Avvalroq Spot Nukus shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tayotgani haqida yozgandi.
Qoraqalpog‘istonda mavjud yer, qazilma boyliklar, quyosh va shamol energiyasi hamda yaylovlardan samarali foydalanish uchun “resursdan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi sanoat va investitsiya xaritasi yaratiladi.
Qo‘ng‘irot-Qorao‘zak-Taxiatosh yo‘nalishi “yashil sanoat yo‘lagi” va “intellektual iqtisodiyot uchburchagi"ga aylantiriladi.
Sun’iy intellekt va data-markaz loyihalari uchun maxsus zonada $8 mlrd lik 6 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, uch yil ichida Nukus, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va Taxiatoshda 1,5 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish hamda bulutli texnologiyalar va SI sohasidagi yillik eksportni $600 mln ga yetkazish vazifasi belgilandi.
Qoraqalpog‘istonda “yashil” energiyani karbon kreditlariga aylantirish orqali yiliga $50−100 mln daromad olish mumkinligi qayd etildi. Yil yakunigacha Orolning 50 ming gektar hududida “o‘rmon karbon krediti” dasturi boshlanadi.
Shuningdek, hududning atigi 20% ida geologik tadqiqotlar o‘tkazilgani ta’kidlanib, konlar zaxiralarini qayta baholash va yangi geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Qorao‘zakdagi “Urusoy” konida $33 mln investitsiya hisobidan 4 tonna oltin zaxirasi aniqlangan va 320 ta ish o‘rni yaratilgan. Endilikda 1 ming ish o‘rniga ega oltin qazib olish va qayta ishlash klasteri tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, kimyo sanoatida qo‘shimcha $200 mln lik loyihalar amalga oshirilib, 5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Spot kelasi yil martidan Toshkent-Nukus tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.