O‘zbekistondagi barcha umumta’lim maktablarida 2031-yilgacha huquqiy savodxonlik dasturi to‘liq joriy etiladi. Bu haqda prezidentning 10-noyabrda imzolangan farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil dekabr oyiga qadar 1−11-sinf o‘quvchilari uchun huquqiy savodxonlik targ‘ibotini amalga oshirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.
Dastur doirasida boshlang‘ich sinflarda bolalarga o‘z huquqlari, o‘zaro hurmat va zarur vaziyatlarda yordam so‘rash o‘rgatiladi.
Shuningdek, keyingi sinflarda zo‘ravonlikdan himoyalanish, mehnat va iste’molchilar huquqlari tushuntiriladi.
Yuqori sinflarda murojaat qilish huquqi, shartnomalar va mehnat munosabatlari bo‘yicha bilimlar beriladi. Huquqiy savodxonlik mavzulari “Tarbiya” faniga kiritiladi.
O‘qituvchilar uchun Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida metodik qo‘llanmalar ishlab chiqiladi va qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
O‘quvchilar uchun vaziyatli masalalar, huquqlari buzilganida kimga va qanday murojaat qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Mazkur vazifalar ijrosi uchun Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Adliya vazirligi, Ombudsman, Bolalar ombudsmani, Sudyalar oliy kengashi hamda Odil sudlov akademiyasi mas’ul etib belgilangan.
Avvalroq Spot Toshkent maktablarida davomatni nazorat qiluvchi Face ID tizimi ishga tushirilgani haqida yozgandi.