Avvalroq Spot Nukus shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tayotgani haqida yozgandi.
Unda hududda SI va data-markazlar uchun $8 mlrd lik loyihalar ishga tushirilishi, Qo‘ng‘irot-Qorao‘zak-Taxiatosh “yashil sanoat yo‘lagi"ga aylantirilishi hamda SI va bulutli texnologiyalarda 1,5 mingta ish o‘rni yaratilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda tarmoq rahbarlariga Qoraqalpog‘istonda “xomashyo — tayyor mahsulot — eksport” zanjiri asosida loyihalar, ish o‘rinlari va qo‘shilgan qiymat bo‘yicha aniq rejalar belgilash topshirildi.
Amudaryo, Beruniy, Taxtako‘pir, Kegeyli va To‘rtko‘lda to‘qimachilik hamda charm sanoatida kamida $150 mln lik loyihalar amalga oshiriladi.
Nukus shahri, Nukus tumani va Qorao‘zakda elektrotexnika sanoatida $200 mln lik, Qorao‘zak, Bo‘zatov va Beruniyda energiya tejamkor qurilish materiallari bo‘yicha $100 mln lik loyihalar tashkil etiladi.
Nukus shahrida avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish bo‘yicha $120 mln lik, Nukus shahri, Qonliko‘l, Kegeyli, Chimboy va Bo‘zatovda farmatsevtika sohasida $50 mln lik loyihalar yo‘lga qo‘yiladi.
Italiyaning “Bonifika Ferrarizi” kompaniyasi bilan Taxtako‘pirda $50 mln lik loyiha boshlanayotgani qayd etildi. 2 ming gektarda Italiya texnologiyasi asosida pomidor va g‘alla yetishtirilib, chuqur qayta ishlanadi hamda Yevropaga eksport qilinadi.
15-oktabrgacha har bir tuman bo‘yicha “road show"lar o‘tkaziladi. Viloyat hokimlari o‘z investorlarini jalb qilib, 2−3 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratadigan loyihalarni boshlaydi.
Umuman, kelasi yil Qoraqalpog‘istonga $5 mlrd investitsiya jalb qilish vazifasi belgilandi.
Avvalroq Spot xitoylik investorlar Qoraqalpog‘istonda data-markazlar va raqamli valyutaga $2,3 mlrd investitsiya kiritishi haqida yozgandi.