Markaziy bank dollarizatsiyani kamaytirish va so‘mga ishonchni oshirishga e’tibor qaratadi. Bu haqda regulyator raisi Timur Ishmetov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

13-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev 2027-yil uchun davlat budjetining maqsadli ko‘rsatkichlari, asosiy makroiqtisodiy prognozlar hamda budjet-soliq siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi. O‘zbekiston iqtisodiyoti 2027-yilda 7% ga o‘sishi va YIM $232 mlrd ga yetishi kutilmoqda.

Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, 2027-yil kelgusi o‘n yillikda prezident tomonidan belgilangan yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish uchun dolzarb yil bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, Markaziy bankka ham bir qator vazifalar yuklatildi.

Birinchisi — inflyatsiya darajasi va narxlar barqarorligini ta’minlash. Kelasi yilda inflyatsiyani 6% dan oshirmaslik, undan keyingi yilda esa 5% lik maqsadli ko‘rsatkichga erishish uchun regulyator yangi monetar siyosat instrumentlarini joriy etadi.

“Biz ham valyuta bozorida, ham banklararo bozorda yangi instrumentlarni kiritamiz. Umuman, Markaziy bankning monetar siyosati instrumentlari samaradorligini oshiramiz”, — dedi Ishmetov.

Ikkinchi yo‘nalish — davlat banklarini transformatsiya qilish va ayrimlarini xususiylashtirishni tezlashtirish. Markaziy bank raisi bu orqali iqtisodiyotning yangi bosqichiga mos bank tizimini shakllantirish rejalashtirilganini qayd etdi.

banklar, dollarlashuv, markaziy bank, prognoz, so‘m, xususiylashtirish

Shuningdek, yig‘ilishda asosiy e’tibor dollarlashuv darajasini kamaytirish va so‘mga bo‘lgan ishonchni oshirish masalasiga qaratilgan.

“So‘mga bo‘lgan ishonchni oshirish orqali biz, umuman, iqtisodiyotda ko‘proq so‘mda qarz olish, so‘mda kreditlash, shuningdek, aholining depozitlari va kreditlarini ham asosan so‘mga o‘tkazish masalasi ko‘tarildi”, — dedi Timur Ishmetov.

Uning ta’kidlashicha, xorijiy valyutadagi operatsiyalar va qarzlar bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Avvalroq Spot so‘mdagi omonatlar stavkalari bir yilda 2% dan ko‘proqqa pasaygani haqida yozgan edi.