01


Nima bo‘ldi?

Qozog‘iston QazETA elektron ruxsatnoma tizimini bosqichma-bosqich joriy etadi. Tegishli qonunni prezident 2026-yil iyun oyida imzolagan, oktabrda esa hukumat uni qo‘llash qoidalarini tasdiqlagan.

2026-yil 1-noyabrdan tizim Oqtov xalqaro aeroporti va to‘rtta avtomobil chegara punktida sinovdan o‘tkaziladi. 2027-yil 1-yanvardan Ostona va Olmaota aeroportlarida ham joriy etiladi. 2027-yil 1-iyuldan esa Qozog‘istonga kirish uchun QazETA elektron ruxsatnomasini olish majburiy bo‘ladi.

02

Kimlarga taalluqli?

Qozog‘istonga vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lgan 50 dan ortiq mamlakat fuqarolari ruxsatnomasini olishlari kerak. Ular orasida O‘zbekiston, Rossiya, Qirg‘iziston, Turkiya, AQSh va BAA fuqarolari ham bor.

Ruxsatnoma quyidagi shaxslardan talab qilinmaydi:

  • 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va 65 yoshdan oshgan shaxslar;
  • Qozog‘iston vizasi yoki yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lganlar;
  • xalqaro yo‘nalishlarda qatnovchi, tegishli tasdiqlovchi hujjatlarga ega haydovchilar.

03

Uni hoziroq rasmiylashtirish kerakmi?

Yo‘q. 2027-yil 1-iyulgacha ruxsatnoma majburiy emas. Hozircha u bo‘lmasa ham chegaradan o‘tkaziladi va yangi qoidalar tushuntiriladi.

Tekshirish va joriy etish bosqichlari:

  • 2026-yil 1-noyabrdan: Aktau aeroporti hamda “Urlyutobe”, “Auxatti”, “Atameken” va “Nurli Jol” avtomobil o‘tkazish punktlarida;
  • 2027-yil 1-yanvardan: Ostona va Olmati aeroportlarida;
  • 2027-yil 1-martdan: qolgan barcha o‘tkazish punktlarida;
  • 2027-yil 1-iyuldan: ruxsatnoma to‘liq majburiy bo‘ladi. Usiz mamlakatga kirishga ruxsat berilmaydi.

04

Ruxsatnomani qayerdan va qanday olish mumkin?

Ruxsatnoma QazETA ilovasi orqali rasmiylashtiriladi. Ilovani AppStore va GooglePlay platformalaridan yuklab olish mumkin.

Arizani safarga kamida 72 soat qolganda topshirish kerak.

05

Ro‘yxatdan qanday o‘tiladi?

O‘ng pastki burchakdagi “Profile” bo‘limida interfeys tilini tanlash mumkin. Ilova o‘zbek, qirg‘iz, qozoq, turk, rus va ingliz tillarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Buni ilova ishga tushirilishi bilanoq amalga oshirish mumkin.

“Kirish” tugmasini bosing va “Ro‘yxatdan o‘tish"ni tanlang. Quyidagi ma’lumotlarni kiriting:

  • fuqarolik;
  • familiya, ism;
  • telefon raqami;
  • elektron pochta manzili.

Ruxsatnomada elektron pochta uchun ikkita maydon mavjud. Har ikkala maydonga bir xil manzilni kiriting. Shunda ilova unda imlo xatosi yo‘qligini tekshiradi.

fasteta, qazeta, qozog‘iston, elektron ruxsatnoma, ruxsatnoma olish

Keyin parol o‘ylab toping. Maydon ostida parolga qo‘yiladigan talablar ko‘rsatiladi va ular kiritilishi bilan bajarilgan deb belgilanadi.

Shundan so‘ng pochtangizga avtorizatsiya qilish uchun olti xonali kod yozilgan xabar keladi. Ushbu kodni ilovaga kiritish lozim — shundan keyin tizim sizni shaxsni tasdiqlash sahifasiga yo‘naltiradi.

06

Shaxsni qanday tasdiqlash kerak?

Ilova shaxsni uch bosqichda tekshiradi: hujjat fotosurati, chipni o‘qish va videoidentifikatsiya. Uni ID-karta bilan o‘tish eng oson yo‘lidir.

Muhim: hujjatni skanerlash uchun jami uchta urinish beriladi, shundan so‘ng bu imkoniyat mavjud bo‘lmasligi mumkin.

Xorijga chiqish pasportini kameraga shunday yaqinlashtiringki, u ekrandagi ramkaga sig‘sin. Ilova uni o‘zi aniqlaydi, suratga olish tugmasini bosish shart emas. Yorug‘lik qaytishi bo‘lmasligiga e’tibor bering. Birinchi ochilgan sahifaning ikkala betini navbat bilan skanerlang.

Agar ilova keyingi bosqichga o‘tmasa, demak, u hujjatni taniy olmagan. Ramka ostida nima noto‘g‘ri ekanligi haqida maslahat paydo bo‘ladi. Masalan, pasportni kameradan biroz uzoqlashtirish kerak.

Keyin esa ilova chipni o‘qishi uchun pasportni telefonning orqa tomoniga tekkizish kerak. O‘qish jarayoni tugaguncha hujjatni qimirlatmang.

Shundan so‘ng videoidentifikatsiyadan o‘tish zarur. Ekranda chetlari belgilangan doira paydo bo‘ladi: boshingizni belgi paydo bo‘lgan tomonga buring.

07

ID-karta orqali qilish mumkinmi?

O‘zbekiston fuqarolariga mumkin emas. Ilova faqat Qirg‘iziston yoki Armaniston tomonidan berilgan ID-kartalarni qabul qiladi.

Hatto ro‘yxatdan o‘tishda ilova ID-kartani qabul qilgan bo‘lsa ham, u orqali ruxsatnoma rasmiylashtirib bo‘lmaydi. Xorijga chiqish pasporti kerak.

08

Nima uchun pasportdagi chip o‘qilmayapti?

Ilova hujjat chipini o‘qishi uchun telefonda NFC bo‘lishi va u yoqilgan bo‘lishi kerak.

Android uchun: sozlamalarni oching va sozlamalar bo‘yicha qidiruv orqali “NFC"ni toping (odatda u “Ulangan qurilmalar” yoki “Ulanishlar” bo‘limida bo‘ladi). Agar bunday funksiya bo‘lmasa, telefonda NFC yo‘q.

iPhone uchun: alohida yoqib-o‘chiruvchi tugma yo‘q, NFC iPhone 7 va undan yangi modellarda avtomatik ravishda ishlaydi.

Telefon g‘ilofini, xorijga chiqish pasportidan esa muqovani yechib oling. Hujjatning asl nusxasidan foydalaning. Va chip joylashgan hududni toping: u fotosuratli sahifada, pasportning old yoki orqa muqovasida bo‘lishi mumkin.

Agar bu funksiya ishlamasa, NFC tizimi bor boshqa telefon orqali ro‘yxatdan o‘tishga harakat qilib ko‘rish mumkin. Agar muammo hal bo‘lmasa — ehtimol, chip shikastlangan yoki magnitsizlangan.

Muhim: chipni o‘qish ko‘p vaqt talab qilishi mumkin. Tahririyat bunga taxminan 30 daqiqa sarfladi.

09

Skanerlash urinishlari tugasa nima qilish kerak?

Ilovada cheklov mavjud: hujjatni skanerlash uchun jami uchta urinish beriladi. Ular tugagach, tekshiruvdan o‘tib bo‘lmaydi.

Bunday vaziyatda QazETA texnik ko‘mak xizmatiga yozing va quyidagilarni ko‘rsating:

  • ro‘yxatdan o‘tishda foydalangan elektron pochtangizni;
  • urinishlar soni nolga tengligini;
  • ilovadagi bildirishnomaning skrinshotini.

Texnik ko‘mak xizmatining elektron pochtasi: support@qazeta.kz

10

ETA uchun qanday ariza topshiriladi?

Asosiy ekranda “Safaringizni boshlang” bo‘limidan “ETA” xizmatini tanlang (“E-Visa” emas). So‘ng “Hoziroq ariza berish” tugmasini bosing.
Talablar bilan tanishib chiqing va “Arizani berish” tugmasini bosing.

Shaklni to‘ldiring: kontaktlar, tashrif maqsadi, kirish turi, jo‘nab ketish mamlakati, rejalashtirilgan kirish va chiqish sanalari, safar hududi.

Rasmiylashtirishni yakunlang va natijani kuting.

11

To‘lov bormi?

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda 3,9 va 7,8 ming tenge (mos ravishda 100 va 200 ming so‘mdan sal ko‘proq) miqdoridagi summalar tilga olingandi. Biroq qarorda to‘lov miqdori 0 tenge deb belgilangan.

Hozirgi vaqtda rasmiylashtirish bepul amalga oshirilmoqda.

12

Javob qachon va qayerga keladi?

Ariza 30 daqiqagacha ko‘rib chiqiladi. Javob siz ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatgan elektron pochtaga keladi.

13

Arizani joyida topshirish mumkinmi?

Ha. Odatda ariza kirishdan kamida 72 soat oldin rasmiylashtirilishi kerak.

Biroq ulgurmagan bo‘lsangiz, ruxsatnomaning tezkor varianti — FastETA’ni rasmiylashtirishingiz mumkin. Bu funksiya faqat Qozog‘istonda bo‘lgan yoki chegaradan 20 km dan uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan shaxslar uchungina mavjud.

Masalan, uni allaqachon chegara o‘tkazish punktida turganingizda rasmiylashtirish mumkin. Ariza 5 daqiqagacha ko‘rib chiqiladi.

FastETA’ni olish uchun joylashuvni ham tasdiqlash talab etiladi. Shuning uchun ilovada geolokatsiyadan foydalanishga ruxsat bering.

Keyin ETA’ga ariza topshirib, “FastETA” uchun ariza berish" bandini tanlang.

fasteta, qazeta, qozog‘iston, elektron ruxsatnoma, ruxsatnoma olish

14

Agar Qozog‘istondan tranzit orqali o‘tayotgan bo‘lsam, ETA kerakmi?

Agar siz tranzit orqali o‘tayotgan bo‘lsangiz va mamlakatga kirishni rejalashtirmasangiz, ETA kerak emas. Bu aeroportning tranzit zonasida qoladigan va chegarani kesib o‘tmaydigan yo‘lovchilarga ham tegishlidir.

Agar tranzit vaqtida chegara nazoratidan o‘tish va amalda Qozog‘iston hududiga kirish talab etilsa, talablar fuqarolik va kirish shartlariga bog‘liq bo‘ladi.

15

Bitta pochtadan bir nechta kishi uchun foydalanish mumkinmi?

Yo‘q. Bitta elektron pochtadan ro‘yxatdan o‘tish uchun faqat bir marta foydalanish mumkin. Har bir kiruvchi shaxs uchun alohida profil va o‘z pochtasi bo‘lishi kerak. Agar oila bo‘lib ketayotgan bo‘lsangiz, har bir kishini alohida ro‘yxatdan o‘tkazing.

16

Ruxsatnoma qancha muddat amal qiladi?

Ruxsatnomaning o‘zi 180 kun davomida amal qiladi va bir necha marta kirish imkonini beradi.

Biroq ETA vizani almashtirmaydi va bo‘lish muddatini uzaytirmaydi. Vizasiz O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘istonda bir marta kirganda 30 kungacha bo‘lishlari mumkin, lekin har 180 kun davomida jami 90 kundan oshmasligi kerak.

17

Agar ruxsatnoma bo‘lsa-yu, lekin chegaradan o‘tkazishmasa-chi?

Bunday holat bo‘lishi mumkin: ETA sizga chegarani kesib o‘tishga ruxsat berish uchun kerak, biroq yakuniy qarorni doim chegarachilar xizmati qabul qiladi. Ular hatto sizda tasdiqlangan ruxsatnoma bo‘lsa ham, qonunda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra mamlakatga kirishni rad etishlari mumkin.

18

Savollarim qoldi. Qayerga murojaat qilishim mumkin?

Agar ilova yoki ruxsatnomani rasmiylashtirish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, QazETA qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yozing: support@qazeta.kz.

Ro‘yxatdan o‘tishda foydalangan elektron pochtangizni ko‘rsating va muammoni tavsiflang. Agar xatolik haqida bildirishnoma bo‘lsa, skrinshotni ilova qiling.