O‘zbekistonda kommunal xizmatlar uchun tariflarning bir necha yillik o‘zgarish jadvalini oldindan e’lon qilish taklif etildi. Bu haqda Markaziy bankning 2027-yil va 2028−2029-yillarga mo‘ljallangan pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasida keltirilgan.

Mamlakatda elektr stansiyalarining jami o‘rnatilgan quvvati 2021−2025-yillarda 50% ga oshib, 24,74 GVtga yetdi. Shu davrda elektr energiyasi ta’minoti hajmi 16,3% ga — 74,95 mlndan 87,179,8 mln kVt·soatga ko‘paydi.

Qayd etilishicha, yangi energetika quvvatlarining ishga tushirilishi va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kengayishi elektr ta’minoti imkoniyatlarini oshirmoqda. Shu bilan birga, elektr tarmoqlarining eskirishi, energiya yo‘qotishlari va ayrim hududlardagi uzilishlar mavjud quvvatlardan to‘liq foydalanishni cheklashi mumkin.

Markaziy bank energiyaga talab ortib borayotgan sharoitda ishlab chiqarish quvvatlari bilan bir qatorda elektr tarmoqlarini yangilash va ta’minot uzluksizligini oshirish zarurligini ta’kidlaydi. Bu korxonalarning barqaror ishlashi va xarajatlarini kamaytirish uchun muhim hisoblanadi.

Shuningdek, energetikada tariflarni iqtisodiy asoslangan darajaga yaqinlashtirish sohani modernizatsiya qilish uchun moliyaviy zamin yaratishi qayd etilgan. Biroq tariflarning o‘zgarishi qisqa muddatda iste’mol narxlari va ishlab chiqarish xarajatlariga qo‘shimcha bosim ko‘rsatadi.

Hujjatda islohotlarning barqaror samarasi xizmatlar sifati, boshqaruv samaradorligi va ta’minot ishonchliligini oshirish, texnologik yo‘qotishlarni kamaytirishga bog‘liqligi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, tariflarning kelgusi bir necha yilga mo‘ljallangan o‘zgarish jadvali va parametrlarini oldindan e’lon qilish aholi va korxonalarga xarajatlarini o‘rta muddatga rejalashtirish, inflyatsion kutilmalarni barqarorlashtirishga yordam berishi mumkin.

1-iyundan O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari yana oshirildi. Maishiy iste’molchilar uchun iste’mol hajmiga qarab tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi, elektr energiyasi uchun esa oyiga 201 dan 500 kVt⋅soatgacha bo‘lgan yangi bosqich joriy etildi.

2026-yil boshidan aholi uchun elektr energiyasi va gaz tariflarini, qoida tariqasida, yillik inflyatsiyani hisobga olgan holda, biroq 10% dan oshmagan holda har yili indeksatsiya qilish mexanizmi ham amal qilmoqda.

Oktabr oyida iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Xurshed Mustafayev elektr energiyasi va gaz tariflari oshirilganidan so‘ng aholi energiya resurslarini kamroq iste’mol qilib, tejamkorlikka o‘tganini qayd etgandi.