Toshkentdagi Farhod ko‘chasida svetoforlarning ishlash tartibi o‘zgartirildi. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Natijada tig‘iz bo‘lmagan vaqtda Kichik halqa yo‘lidan Katta Xirmontepa ko‘chasigacha bo‘lgan uchastkani 6,5 daqiqa o‘rniga 4 daqiqada bosib o‘tish mumkin.

O‘zgarishlar 1,8 km lik uchastkadagi 7 ta svetofor obyektini qamrab oladi. Ular uchun kunning turli vaqtlarida transport oqimi qaysi yo‘nalishda harakatlanishini hisobga olgan holda yangi sutkalik rejalar ishlab chiqilgan.

Yangi tartibga ko‘ra:

  • 07:00−10:00 da Kichik halqa yo‘li tomon harakatga ustuvorlik beriladi;
  • 10:00−07:00 da Katta Xirmontepa ko‘chasi tomon harakatga ustuvorlik beriladi.

Markazning aytishicha, har bir ko‘cha alohida o‘rganiladi: transport oqimi qachon va qaysi yo‘nalishda harakatlanishi, qayerda sekinlashishi va chorrahalar qanday ishlashi tahlil qilinadi. Ayrim ko‘chalarda “yashil to‘lqin” joriy etilsa, boshqalarida svetoforlar ko‘chaning ritmiga moslab sozlanadi.

Avvalroq Spot Toshkentning Ko‘kcha darvoza ko‘chasida Yashil to‘lqin ishga tushirilgani haqida xabar bergandi.