Prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha El-yurt umidi jamg‘armasi 2026-yil uchun ikkinchi ochiq stipendiya tanlovini e’lon qildi.
2026/2027-o‘quv yili uchun jami 290 ta kvota ajratilgan bo‘lib, shundan 101 tasi bakalavriat, 158 tasi magistratura hamda 31 tasi doktorantura uchun belgilangan.
Tanlovda bakalavriat uchun 30 yoshgacha, magistratura uchun — 22−40 yosh hamda PhD uchun 25−45 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar ishtirok etishlari mumkin.
Nomzodlar xorijiy ta’lim muassasasi haqidagi ma’lumotlarni platformaga kiritishlari kerak. Unda oliygoh joylashgan mamlakat, reytingi, bilim va ta’lim sohalari, o‘qish uchun to‘lov hamda universitet ajratgan grant miqdori ko‘rsatiladi. Tizimdagi mavjud universitetlar ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.
Stipendiyalar xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda bakalavriat uchun 3−4 yilgacha, magistratura (ordinatura) — 1−2 yil hamda doktorantura (aspirantura) uchun 3−4 yilgacha bo‘lgan dasturlar uchun ajratiladi.
Bir yilgacha bakalavriatga tayyorlov kurslari (Foundation year/course) xarajatlari o‘qishning umumiy muddati 4 yildan oshmasligi sharti bilan moliyalashtirilishi mumkin.
Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan stipendiatlarga quyidagi xarajatlar qoplab beriladi:
- o‘quv to‘lovi (tuition fees);
- viza olish;
- tibbiy sug‘urta;
- yo‘lkira xarajatlari (bir o‘quv yilida bir marta);
- yashash va turarjoy ijarasi xarajatlari;
- zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish;
- boshqa xarajatlari.
Tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar 1−15-noyabr kunlari qabul qilinadi. Hujjatlarni 15-noyabr kuni soat 23:59 ga qadar topshirish mumkin.
Arizalar jamg‘armaning maxsus onlayn platformasi orqali qabul qilinadi. Batafsil ma’lumotlarni @eyufadmissionbot orqali olish mumkin.
Avvalroq Spot Xivadagi Lyaoning universiteti filiali 2030-yilgacha barcha talabalarni grant asosida o‘qitishi haqida yozgandi.