Mahkumlar 2027/2028 o‘quv yilidan oliy ta’lim tashkilotlariga kirib, to‘lov-kontrakt asosida masofaviy o‘qishi mumkin bo‘ladi. Bu Shavkat Mirziyoyev 16-noyabrda imzolagan jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni ozodlikka tayyorlash va ijtimoiylashuvini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqidagi qarorda (PQ-397) nazarda tutilgan. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
“Yangi hayot” dasturi doirasida o‘qishga qabul qilingan mahkumlar uchun koloniyalarda videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlangan xonalar ajratiladi.
Qarorda quyidagi maqsadlar belgilangan:
- 2027/2028-o‘quv yiligacha jazoni ijro etish muassasalarida 310 ta o‘quv va 420 ta amaliy mashg‘ulot xonasini tashkil etish;
- 2030-yilgacha mehnat bozoriga mos kamida 50 ta kasb bo‘yicha o‘quv dasturlarini joriy etish;
- har yili kamida 15−20 ming nafar mahkumni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish;
- kasbga o‘qitish orqali takroriy jinoyatchilik darajasini 30% ga kamaytirish.
Shuningdek, yosh mahkumlar orasidan saylov yo‘li bilan yoshlar faollari tanlanadi. Ular har chorakda 3 BHM (1,32 mln so‘m) miqdorida rag‘batlantiriladi.
Barcha koloniyalardagi mahkumlar o‘rtasida masofaviy “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkaziladi, koloniyalar kutubxonalarida esa “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Avvalroq jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlar raqamli kasblarga o‘qitilishi haqida xabar berilgandi.