Toshkent shahar hokimligi “15 daqiqali qulay muhit” loyihasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Loyiha aholining kundalik ehtiyojlarini piyoda qatnov masofasida ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, uning doirasida bog‘cha, maktab, poliklinika va maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari aholiga yashash joyiga yaqin hududlarda joylashtiriladi.

Asosiy o‘zgarishlardan biri — avtomobil yo‘laklari va avtoturargohlarni ko‘p qavatli uylarning ichki hovlisidan tashqariga chiqarish hisoblanadi. Bo‘shagan hududlarda bolalar o‘yingohlari, sport maydonchalari hamda aholi hordiq chiqaradigan sersoya xiyobonlar va yo‘laklar barpo etiladi.

Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida mahalla ko‘chalariga zamonaviy videokuzatuv kameralari va favqulodda yordam chaqirish uchun SOS tugmalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, bolalar va kattalar uchun sport maydonchalari hamda uchrashuv joylarini tashkil etish rejalashtirilgan. “Futbol o‘ynash, badantarbiya qilish yoki qo‘shnilar bilan vaqt o‘tkazish uchun uzoqqa borishga hojat qolmaydi”, deyiladi hokimiyat xabarida.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida 2027-yilda 100 ta, 2030-yilga borib esa jami 400 ta mahallani kompleks yangilash rejalashtirilgan.

“15 daqiqalik mahalla” tamoyili haqida joriy yilning 14-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev huzuridagi taqdimotda ma’lum qilingan. Yashnobod tumanidagi Vatandosh, Mohinur, Al-Buxoriy va Tong mahallalarini 75 gektar maydonda kompleks yangilash rejalashtirilgan.

Loyihada “15 daqiqalik mahalla” tamoyili asosida xizmatlar va ijtimoiy obyektlarni aholiga yaqin joylashtirish, yashil hududlar hamda 3 km sayr yo‘lagini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, maktablarda 2 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratish, 540 o‘rinli to‘rtta bog‘cha va uchta poliklinika qurish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Toshkentda isitish mavsumi qachon boshlanishi haqida xabar berilgandi.