Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, ularni qayta ishlash va elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgandi.

Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida 2027-yil oxirigacha beshta hududda umumiy qiymati $625 mlnlik chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha beshta zavod ishga tushirilishi rejalashtirilayotganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu korxonalar orqali 635 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 2 mln tonna chiqindini utilizatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Avval bu hajmdagi chiqindilar har yili poligonlarga olib chiqilib, ko‘milgan. Hasanovning ta’kidlashicha, bu aholiga katta zarar yetkazgan.

Sharifbek Hasanov. Foto: skrinshotSharifbek Hasanov. Foto: skrinshot

Hasanov, shuningdek, o‘tgan yili prezident shunday oltita korxona qurilishini ma’qullaganini ta’kidladi. Ulardan ikkitasi joriy yil oxirigacha foydalanishga topshirilib, elektr energiyasi ishlab chiqarishni boshlashi kerak.

“Davlat rahbari ekologiyaga katta e’tibor qaratib, chiqindilarni shunchaki axlat sifatida emas, balki resurs sifatida ko‘rib chiqish va undan oqilona foydalanish orqali aholiga zarur bo‘lgan elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi”, — dedi u.

Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, chiqindilar to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri barcha turdagi chiqindilarga taalluqli bo‘ladi. Avvalgi qonunchilik esa faqat maishiy chiqindilarni qamrab olgan. Hujjatda chiqindilar bilan ishlash sohasida yangi yo‘nalishlarni ochish va uni iqtisodiyotning yangi tarmog‘i sifatida shakllantirish bo‘yicha aniq vazifalar ham belgilangan.

Ta’kidlanishicha, chiqindilarni yoqish zavodlari ekologik talablarga javob beradi. Ularning mo‘rilaridan chiqadigan karbonat angidrid miqdori atmosfera uchun belgilangan me’yorlardan oshmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, talablar O‘zbekiston va Yevropa standartlariga mos keladi.

Investorlar xodimlarni O‘zbekiston fuqarolari orasidan yollaydi. Hasanovning ta’kidlashicha, avval mamlakatda bunday texnologiyalarni biladigan mutaxassislar bo‘lmagan, loyihalar amalga oshirilishi bilan esa mahalliy muhandislar shakllana boshlaydi. Kadrlar tayyorlash ishlari Ekologiya qo‘mitasi tasarrufidagi Green University’da ham olib boriladi.

Zavodlarda chiqindilar yoqilgach, kul hosil bo‘ladi. Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, investorlar uni O‘zbekistonda qayta ishlab, keyinchalik o‘z mamlakatlariga eksport qilishni rejalashtirmoqda. Bu qo‘shimcha eksport salohiyatini yaratishi kerak.

Ekosanoat zonalarida barcha hududlarni chiqindilarni qabul qilish va yoqish tizimi bilan qamrab olish rejalashtirilmoqda. Natijada poligonlarga olib chiqiladigan chiqindilar hajmi 40 foizga qisqarishi kutilmoqda. Qolgan chiqindilar esa qayta ishlashga yo‘naltiriladi.

Hasanovning aytishicha, poligonlar sonini 50% ga qisqartirish vazifasi qo‘yilgan. Kelgusida yopilgan poligonlar o‘rnida bog‘ va parklar barpo etish rejalashtirilmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda xavfli chiqindilarni qayta ishlashni 20% ga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.