01

Nima sodir bo‘ldi?

Toshkentda 600 mingdan ortiq kvartira va 213 mingdan ziyod xususiy uy ommaviy baholashdan o‘tkazildi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, kvartiralarning baholangan qiymati kadastr qiymatidan qariyb 7,4 baravar, xususiy uylarning qiymati esa qariyb 15 baravar yuqori bo‘lgan.

5-sentabrdan ko‘chmas mulkni ommaviy baholash natijalarini muhokama qilish boshlandi. Uy-joy mulkdorlari MyGov orqali hisoblangan qiymat ko‘rsatilgan xabarnomalarni olishdi. Ular 60 kun ichida baholashga rozi yoki norozi ekanini bildirishlari mumkin.

02

Ommaviy baholash o‘zi nima?

Hokimiyat sinov tariqasida Toshkentdagi barcha kvartira va uylarning qiymatini ommaviy baholash orqali aniqlamoqda. Bunda har bir obyekt alohida ko‘zdan kechirilmaydi — barcha kvartira va uylar yagona metodika asosida baholanadi. Baholash natijasiga obyektning joylashuvi, maydoni, uyning qurilgan yili, devor materiali va qavati kabi omillar ta’sir qiladi.

03

Bu nima uchun kerak?

Maqsad — obyektlarning bozor qiymatiga imkon qadar yaqin bo‘lgan baholangan qiymatini aniqlash.

Hozirda davlat bazalaridagi ma’lumotlar bozordagi vaziyatni har doim ham to‘liq aks ettirmaydi. Ommaviy baholash natijalari ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarda mulkdorlar, banklar va investorlar uchun qo‘shimcha mo‘ljal bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Kelgusida ushbu baholash natijalaridan mol-mulk solig‘ini hisoblash uchun foydalanish rejalashtirilmoqda.

04

Unda mol-mulk solig‘i ham 7−15 baravarga oshadimi?

Unchalik emas. Kvartiralar uchun 7,4 baravar va xususiy uylar uchun qariyb 15 baravar ko‘rsatkichi — hozirda soliq hisoblashda qo‘llaniladigan kadastr qiymati bilan ommaviy baholash natijasida aniqlangan qiymat o‘rtasidagi farqni bildiradi. Biroq bu mol-mulk solig‘i ham shuncha baravarga oshadi degani emas.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillarining ma’lum qilishicha, natijalar tahlil qilingach, amaldagi soliq stavkalarini pasaytirish rejalashtirilmoqda. Biroq hozircha soliqni hisoblashning aniq formulasi ishlab chiqilmagan.

Har bir mulkdor uchun soliq to‘lovi qanchaga o‘zgarishi muhokama yakunlangach ma’lum bo‘ladi.

05

Baholashni kim o‘tkazmoqda?

Baholashni Ko‘chmas mulk obyektlarini ommaviy baholash milliy markazi amalga oshirmoqda. Jamoatchilik muhokamasidan so‘ng yakuniy natijalarni Kadastr agentligi tasdiqlaydi.

Olingan ma’lumotlarni soliqqa tortishda qo‘llash hamda soliq stavkalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul.

06

Qiymat qanday hisoblanadi?

Markaz ko‘chmas mulkni sotish bo‘yicha 100 mingdan ortiq e’lonlar, rieltorlik tashkilotlari ma’lumotlari va notariuslar rasmiylashtirgan 85 mingdan ziyod oldi-sotdi bitimlarini o‘rgandi.

Shahar hududi narx zonalariga bo‘lindi. Har bir zonada tizim o‘xshash obyektlarni taqqoslab, bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymatini aniqladi. Keyin bu qiymat har bir kvartira yoki uyning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda tuzatildi.

Baholash qanday amalga oshirilgani haqida Spot’ning maqolasida o‘qishingiz mumkin.

07

Ta’mir ham hisobga olinadimi?

Yo‘q. Kadastr bazasida uyning ta’mir holati haqida ma’lumot yo‘q. Shu sababli ommaviy baholashda barcha kvartiralar shartli ravishda “o‘rta” darajada ta’mirlangan deb qabul qilinadi.

08

Derazadan ko‘rinish, shovqin yoki yaqinidagi qurilish ham hisobga olinadimi?

Agar davlat bazalarida bu xususiyatlar haqida ma’lumot bo‘lmasa, ular baholashda avtomatik ravishda hisobga olinmaydi.

Mulkdor bu xususiyatlar haqida saytda ma’lumot berishi va fotosuratlarni ilova qilishi mumkin. Agar bir uydagi bir nechta mulkdordan o‘xshash murojaatlar kelib tushsa, Markaz baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqadi.

09

Kvartirani shu narxda sotish shartmi?

Yo‘q. Ommaviy baholash natijasi kvartirani shu narxda sotishni majburiy qilmaydi.

Sotuvchi va xaridor narx hamda bitimning boshqa shartlarini avvalgidek o‘zlari kelishib olishadi. Markaz hisob-kitoblari esa e’lonlar, o‘xshash bitimlar va individual baholash kabi qo‘shimcha mo‘ljal bo‘lib xizmat qiladi.

10

Natijalarni qayerdan ko‘rish mumkin?

Hisoblangan qiymatni davreestr.uz va my.gov.uz saytlari orqali ko‘rish mumkin.


1-usul. davreestr.uz sayti orqali tekshirish

Bosh sahifada OneID orqali profilga kirib, “Mening ko‘chmas mulkim” bo‘limini ochish va kerakli obyektning kadastr raqamini bosish kerak.

baholash, ko‘chmas mulk, uy-joy

baholash, ko‘chmas mulk, uy-joy

Sahifada obyektning xususiyatlari, uning baholangan qiymati paydo bo‘ladi, shuningdek, “Munosabat qoldirish” funksiyasi mavjud bo‘ladi.

baholash, ko‘chmas mulk, uy-joy

“Munosabat qoldirish” tugmasi bosilganda baholashga rozi bo‘lish yoki rozi emasligini bildirish mumkin bo‘lgan sahifa ochiladi. Barcha ma’lumotlar ko‘rsatilgan ma’lumotnomani PDF formatida yuklab olish mumkin.

baholash, ko‘chmas mulk, uy-joy


2-usul. my.gov.uz sayti orqali tekshirish

Xizmat sahifasiga o‘tish va “Ariza yuborish” tugmasini bosish kerak.
baholash, ko‘chmas mulk, uy-joy

Shundan so‘ng ochiladigan ro‘yxatdan obyektning kadastr raqamini tanlash kerak, shundan keyin baholangan bozor qiymati haqidagi ma’lumot paydo bo‘ladi.

baholash, ko‘chmas mulk, uy-joy

11

Natijalarga qanday e’tiroz bildiriladi?

1-usul. davreestr.uz sayti orqali. Agar baholashga rozi bo‘lmasangiz “Noroziman” qizil tugmasini bosishingiz kerak bo‘ladi.

baholash, ko‘chmas mulk, uy-joy

E’tiroz bildirayotganda to‘rtta sababdan birini tanlash kerak: qiymat oshirib yuborilgan, pasaytirib yuborilgan, obyekt xususiyatlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgan yoki qo‘shimcha mulohazalar mavjud.

Shuningdek, tasdiqlovchi hujjatlarni yuklab, o‘zingiz taklif qilayotgan qiymatni ham ko‘rsatishingiz mumkin. Masalan, yaqin atrofdagi maktab yoki shifoxona, shuningdek, derazadan ko‘rinish kabi omillarni ko‘rsatish mumkin.

baholash, ko‘chmas mulk, uy-joy


2-usul. my.gov.uz sayti orqali.

“Rozi emasman” varianti tanlanganda asoslarni ilova qilgan holda o‘z bahoingizni taklif qilish mumkin bo‘lgan shakl paydo bo‘ladi.

baholash, ko‘chmas mulk, uy-joy

60 kunlik muhokama davrida baholashga cheklanmagan miqdorda e’tiroz bildirish mumkin.

12

Tanlanmasa nima bo‘ladi?

Agar mulkdor fikr bildirmasa, u baholash natijasiga rozi deb hisoblanadi.

Bunda “Roziman” tugmasini bosish hech qanday huquqiy oqibatga olib kelmaydi. Mulkdor keyinchalik ham o‘z fikrini o‘zgartirishi mumkin. Muhokama tugaguniga qadar e’tiroz yuborish huquqi saqlanib qoladi.

13

Baholash natijasiga e’tiroz bildirish mumkinmi?

Natijalar tasdiqlangandan keyin ham mulkdor apellyatsiya berishi mumkin. Komissiya arizani bir oy ichida ko‘rib chiqadi va qiymatni o‘zgarishsiz qoldirish yoki qayta hisoblash haqida qaror qiladi.

Agar mulkdorning e’tirozi asosli deb topilsa, qiymat uch ish kuni ichida qayta hisoblanadi. Bu haqda mulkdorga yana uch kun ichida xabar beriladi. Agar mulkdor qarordan norozi bo‘lsa, sudga murojaat qilishi mumkin.

14

Muhokama muddatini uzaytirishlari mumkinmi?

Ha. Agar 60 kun ichida mulkdorlarning ko‘pchiligi fikr bildirmasa, muhokama muddati yana 30 kunga uzaytirilishi mumkin.

15

Tizim qachon to‘liq ishga tushadi?

2025−2026-yillarda tizim Toshkentda sinov tariqasida joriy etilmoqda. Hozir bu tizimni to‘liq ishga tushirishdan oldingi bosqich hisoblanadi.

2026−2027-yillarda tizim Nukus va viloyat markazlarida joriy etilishi rejalashtirilmoqda. 2027-yildan boshlab esa qolgan hududlarga ham tatbiq etiladi. Rejaga ko‘ra, 2030-yil oxirigacha tizim butun respublikani qamrab oladi.

16

Savollarim qoldi. Qayerga murojaat qilishim mumkin?

Markazning ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, maslahat olish mumkin: +998 71 202 29 29.

Agar savol hisoblangan qiymatga oid bo‘lsa, e’tirozni davreestr.uz yoki my.gov.uz orqali yuborish kerak.