Avvalroq Spot 13-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev 2027-yil uchun Davlat budjetining maqsadli ko‘rsatkichlari, asosiy makroiqtisodiy prognozlar hamda budjet-soliq siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgan edi.
Unda ijtimoiy majburiyatlarni barqaror moliyalashtirish uchun iqtisodiyotning yillik o‘sish sur’atlarini kamida 7% darajasida ta’minlash, mavjud zaxiralar va yangi texnologik omillarni ishga solish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bois, 2027-yildan iqtisodiy o‘sishning yangi modeliga o‘tish, har bir tarmoqda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, mehnat unumdorligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish asosiy vazifalar etib belgilanmoqda.
Yangi model asosini zamonaviy sanoat siyosati tashkil etadi. U yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tish, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, milliy korxonalarning xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyasini kuchaytirish va eksport tarkibini diversifikatsiya qilishga qaratilgan.
Xususan, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa istiqbolli sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqilmoqda.
Ushbu siyosat doirasida har bir ustuvor tarmoqqa yirik xalqaro kompaniyalar va brend investorlarni jalb qilish, zamonaviy sanoat zonalarini shakllantirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish hamda korxonalarning texnologik salohiyatini oshirish rejalashtirilgan. 2027-yilda har bir istiqbolli tarmoqqa kamida 2−3 tadan yirik investor jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, yarimo‘tkazgichlar, robototexnika, biotexnologiyalar, elektromobillar uchun yuqori texnologik butlovchi qismlar va akkumulyatorlar ishlab chiqarish kabi yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Buning uchun xalqaro brendlarni jalb qilish, ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash hamda raqobatbardosh milliy ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirishning yangi rag‘batlantirish mexanizmlari belgilanmoqda.
Iqtisodiy o‘sishning davomiyligini ta’minlash uchun tarkibiy islohotlarni izchil davom ettirish ham muhim vazifa sifatida qayd etildi. Bu borada davlat korxonalari va banklarini transformatsiya qilish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, energetika va transport infratuzilmasini takomillashtirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash ustuvor vazifalar sifatida ko‘rsatildi.
Bunda davlat investitsiyalarini xususiy kapital uchun qulay sharoit yaratishga yo‘naltirish, iqtisodiy o‘sishni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini shakllantirish va investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Yig‘ilishda bank tizimida xususiy kapital ishtirokini kengaytirish, kredit resurslarini ko‘paytirish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanish va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni jadallashtirish zarurligi ham qayd etildi.
Mutasaddilarga 2027-yilda $65 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha tarmoqlar va hududlar kesimida aniq rejalar ishlab chiqish topshirildi.
Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda kelasi yili $5 mlrd investitsiya jalb qilish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.