28-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda SafeRoad foydalanuvchilarining ma’lumotlari sizib chiqqani haqida xabarlar tarqaldi.

Nuruddin Blogs’ning yozishicha, ular bu ma’lumotlarni tekshirib ko‘rgan hamda ularda ko‘plab saytlar, shu jumladan Delever, Lada Auto, SafeRoad, InDrive, Kiwitaxi, Fargo, Maktab.uz, Andalus va Urbandiler.uz ma’lumotlari mavjudligi aniqlangan. Shuningdek, ularning ko‘chirmalari internetda tarqalgan.

Shu vaqtgacha SafeRoad nomi ostida faoliyat yuritib kelgan SAFE Service kompaniyasi mobil ilova foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari tarqalgani haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat berib, ularni asossiz deb atadi.

Kompaniya savdoga qo‘yilgani aytilayotgan ma’lumotlar ilova ishga tushirilishidan oldin turli manbalardan yig‘ilganini va ularning kompaniyaga aloqasi yo‘qligini bildirdi. Botlar orqali tarqatilayotgan tasvirlar ham asossiz tuhmat deb baholandi.

Shuningdek, foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari qonunchilikka muvofiq himoyalangan serverlarda saqlanishi va shifrlangan shaklda uzatilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, SAFE Service 1-sentabrdan SafeRoad nomi ostida emas, SAFE Service brendi bilan faoliyat yuritayotganini eslatib, eski logotipdan foydalanib tarqatilayotgan xabarlarga ishonmaslikka chaqirdi.

Kompaniya bunday xabarlarni “nosog‘lom raqobatga urinish” deb baholamoqda. Holat yuzasidan tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda ish olib borayotganini ma’lum qildi.

Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston fuqarolarining maʼlumotlari bir nechta resurslar, jumladan, darknetdagi saytlarda tarqalgani va ularga oid havolalar haqidagi xabarlar e’lon qilindi. Undan keyin Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov uchta davlat idorasining axborot tizimlariga kiberhujum uyushtirilgani va buning natijasida 60 mingga yaqin fuqaroning ma’lumotlari tarqalganini ma’lum qildi.

Avvalroq Spot banklarda firibgarlik operatsiyalarini aniqlash bo‘yicha yangi talablar joriy etilishi haqida yozgan edi.