O‘zbekistonda iPhone narxlarining pasayishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri mobil qurilmalarni noqonuniy olib kirish holatlari bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov Gazeta muxbirining savoliga javoban ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim tadbirkorlar telefonlarni jismoniy shaxslar uchun belgilangan bojsiz olib kirish me’yorlaridan foydalanib, tashmachilik va boshqa noqonuniy yo‘llar bilan mamlakatga olib kirmoqda.

“Bu sizga oddiy tuyulishi mumkin. Lekin biz noqonuniy sxema — bir kunda 300−400 ta telefonning bitta yo‘lovchi orqali kirib kelishining oldini olish choralarini ko‘ryapmiz. Ularning barchasi shaxsiy ehtiyoj uchun deb olib kiryapti. Biroq biz Dubay va Turkiyada bu telefonlar tarqatilayotganini, bojxona to‘lovlaridan qochishga urinishlarni ko‘rib turibmiz”, — dedi Olimjonov.

Uning ta’kidlashicha, yana bir muammo — bitta qurilmaga tegishli ikki IMEI-kodni turli telefonlarga ro‘yxatdan o‘tkazish holatlaridir. Masalan, xaridorlar yangi telefon sotib olayotganida sotuvchi uning faqat bitta IMEI-kodi ishlashini, ikkinchisi uchun esa javob bera olmasligini aytishi yoki ro‘yxatdan o‘tkazilgan ikkinchi IMEI-kodga ega qurilmalarni qimmatroq narxda taklif etishi mumkin.

“Bunday holatlarning oldini olish uchun yuqorida sanab o‘tilgan turli noqonuniy sxemalarga barham bersak, iPhone’larning narxi barqarorlashadi”, — dedi Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i.

Farhod Olimjonov xalqaro tajribada telefonlarni muddatli to‘lovga sotish, eski qurilmani topshirib yangisini xarid qilish (trade-in) hamda mobil operatorlar orqali qurilma qiymatini tarifga qo‘shib to‘lash kabi mexanizmlar keng rivojlanganini qayd etdi. Uning fikricha, bunday tizimlar O‘zbekistonga ham bosqichma-bosqich kirib kelmoqda.

Bundan tashqari, u rasmiy import hajmi va tushumlar ham oshganini ta’kidladi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning 10 oyida O‘zbekistonga rasman 4,1 mln ta mobil qurilma olib kirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 mln taga ko‘p. Ulardan undirilgan bojxona to‘lovlari esa 2,1 baravarga — 2 trln so‘mga oshgan.

Shu davrda rasman olib kirilgan iPhone’lar soni 533 ming donadan oshdi. Ular bo‘yicha bojxona to‘lovlari 756,6 mlrd so‘mni tashkil etdi, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 6,2 baravar ko‘p.

Avvalroq Spot Bojxona qo‘mitasi bojxonada IMEI soxtaligini aniqlash imkoniyati deyarli yo‘qligini aytgani haqida yozgan edi.