O‘zbekistonda plastik va shisha butilkalar hamda alyuminiy bankalar uchun majburiy depozit tizimi joriy etilishi mumkin. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov 20-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ma’lum qildi.
Yig‘ilishda 24 yil avval qabul qilingan “Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish taklif etildi. Qutbiddinovning ta’kidlashicha, sohada xususiy operatorlar, davlat-xususiy sheriklik va raqamli hisob tizimlari shakllangani amaldagi qonunchilikni takomillashtirishni talab qilmoqda.
Yangi qonun chiqindilar hosil bo‘lishidan tortib, ularni qayta ishlash yoki xavfsiz joylashtirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda hisob va mas’uliyatni belgilashga qaratilgan.
Qo‘mita vakili sohadagi asosiy muammolar qatorida chiqindilarni saralash va qayta ishlash darajasining pastligi, xizmat sifati va to‘lovlar o‘rtasidagi nomuvofiqlik, chiqindilar harakatini to‘liq kuzatish imkoniyati yo‘qligi hamda poligonlar faoliyati ustidan nazorat masalalarini sanab o‘tdi.
2025-yilda O‘zbekistonda 15,1 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan, biroq ularni saralash ko‘rsatkichi 5,2% ni tashkil etgan. Shu yili mahallalarda chiqindi xizmatlari qamrovi 88% ga yetgan. Biroq bu barcha xonadonlarga xizmat o‘z vaqtida ko‘rsatilishini anglatmaydi. Qutbiddinov abonent hisobi va to‘lov miqdori haqiqatda ko‘rsatilgan xizmatga muvofiq bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari plastik va shisha ichimlik butilkalari, shuningdek, alyuminiy bankalar uchun majburiy depozit tizimini joriy etish zarurligini bildirdi. Uning qayd etishicha, amalda ixtiyoriy tartib yo‘lga qo‘yilmagan, ushbu chiqindilarni qayta ishlash darajasi esa 6,2% ni tashkil etmoqda.
“Tizim iste’molchiga qadoqni topshirganda, depozit pulini qaytarish orqali uni chiqindilarni alohida yig‘ishga rag‘batlantiradi. Qayta ishlash uchun xomashyo to‘planishini ko‘paytiradi va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga xizmat qiladi”, — dedi u.
Bunda ishlab chiqaruvchilar va savdo tashkilotlariga zarur infratuzilmani yaratish uchun bosqichma-bosqich o‘tish muddati berilishi lozim.
Shuningdek, Qutbiddinov qurilish chiqindilari hajmi 2017−2025-yillarda 1,2 mln tonnadan 1,9 mln tonnaga oshganini ham qayd etdi. Bundan tashqari, chiqindilarni tashuvchi maxsus texnikalarning 3 419 tasidan 3 230 tasiga GPS o‘rnatilgan. Biroq bu tizim chiqindining turi, hajmi va qayerga topshirilganini to‘liq tasdiqlamaydi.
2024−2025-yillarda 50 ta maishiy chiqindi poligoni faoliyati to‘xtatilib, 256 gektar maydon rekultivatsiya qilingan. Yangi qonun loyihasida poligonlarni joylashtirish, ishlatish va yopilgandan keyin nazorat qilish tartibini ham aniqlashtirish taklif etilmoqda.
Sentabr oyida plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini qayta ishlashga topshirishni rag‘batlantiruvchi pilot loyiha ishga tushirildi. Loyiha doirasida aholi idishlarni maxsus fandomatlarga topshirib, har biri uchun 150 so‘mdan olishi mumkin. Tashabbus Chiqindilarni boshqarish agentligi va Norvegiyaning TOMRA kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyiha muvaffaqiyatli bo‘lsa, fandomatlarni boshqa hududlarda ham o‘rnatish rejalashtirilgan.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yil oxirigacha ikkita chiqindi yoqish zavodi ishga tushirilishi haqida yozgandi.
