni talab qilsa, xonadonni topshirish muddatini aniq belgilamasa, shartlarni bir tomonlama va asossiz o‘zgartirish huquqini o‘zida saqlab qolsa yoki o‘z javobgarligini muhokama qilishdan qochsa, bunday bitimga alohida ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak.

Ushbu belgilardan hatto bittasi aniqlansa ham, vaziyatga to‘liq oydinlik kiritilmaguncha bitimni to‘xtatib turish uchun asos bo‘lishi mumkin. Ko‘chmas mulk xaridi katta moliyaviy mas’uliyat talab qiladi. Shu bois qarorni savdo bo‘limi menejerining shoshiltirishi yoki bosimi ostida qabul qilish to‘g‘ri emas.

Qurilish sifatini qanday baholash mumkin?

Qurilish sifatini 3 ta bosqichga ajratib baholash mumkin.

Poydevor. Bu bosqichda xaridor ko‘zga tashlanadigan yoriqlar, kotlovanda suv to‘planishi, suv chiqarish tizimining noto‘g‘ri tashkil etilishi, beton va armaturadagi ko‘rinib turgan shikastlarga e’tibor berishi mumkin. Biroq poydevor sifatini faqat tashqi ko‘rinishiga qarab baholab bo‘lmaydi. Buning uchun loyiha hujjatlari, muhandislik-geologik tadqiqotlar, laboratoriya sinovlari va mutaxassis xulosasi kerak.

Yuk ko‘taruvchi karkas. Bu bosqichda katta yoriqlar, ko‘zga ko‘rinadigan deformatsiyalar, ochilib qolgan armatura, betondagi bo‘shliqlar va sifatsiz quyilgan beton belgilariga e’tibor berish lozim. Lekin har qanday yoriq binoning avariya holatida ekanini anglatmaydi. Uning sababi va xavflilik darajasini faqat muhandis-konstruktor aniqlay oladi.

Pardozlash. Bu bosqichda xaridor ko‘plab kamchiliklarni mustaqil aniqlashi mumkin. Jumladan, devor va pollarning notekisligi, suv sizishi, namlik, derazalarning sifatsiz o‘rnatilishi, ventilyatsiya va boshqa muhandislik tizimlaridagi muammolarni tekshirish kerak.

ko'chmas mulk, shartnoma, uy sotib olish

Men, birinchi navbatda, qurilish tasdiqlangan loyihaga muvofiq olib borilayotganini, zarur ekspertiza xulosalari mavjudligini va qurilish nazorati yo‘lga qo‘yilganini tekshirgan bo‘lardim.

Oddiy xaridor armatura to‘g‘ri o‘rnatilgani yoki beton sifati talabga javob berishini mustaqil baholay olmaydi. Internetdagi videolar ham buning o‘rnini bosmaydi. Yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar bo‘yicha shubha tug‘ilsa, tekshiruvni malakali mutaxassisga topshirgan yaxshi.

Reklamadagi topshirish muddati va qurilishning real sur’ati

Xaridorlar ko‘pincha reklamaga yozilgan topshirish sanasini aniq kafolatlangan muddat deb qabul qiladi. Aslida esa uchta alohida jarayonni farqlash kerak:

  • asosiy qurilish ishlarining yakunlanishi;

  • binoning foydalanishga topshirilishi;

  • xonadonning xaridorga amalda topshirilishi.

Bu jarayonlarning har biri alohida vaqt talab qiladi.

Masalan, poydevor bosqichida turgan 12−16 qavatli turar joy binosining qurilish muddatlari taxminan quyidagicha bo‘lishi mumkin:

Qurilish bosqichi
Taxminiy muddat
Poydevor va yerosti qismini qurish
2−5 oy
Monolit karkasni ko‘tarish
5−9 oy
Devorlar, fasad va muhandislik tizimlarini qurish
5−9 oy (ayrim ishlar parallel olib boriladi)
Pardozlash, sinovlar va obodonlashtirish
3−6 oy (ayrim ishlar parallel olib boriladi)
Foydalanishga topshirish va xonadonlarni berish
Binoning tayyorlik darajasi va rasmiy tartiblarga bog‘liq

Bunday binoni poydevoridan boshlab, xonadonlarni topshirishgacha bo‘lgan jarayon taxminan 18−30 oy davom etishi, ba’zan esa undan ham ko‘proq vaqt talab qilishi mumkin. Bu umumiy hisob-kitob bo‘lib, muddatlar har bir loyihada farqlanadi.

Monolit binolarda qurilish ishlari yaxshi tashkil etilgan bo‘lsa, bir qavatni qurish odatda 7−14 kun davom etadi. Biroq bu binoning maydoni, konstruksiyasi, ishchilar soni, qoliplar va texnikaga bog‘liq. Shu sababli ayrim obyektlarda qavatlar tezroq, boshqalarida esa sekinroq ko‘tarilishi mumkin.

Bir qavat qurilishining bir necha kunga kechikishini katta muammo deb hisoblamayman. Lekin quruvchi oyiga uch qavat qurishni rejalashtirib, amalda ikki oyda atigi bitta qavatni ko‘targan bo‘lsa, bu jiddiy kechikish hisoblanadi. Ayniqsa, bunday holat bir necha oy davom etsa, xavf ortadi.

Menimcha, eng katta xavf bir martalik kechikishda emas, balki qurilish sur’atining sababsiz va muntazam pasayib borishida. Quruvchida buning aniq sababi va yangilangan ish jadvali bo‘lmasa, bu xaridor uchun jiddiy ogohlantiruvchi belgidir.

Kvartirani qabul qilishda nimalarni tekshirish kerak?

Xonadonni qabul qilish shunchaki rasmiyatchilik yoki kalitlarni topshirish jarayoni emas. Bu xaridor uchun xonadonning shartnoma shartlariga muvofiqligini tekshirishdagi muhim bosqichdir.

Tekshiruvni hujjatlardan boshlash kerak. Xonadonning rejasi, ichki devorlarning joylashuvi, umumiy maydoni va jihozlanish darajasini shartnoma hamda uning ilovalaridagi ma’lumotlar bilan solishtiring. Keyin quyidagilarga e’tibor bering:

  • Devorlar va pollar: o‘lchamlar, tekislik, yoriqlar va polning tekislovchi qatlami sifati.

  • Derazalar: ochilib-yopilish mexanizmi, shikastlar va o‘rnatishdagi ko‘zga tashlanadigan nuqsonlar.

  • Muhandislik tizimlari: elektr tarmog‘i, rozetkalar, kalitlar, suv ta’minoti, kanalizatsiya, isitish va ventilyatsiya tizimlari. Ularni shartnomadagi komplektatsiya va xavfsiz sinov imkoniyatlari doirasida tekshirish lozim.

Xonadonni kunduz kuni, tabiiy yorug‘lik yetarli paytda va shoshilmasdan ko‘rgan ma’qul. Agar kvartira qimmat bo‘lsa yoki xaridor qurilish ishlarini yaxshi bilmasa, texnik qabul jarayoniga mustaqil mutaxassisni jalb qilish kerak.

Eng katta xatolardan biri — xonadonni sinchiklab tekshirmasdan, quruvchining kamchiliklarni keyin tuzatib berish haqidagi va’dasiga ishonib, qabul-topshirish dalolatnomasini imzolash.

Aniqlangan nuqsonlarni dalolatnoma yoki nuqsonlar qaydnomasida aniq ko‘rsatish kerak. Masalan, shunchaki “deraza yomon” deb yozish o‘rniga, “yotoqxonadagi deraza tabaqasi to‘liq yopilmaydi, tabaqa va rom o‘rtasida tirqish bor” deb qayd etish lozim. Nuqsonlarni suratga oling, qaysi xonada aniqlanganini ko‘rsating va ularni bartaraf etish uchun kelishilgan muddatni ham hujjatda aks ettiring.

Yashirin nuqsonlar bo‘yicha shartnoma shartlari, kafolat muddatlari va amaldagi qonunchilikni diqqat bilan o‘rganish muhim. Xaridor nuqson aniqlanganda talabnomani kimga va qanday tartibda yuborishi, kamchilik qanday rasmiylashtirilishi, quruvchi qancha muddatda javob berishi va nizo yuzaga kelgan taqdirda ekspertiza qanday o‘tkazilishini oldindan bilishi kerak.

Mustaqil ekspertizani qachon va nima uchun jalb qilish kerak?

Mustaqil ekspertizani xaridor manfaatlarini himoya qilishda yetarlicha baholanmaydigan vosita deb hisoblayman. Bunda ikki xil tekshiruvni bir-biridan farqlash kerak:

  • Kvartirani texnik qabul qilish. Mutaxassis pardozlash sifati, xonalar geometriyasi, derazalar, muhandislik tizimlari va bajarilgan ishlarning shartnomaga muvofiqligini tekshiradi.

  • To‘liq qurilish-texnik ekspertiza. Bu muhandislar tomonidan bajariladigan keng qamrovli tekshiruv bo‘lib, loyiha hujjatlarini o‘rganish, yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarni baholash, instrumental tadqiqotlar va laboratoriya sinovlarini o‘z ichiga oladi.

Bu ikki xizmatning narxi ancha farq qiladi. Toshkentda oddiy xonadonni texnik qabul qilish uchun dastlabki budjet sifatida bir necha yuz ming so‘mdan bir necha million so‘mgacha mablag‘ ajratish mumkin. Yakuniy narx xonadon maydoni, tekshiruv ko‘lami va ishlatiladigan uskunalarga bog‘liq. Bu rasmiy yoki tasdiqlangan tarif emas, balki taxminiy baho. To‘liq qurilish-texnik ekspertizasi esa har bir holatda alohida hisoblanadi va ancha qimmatga tushishi mumkin.

Mustaqil mutaxassisni, asosan, uchta holatda jalb qilishni tavsiya qilaman: qimmat xonadon sotib olinayotganda, qurilish sifatiga shubha tug‘ilganda yoki quruvchi obyektni sezilarli nuqsonlar bilan topshirayotganda.

Yuz minglab dollar turadigan xonadon sotib olayotib, bir necha million so‘mlik sifatli tekshiruvda tejash oqilona emas. Bu umumiy xarajat fonida kichik summa, kelajakdagi ancha katta yo‘qotishlarning oldini olishi mumkin.


ko'chmas mulk, shartnoma, uy sotib olish

Sherzod Egamberdiyev,

SherLegal yuridik firmasining asoschisi.

Xonadon sotib olishda ko‘pchilik narxga e’tibor beradi, lekin shartnoma turiga kamroq qaraydi. Aslida esa xaridor qanday huquqqa ega bo‘lishi aynan shunga bog‘liq:

  • mulk huquqiga;
  • xonadonni topshirishni talab qilish huquqiga;
  • yoki kelajakda shartnoma tuzish huquqigagina.

Oldi-sotdi shartnomasi — birinchi holatda, ya’ni xonadon allaqachon mavjud bo‘lsa, tuziladi. Buning uchun uy foydalanishga topshirilgan va sotuvchining huquqi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Shartnoma notarial tasdiqlanib, ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Xaridor ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab mulkdor bo‘ladi. Bu eng ishonchli variant.

Hali qurilayotgan uy uchun esa oddiy oldi-sotdi shartnomasini tuzib bo‘lmaydi. Bunday holatda “dastlabki oldi-sotdi shartnomasi” imzolanadi. Bu esa faqat kelajakda asosiy shartnomani tuzish majburiyatini yuklaydi. U ham notarial tartibda tuzilishi shart, aks holda haqiqiy hisoblanmaydi.

Ulush kiritish asosida qurilishda ishtirok etish to‘g‘risidagi shartnoma — bu aynan qurilayotgan ko‘p kvartirali uylar uchun mo‘ljallangan maxsus shartnoma. Uni tuzgan ulushdor muayyan xonadonni topshirishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bu huquqni boshqa shaxsga o‘tkazish, garovga qo‘yish va meros qoldirish ham mumkin. Bu huquqiy himoya ishlashi uchun 4 ta shart bajarilishi kerak:

  • quruvchi elektron ro‘yxatga kiritilgan bo‘lishi;
  • shartnoma hisobga qo‘yilgan bo‘lishi — xaridorga SMS keladi, har bir sahifada raqam va QR-kod bo‘ladi;
  • pul aynan shu obyekt uchun ochilgan alohida hisobvaraqqa tushishi;
  • 2025-yil 1-iyuldan boshlab shartnoma notarial tasdiqlanishi va kadastrda ro‘yxatdan o‘tkazilishi.

Investitsiya shartnomasi — qonunchilikda to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilmagan shartnomalarni ham tuzish mumkin. Shu sababli investitsiya shartnomasi ham qonuniy shakl hisoblanadi. Biroq uning ishonchliligi nomi bilan emas, mazmuni bilan belgilanadi.

Agar fuqaro xonadonni mulk qilib olish maqsadida ko‘p kvartirali uy qurilishiga mablag‘ kiritsa, bunday holatda ulushli qurilish qoidalari ham qo‘llaniladi.

Insofli quruvchi bunday shartnomani ham yuqoridagi talablar asosida rasmiylashtiradi: elektron ro‘yxatga kiritish, shartnomani hisobga qo‘yish, alohida hisobvaraqdan foydalanish va notarial tasdiqlash. Shunda xaridor ulushli qurilishdagi kabi huquqiy himoyaga ega bo‘ladi. Bu qoida faqat tadbirkorlar o‘rtasida daromad olish maqsadida tuziladigan investitsiya shartnomalariga tatbiq etilmaydi.

Bron — xonadonni qisqa muddatga band qilib turish haqidagi kelishuv. U xaridorga xonadonga nisbatan hech qanday huquq bermaydi. Mulk huquqi faqat uy foydalanishga topshirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin paydo bo‘ladi.

ko'chmas mulk, shartnoma, uy sotib olish

Bron uchun to‘langan pulning taqdiri ham muhim:

  • Agar pul yozma ravishda “zakalat” deb belgilanmagan bo‘lsa, u bo‘nak hisoblanib, qaytariladi.
  • Agar “zakalat” deb belgilangan bo‘lsa, shartnoma xaridor aybi bilan bajarilmasa, pul quruvchida qoladi. Quruvchi aybi bilan bajarilmasa, zakalat ikki baravar miqdorda qaytariladi.

Shartnomadagi eng muhim 5 ta band

Xonadon sotib olishda shartnomaning har bir bandini sinchiklab o‘qish oson emas, ayniqsa u o‘nlab bandlardan iborat bo‘lsa. Shuning uchun eng muhim 5 ta bandni ajratib olish va birinchi navbatda ularga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.

1. Shartnoma predmeti. Shartnomada xonadonning manzili, blok, qavat va raqami, maydoni, rejasi hamda pardozlash holati aniq ko‘rsatilishi kerak. Bu ma’lumotlar bo‘lmasa, shartnoma tuzilmagan deb topilishi mumkin.

2. Narx va hisob-kitoblar. Xonadon narxi so‘mda va qat’iy belgilanishi, quruvchi uni bir tomonlama o‘zgartira olmasligi kerak. To‘lov jadvali va pul o‘tkaziladigan hisobvaraq ham shartnomada aniq ko‘rsatilishi lozim. Maydon o‘zgarsa, qayta hisob-kitob har ikki tomon uchun ham qo‘llanilishi va o‘zgarish chegarasi belgilanishi kerak.

3. Topshirish muddati. Xonadonni topshirishning aniq sanasi ko‘rsatilishi kerak. “Qurilish tugagach” kabi noaniq iboralardan ehtiyot bo‘ling. Muddatni uzaytirish xaridorning roziligi bilan, qo‘shimcha kelishuv asosida amalga oshirilishi lozim.

4. Quruvchining javobgarligi. Kechiktirilgan har bir kun uchun penya belgilanishi, shuningdek, quruvchi yetkazilgan zararni qoplashi shartnomada nazarda tutilishi kerak.

5. Shartnomani bekor qilish va pulni qaytarish. Xonadonni topshirish muddati jiddiy kechiksa, xaridor shartnomani bekor qilish huquqiga ega bo‘lishi kerak. Pulni qaytarish muddati va kechiktirilgan holat uchun foizlar ham aniq yozilsin. Shartnoma quruvchining aybi bilan bekor qilinsa, xaridordan pul ushlab qolinmasligi kerak.

Notarial tasdiq: xaridor uchun qanday kafolat?

PF-11-son Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan boshlab ulushdorlarning mablag‘larini faqat notarial tasdiqlangan va kadastrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnoma asosida jalb qilishga ruxsat beriladi.

Biroq bu mexanizm hali to‘liq ishga tushmagan. Chunki Farmonning o‘zida alohida qonun qabul qilish nazarda tutilgan, maxsus qonun esa hali mavjud emas. Shu sababli amaliyotda notariussiz tuzilgan shartnomalar ham uchraydi. Bunday holatda shartnoma shakliga rioya qilmaslikning huquqiy oqibatlari yuzasidan bahslar mavjud.

Shunga qaramay, xaridor notarial tasdiqlashni talab qilishga haqli. Agar xaridor pul to‘lagan bo‘lsa-yu, quruvchi notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, sud shartnomani haqiqiy deb topishi mumkin.

Notarial tasdiqning xaridor uchun foydasi:

  1. Notarius shartnomani imzolayotgan shaxsning vakolatini va “Shaffof qurilish” platformasidagi obyekt ma’lumotlarini tekshiradi.
  2. Shartnomaning kadastrda ro‘yxatdan o‘tkazilishi xonadon aynan sizga biriktirilganini qayd etadi. Bu bitta xonadonning ikki kishiga sotilishining oldini olishdagi asosiy himoyadir.
  3. Ro‘yxatdan o‘tgan huquqni boshqa shaxsga o‘tkazish, ipotekaga qo‘yish va meros qilib qoldirish mumkin.

Quruvchi xonadonni boshqaga sotib yuborsa, nima qilish kerak?

Agar shartnoma notarial tasdiqlanmagan yoki kadastrda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, aynan o‘sha xonadonni olish qiyinlashishi mumkin. Lekin bu pulingizni qaytarib ololmaysiz degani emas.

2025-yil 1-iyuldan oldin tuzilgan shartnomalar uchun notarial tasdiq talab qilinmagan, biroq ular elektron platformada hisobga qo‘yilishi shart edi. Fuqarolik kodeksining 112-moddasiga ko‘ra, qonunda belgilangan shakl yoki ro‘yxatdan o‘tkazish talablariga rioya qilmaslik bitimning haqiqiy emasligiga olib kelishi mumkin. Bunday nizolarga sud huquqiy baho beradi.

Pul har holda qaytariladi:

  • shartnoma haqiqiy emas deb topilsa, tomonlar olgan narsalarini bir-biriga qaytaradi;
  • shartnoma haqiqiy bo‘lsa-yu, quruvchi majburiyatlarini bajarmasa, uni bekor qilish va to‘langan pulni undirishni talab qilish mumkin.
  • ikkala holatda ham pulni ushlab qolgani uchun foiz undiriladi.

Xonadon boshqa odamga sotilgan vaziyatda aynan o‘sha xonadonni olish imkoniyati kamayadi. Agar xonadon hali boshqa xaridorga topshirilmagan bo‘lsa, huquqi oldinroq yuzaga kelgan xaridor ustunlikka ega bo‘ladi. Buni aniqlash imkoni bo‘lmasa, birinchi bo‘lib da’vo kiritgan xaridorning talabi ustun bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun:

  1. Imkon qadar tezroq sudga murojaat qiling.
  2. Suddan quruvchiga xonadonni boshqa shaxsga sotish yoki topshirishni taqiqlashni so‘rang.
  3. Xonadonni qaytarib olishning imkoni bo‘lmasa, pulingizni, foizlarni va zararni undirishni talab qiling.

Ruxsatnomasiz qurilayotgan uydan xonadon sotib olgan bo‘lsangiz, nima bo‘ladi?

2026-yil 28-sentabrda ruxsatnomasiz ko‘p qavatli uy qurganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi Qonun qabul qilindi. U 2026-yil 30-dekabrdan kuchga kiradi.

Ruxsatnomasiz qurilgan uy o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi. Bunday imoratni qurgan shaxs uni sotishga haqli emas. Shu sababli xonadon sotish bo‘yicha tuzilgan shartnoma haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Bunday vaziyatda xaridor to‘lagan pulini, foizlarni va yetkazilgan zararni qaytarishni talab qilishi mumkin. Agar firibgarlik alomatlari bo‘lsa, jinoyat ishi doirasida ham fuqaroviy da’vo kiritish mumkin.

Xonadonga pul to‘lashda nimalarga e’tibor berish kerak?

Majburiy eskrou tizimi hali to‘liq joriy etilmagani sababli, PQ-4732 tartibida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovlar davom etmoqda. Bunday holatda pulning qayerga yo‘naltirilgani aniq ko‘rinishi va aynan qurilishga sarflanishi muhim.

ko'chmas mulk, shartnoma, uy sotib olish

Naqd pulda yoki dollarda to‘lamang. Shuningdek, menejer, agent yoki “hamkor"larning kartalariga pul o‘tkazmang. To‘lov maqsadida shartnoma raqami va sanasini, shuningdek, xonadon raqamini ko‘rsating.

Pulni birdaniga 100% to‘lash o‘rniga, qurilish jarayoniga bog‘langan jadval asosida bosqichma-bosqich to‘lash ma’qul. Agar quruvchi yoki bank eskrou hisobvarag‘i orqali to‘lash imkoniyatini taklif qilsa, shu usulni tanlang.

Reklama va og‘zaki va’dalar: ularga ishonish mumkinmi?

Reklamaning o‘zi shartnoma hisoblanmaydi. U shunchaki xaridorni taklif bilan tanishtiradi. Og‘zaki va’dalarni isbotlash ham juda qiyin. Agar yozma shartnoma mavjud bo‘lsa, faqat guvohlarning ko‘rsatmalariga tayanish yetarli bo‘lmaydi.

Shuning uchun pardozlash, avtoturargoh, xonadonni topshirish muddati, infratuzilma, bo‘lib to‘lash va chegirma kabi barcha muhim shartlar shartnomada yoki uning ilovasida yozilgan bo‘lishi kerak.

Sotuvchi xaridorga to‘g‘ri ma’lumot berishi shart. Agar noto‘g‘ri ma’lumot sizni xonadon sotib olishga undagan bo‘lsa, shartnomani bekor qilish va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishingiz mumkin. Insofsiz reklama sabab ko‘rilgan zarar ham to‘liq qoplanishi kerak. Agar aldov jiddiy bo‘lsa, bitimni aldov ta’sirida tuzilgan deb topishni ham talab qilish mumkin.

Xaridor oldida, avvalo, quruvchi javob beradi. Chunki u ham sotuvchi, ham reklama beruvchi hisoblanadi va reklama mazmuni uchun mas’uldir. Bloger esa reklamani tarqatuvchi sifatida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi oldida javobgar bo‘lishi mumkin. Biroq uning javobgarligi reklama tarqatish vaqti, joyi va vositalari bilan bog‘liq. Pulni qaytarish talabi esa, umumiy qoidaga ko‘ra, quruvchiga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, elektron ro‘yxatga kiritilmagan qurilish majmualarini reklama qilish taqiqlangan. Qo‘mita qonunbuzarni aksilreklama berishga majburlashga ham haqli.

Shu sababli quruvchi bergan barcha va’dalarni shartnomaga kiritishni talab qiling. Reklamalarni ham saqlab qo‘ying: skrinshotlar, videolar va sanasi ko‘rinadigan havolalar keyinchalik dalil bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Nizo kelib chiqqanda, ushbu dalillarni notarial tartibda rasmiylashtiring.

Quruvchi uyni o‘z vaqtida topshirmasa, xaridor nima qila oladi?

Shartnomada yozilmagan bo‘lsa ham, qonun bilan berilgan huquqlar mavjud. Xaridor aynan shartnomada ko‘rsatilgan xonadonni topshirishni talab qilishi mumkin. Quruvchi penya yoki zararni to‘lagani bilan bu majburiyatdan ozod bo‘lmaydi.

Kechikish sababli to‘langan ijara haqi, kredit xarajatlari va boshqa isbotlangan yo‘qotishlarni undirish mumkin.

Agar shartnoma oldi-sotdi deb baholansa, topshirilmagan xonadon qiymatining har bir kechikkan kuni uchun 0,5% miqdorida penya undiriladi. Biroq uning umumiy miqdori xonadon qiymatidan oshmaydi. Ulushli qurilish yoki investitsiya shartnomalarida bu qoida qo‘llanishi shartnomaning huquqiy bahosiga bog‘liq. Sud esa nomutanosib penya miqdorini kamaytirishi mumkin.

Muddat jiddiy buzilsa, sud orqali shartnomani bekor qilish, to‘langan pulni, undan foydalanganlik uchun foizlar va zararni qaytarishni talab qilish mumkin. Buning uchun avval quruvchiga shartnomani bekor qilish taklifini yuborish, uning rad javobini yoki javob berish muddati tugashini kutish kerak. Umumiy qoida bo‘yicha bu muddat 30 kun.

Xaridor ma’naviy zarar uchun ham kompensatsiya talab qilishi mumkin. Shuningdek, yashash joyidagi sudga davlat boji to‘lamasdan murojaat qilish huquqiga ega. Bundan tashqari, uy foydalanishga topshirilishi asossiz ravishda olti oydan ortiq kechiksa, obyekt “muammoli obyektlar” toifasiga kiritilishi va materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishi mumkin.

Faqat shartnomada yozilgan bo‘lsa amal qiladigan huquqlar:

  • qonunda belgilanganidan yuqori penya;
  • sudga murojaat qilmasdan shartnomani bir tomonlama bekor qilish;
  • pulni qaytarishning aniq muddati va indeksatsiya tartibi;
  • ijara xarajatlari uchun qat’iy kompensatsiya;
  • topshirish-qabul qilish dalolatnomasini imzolash kechiktirilgani uchun jarima.

PF-11-son Farmonidagi qat’iy jarimalar va olti oydan ortiq kechikishda eskrou hisobvarag‘idan pulni qaytarish qoidalari faqat eskrou orqali rasmiylashtirilgan shartnomalarga tegishli.

Misol: penya qanday hisoblanadi? Xonadon qiymati 800 mln so‘m, kechikish muddati 90 kun bo‘lsa: 800 000 000×0,5% x 90 = 360 000 000 so‘m.

Bu xonadon qiymatining 45% iga teng. Penyaning umumiy chegarasi esa 800 mln so‘m. Biroq nizo yuzaga kelganda sud Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asosan penya miqdorini kamaytirishi mumkin. Shu sababli hisoblangan summa har doim ham to‘liq undirilishini anglatmaydi.

Olti oy qoidasi: eskrou bo‘lmasa ham ishlaydimi?

PF-11-son Farmonga ko‘ra, quruvchi xonadonni loyiha hujjatlarida belgilangan muddatdan olti oy kechiktirib topshirsa, xaridor shartnomani bir tomonlama bekor qilib, eskrou hisobvarag‘idagi pulini qaytarib olishi mumkin. Ammo bu qoida pul haqiqatan ham eskrou hisobvarag‘ida saqlanayotgan bo‘lsa ishlaydi.

Eskrou hozircha majburiy emas. Farmonda 2026-yil 1-yanvardan boshlab to‘lovlarni faqat eskrou orqali amalga oshirish belgilangandi. Biroq Adliya vazirligi 2026-yil 5-yanvarda bu talab hali qonuniy kuchga kirmaganini ma’lum qilgan. Eskrouni majburiy qilishga oid qonun loyihasi esa 10-noyabrda Senatga yuborilgan. Shu sababli hozircha eskrou orqali to‘lash ixtiyoriy hisoblanadi.

Bunday holatda pulingiz eskrou hisobvarag‘ida turmaydi va Farmondagi olti oylik tartib orqali uni qaytarib olish imkoniyati bo‘lmaydi. Bunda shartnomangiz va Fuqarolik kodeksiga tayanishingiz kerak. Jumladan:

  • Agar quruvchi o‘z majburiyatlarini jiddiy buzsa, sud orqali shartnomani bekor qilishni talab qilishingiz mumkin (Fuqarolik kodeksining 382-moddasi).
  • Kechikish jiddiy buzilish ekanini asoslash. Masalan, xonadonning uzoq vaqt topshirilmasligi shartnoma tuzishda kutgan natijangizdan mahrum qilishi mumkin.
  • Shartnomani sudsiz bekor qilish. Bunga faqat qonun yoki shartnomada ruxsat berilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi. Shu sababli shartnomangizda bir tomonlama bekor qilish huquqi bor-yo‘qligini tekshiring.
  • Shartnomani bekor qilish bilan birga to‘langan pulni, puldan foydalanganlik uchun foizlarni, shartnomada belgilangan jarimani va yetkazilgan zararni talab qilishingiz mumkin.

Yana bir muhim jihat: quruvchi qurilish muddatini uzaytirmoqchi bo‘lsa, buni xaridorning roziligi bilan, qo‘shimcha shartnoma tuzish orqali amalga oshirishi kerak. Shuning uchun muddatni uzaytirish haqidagi hujjatni o‘qimasdan imzolamang. Agar yangi muddatga rozi bo‘lsangiz, o‘z manfaatlaringizni ham qo‘shimcha shartnomada aks ettiring.

Ulushli qurilish haqidagi yangi qonun loyihasi avvaldan shartnoma tuzgan xaridorlarga ham tegishlimi?

2026-yil 10-noyabrda ulushli qurilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Hozircha bu qonun emas. U Senat tomonidan ma’qullanishi, Prezident tomonidan imzolanishi va rasman e’lon qilinishi kerak. Shu jarayonda loyiha matni o‘zgarishi ham mumkin.

Qonunchilik palatasida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, loyiha qonun kuchga kirganidan keyin qurilish uchun ruxsatnoma olgan obyektlarga nisbatan qo‘llanilishi belgilangan. Demak, qonun kuchga kirishidan oldin qurilish ruxsatnomasini olgan obyektlardan xonadon sotib olgan xaridorlarga, agar bu qoida o‘zgarmasa, yangi qonun tatbiq etilmaydi.

Ularning huquqlari Fuqarolik kodeksi, PF-11-son Farmon va tuzilgan shartnoma asosida himoya qilinadi.

Pulni to‘ladim, qurilish to‘xtab qoldi: nima qilish kerak?

Avvalo, shartnoma, to‘lov hujjatlari, yozishmalar va reklamalarni saqlang. Qurilish holatini sanasi ko‘rinadigan foto va videolarga oling. Messenjerdagi yozishmalarni notarial tartibda tasdiqlating.

Shuningdek, shartnomaning notarial tasdiqlanganini va kadastr organida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini tekshiring. 2025-yil 1-iyuldan boshlab ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilish faqat shu tartibdagi shartnoma asosida amalga oshirilishi lozim. Amaliyotda notarial tasdiqlanmagan shartnomalar ham uchrab turadi. Biroq bu holatning o‘zi sizning huquqlaringizni avtomatik ravishda yo‘qqa chiqarmaydi. Nizoli vaziyatda sud shartnomaga huquqiy baho berishi va qonuniy asoslar mavjud bo‘lsa, uni haqiqiy deb topishi mumkin.

Keyin dshk.shaffofqurilish.uz saytida obyekt va quruvchining holatini, sud.uz saytida esa quruvchiga nisbatan sud ishlari bor-yo‘qligini tekshiring. Boshqa xaridorlar bilan birlashib, jamoaviy murojaat qilish ham foydali.

ko'chmas mulk, shartnoma, uy sotib olish

Agar quruvchi arizani qabul qilmasa, uni buyurtma xat, notarius yoki shartnomada ko‘rsatilgan elektron pochta orqali yuboring. Yuborilganini tasdiqlovchi dalillarni saqlang.

Bundan tashqari, quyidagi organlarga murojaat qilishingiz mumkin:

  • Qurilish nazorati inspeksiyasiga;
  • Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga;
  • Raqobat qo‘mitasiga;
  • Aldov alomatlari bo‘lsa, prokuratura yoki ichki ishlar organlariga.

Javob kelmasa yoki talab rad etilsa, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga davlat boji to‘lamasdan da’vo arizasi bering. Shu bilan birga, quruvchining hisobvaraqlari va mol-mulkini xatlash orqali da’voni ta’minlashni ham so‘rang. Bu keyinchalik pulni qaytarib olish imkoniyatini oshiradi.

Qachon bu fuqarolik nizosi, qachon firibgarlik hisoblanadi?

Bu masalada asosiy mezon — quruvchi pulni olayotgan vaqtda uyni qurib berish niyatida bo‘lganmi yoki mablag‘larni boshidan aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritishni ko‘zlaganmi?

Agar quruvchida haqiqiy loyiha bo‘lgan, yer uchastkasi ajratilgan, zarur ruxsatnomalar olingan va qurilish ishlari boshlangan bo‘lsa-yu, moliyaviy qiyinchiliklar yoki boshqa sabablar tufayli qurilish muddati buzilgan bo‘lsa, bu, odatda, shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik hisoblanadi. Bunday nizolar fuqarolik sudida ko‘rib chiqiladi.

Jinoyat kodeksining 168-moddasiga ko‘ra, firibgarlik — aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish orqali o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini qo‘lga kiritishdir. Quyidagi holatlar firibgarlik alomatlari mavjudligiga shubha uyg‘otishi mumkin:

  • yer uchastkasi ajratilmagan yoki qurilish uchun zarur ruxsatnomalar olinmagan;
  • bir xonadon bir nechta shaxsga sotilgan;
  • xaridorlardan olingan mablag‘lar qurilishga emas, boshqa maqsadlarga sarflangan;
  • quruvchi xaridorlar bilan aloqani uzgan, ofisini yopgan va majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlagan.
  • Shuni unutmaslik kerakki, ushbu holatlarning o‘zi firibgarlik sodir etilganini anglatmaydi. Qilmishga yakuniy huquqiy baho tergov organlari va sud tomonidan beriladi.

Shuni unutmaslik kerakki, ushbu holatlarning o‘zi firibgarlik sodir etilganini anglatmaydi. Qilmishga yakuniy huquqiy baho tergov organlari va sud tomonidan beriladi.

Agar jinoyat natijasida shaxsga ma’naviy, jismoniy yoki mulkiy zarar yetkazilgan deb hisoblash uchun asoslar mavjud bo‘lsa, u jabrlanuvchi deb topilishi mumkin. Bu maqom surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori, sudning esa ajrimi bilan rasmiylashtiriladi (JPKning 54-moddasi). Shu sababli tergovchiga shartnoma, to‘lov hujjatlari va boshqa dalillarni taqdim etib, sizni jabrlanuvchi deb topish haqida yozma iltimosnoma kiriting.

Bundan tashqari, jinoyat tufayli mulkiy zarar ko‘rgan shaxs fuqaroviy da’vogar deb ham topilishi mumkin (JPKning 56-moddasi).

Fuqaroviy da’vo jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan paytdan boshlab sud tergovi boshlanguniga qadar taqdim etilishi mumkin (JPKning 276-moddasi). Shu bois da’voni o‘z vaqtida kiritish muhim. U jinoyat ishi doirasida ko‘rib chiqiladi va sud hukmida hal etiladi.