2026-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston aeroportlari 12,66 mln nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% ga ko‘p, deya xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

To‘qqiz oy davomida aeroportlarda jami 102 836 ta aviareys (+10%) amalga oshirildi. Shundan 71 625 tasi xalqaro, 31 211 tasi ichki reyslarga to‘g‘ri keldi. Reyslar soni mos ravishda 8 va 17% ga oshdi. Xalqaro qatnovlardan 10,36 mln yo‘lovchi (+13%), ichki qatnovlardan esa 2,3 mln yo‘lovchi (+15%) foydalandi.

Yo‘lovchilar oqimining asosiy qismi Toshkent aeroporti hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxt aeroporti 8,49 mln nafar yo‘lovchiga (+16) va 62 482 ta reysga (+7) xizmat ko‘rsatdi.

Hududiy aeroportlar orasida Samarqand — 1,11 mln, Urganch — 724,4 ming (+18), Farg‘ona — 511 ming (+5%) va Namangan 497,6 ming nafar (-16%) yo‘lovchi bilan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.

Eng yuqori o‘sish Andijon aeroportida qayd etildi. Bu yerda yo‘lovchilar oqimi 8,7 barobarga oshib, 161,4 ming nafarga yetdi. Kompaniya buni o‘tgan yilgi past baza bilan izohladi: aeroport 2025-yil 20-martda rekonstruksiyadan so‘ng faoliyatini tiklagan.

Termiz aeroportida yo‘lovchilar soni 48% ga oshdi. O‘sishga Umra dasturi doirasidagi tashuvlar va Flyadeal aviakompaniyasi parvozlarining boshlanishi, Urganch va Nukusdagi (+17%) o‘sishga esa yangi xalqaro reyslar ochilishi ta’sir ko‘rsatdi.

Ayrim aeroportlarda salbiy dinamika qayd etildi. Namanganda yo‘lovchilar oqimi 16% ga, Qarshida 22% ga kamaydi. Pasayish yilning birinchi yarmida kuzatilib, bunga yo‘nalish tarmog‘ining o‘zgarishi, alohida yo‘nalishlardagi talab hamda geosiyosiy vaziyat fonida aviakompaniyalar jadvallaridagi o‘zgarishlar ta’sir ko‘rsatadi.

Navoiy aeroportida yo‘lovchilar oqimi 22% ga kamaygan bo‘lsa-da, yuk tashish yo‘nalishida o‘sish kuzatildi. Xizmat ko‘rsatilgan reyslarning umumiy soni 14% ga oshdi.

Mamlakat aeroportlari to‘qqiz oyda jami 84,8 ming tonna yuk va pochtani qayta ishladi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27% ga ko‘p. Uning 78,9 ming tonnasi Toshkent aeroporti hissasiga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekiston aeroportlarining yanvar-sentabr oylaridagi faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari:

Aeroport
Aviareyslar (o‘zgarish)
Yo‘lovchilar (o‘zgarish)
Toshkent
62 482 (+7%)
8 489 320 (+16%)
Samarqand
8 624 (−2%)
1 109 720 (0%)
Urganch
5 372 (+15%)
724 407 (+18%)
Farg‘ona
3 950 (−11%)
511 049 (+5%)
Namangan
3 925 (−3%)
497 575 (−16%)
Termiz
3 463 (+26%)
339 662 (+48%)
Nukus
2 234 (+5%)
285 161 (+17%)
Andijon
1 296 (+440%)
161 448 (+772%)
Qarshi
1 503 (−5%)
105 481 (−22%)
Buxoro
4 084 (−2%)
407 425 (−1%)
Navoiy
2 170 (+14%)
27 384 (−22%)
Biznes aviatsiya
3 733 (+11%)
4 290 (+12%)

Avvalroq Spot Pegasus Airlines O‘zbekistondagi yana ikki shaharga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida yozgan edi.