Uzbekistan Airports aeroportlar operatori Turkiyaning Pegasus Airlines aviakompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Bu haqda aeroportlar operatori matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tomonlar Istanbuldan Buxoro, Andijon va Termizga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvni tasdiqladi. Andijon uchun Pegasus Turkiyaning eng yirik shahri bilan muntazam havo qatnovini yo‘lga qo‘ygan birinchi aviakompaniya bo‘ladi.
Yana ikkita yo‘nalish — Qarshi va Nukus bilan bog‘liq muzokaralar davom etmoqda. Muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, ushbu shaharlardan ham Istanbulga ilk bor muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yiladi.
Buxoroga ilk reys 14-dekabrga rejalashtirilgan. Parvozlar haftasiga uch marta amalga oshiriladi: Istanbuldan dushanba, chorshanba va shanba kunlari, ortga qaytish reyslari esa seshanba, payshanba va yakshanba kunlari bajariladi.
Turkiya kompaniyasi 18-dekabrdan Andijon bilan aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ushbu yo‘nalishda haftasiga ikki marta parvoz amalga oshiriladi: Istanbuldan dushanba va juma kunlari, Andijondan esa seshanba va shanba kunlari.
Termizga reyslar 2027-yil 1-martdan boshlanishi kutilmoqda. Istanbuldan parvozlar dushanba, payshanba va shanba kunlari, teskari yo‘nalishdagi reyslar esa seshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Uchala yo‘nalishdagi reyslar ham Istanbuldagi Sabiha Gökçen xalqaro aeroportidan amalga oshiriladi va ularga Airbus A320/A321 samolyotlari xizmat ko‘rsatadi.
Pegasus Airlines 28-oktabr kuni O‘zbekistonning uchta shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘yish rejalarini e’lon qilgan, shuningdek, chiptalarning eng past narxi $99 dan boshlanishini ma’lum qilgan edi. Oy boshida kompaniya O‘zaviatsiyadan yo‘lovchi tashish uchun ruxsat olgan.
Pegasus Airlines aviakompaniyasi 1990-yilda tashkil etilgan, 2005-yildan esa loukoster modeli asosida faoliyat yuritadi. Uning asosiy bazasi Istanbuldagi Sabiha Gökçen xalqaro aeroportida joylashgan. Aviakompaniya parki Airbus va Boeing rusumidagi 129 ta havo kemasidan iborat bo‘lib, uning yo‘nalishlar tarmog‘i 50 dan ortiq mamlakatdagi qariyb 160 ta manzilni qamrab oladi.
Avvalroq Spot Air Arabia O‘zbekistonning uchta shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.