Prezident 2-oktabr kuni O‘zbekistonda Lyaoning pedagogika universitetining Xorazm filialini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjat Lex.uz portalida e‘lon qilindi.
Filial Xitoyning Lyaoning universiteti, Urganch davlat universiteti (UrDU) hamda Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasidagi uch tomonlama bitimga asosan Xivada faoliyat yuritadi. U 2026/2027-o‘quv yilidan ish boshlaydi.
Filialda ta‘lim jarayoni O‘zbekiston standartlari va malaka talablarini hisobga olgan holda, Xitoydagi Lyaoning universitetining ta‘lim standartlari hamda o‘quv rejalari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Darslar o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi.
2030/2031-o‘quv yiliga qadar barcha talabalar grant asosida tahsil oladi. Shundan so‘ng har yili ajratiladigan qabul o‘rinlarining 30% i grant asosida bo‘ladi.
Filial talabalari o‘quv rejalariga muvofiq, jumladan, dual ta‘lim modeli asosida Xorazmdagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida amaliyot o‘taydi. Bitiruvchilarga filial yoki Lyaonin universitetining diplomi beriladi.
To‘rtta yo‘nalish bo‘yicha filialga akademik hamkor sifatida 12 ta mahalliy OTM biriktiriladi:
- xitoy tili — Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU), O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti;
- turizm sohasidagi menejment — “Ipak yo‘li” xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU), UrDU;
- xalqaro biznes — TDSHU, TDIU, UrDU;
- sun‘iy intellekt — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, UrDU.
Hamkor OTMlar 2027/2028-o‘quv yiliga borib tegishli bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z dasturlarini takomillashtiradi. Shu davrdan boshlab ularga talabalar va pedagog kadrlar akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi.
Shuningdek, filial informatika o‘qituvchilari uchun sun‘iy intellektni o‘rgatish bo‘yicha mentorlik yuzasidan malaka oshirish kurslarini tashkil etadi. Unda har yili 250 nafargacha mutaxassis o‘qiydi.
Davlat rahbari 17-avgust kuni Xivadagi Lyaoning pedagogika universiteti filiali va Konfutsiy institutiga tashrif buyurgan edi. 2 ming talabaga mo‘ljallangan yangi OTM Oliy ta‘lim vazirligi, UrDU va Lyaoning pedagogika universiteti loyihasi doirasida tashkil etilgan.
Kampus qurilishi va uni jihozlash davlat budjetiga 140 mlrd so‘mga tushdi. Majmua 560 o‘rinli o‘quv korpuslari, kutubxona, sport zali, 200 o‘rinli madaniyat saroyi hamda 118 o‘rinli oshxonani o‘z ichiga oladi. Ikkinchi to‘rt qavatli binoda esa 628 o‘rinli o‘quv auditoriyalari va 224 o‘rinli talabalar turar joyi joylashgan.
Filial quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi:
- bakalavriatda — “Xitoy tilida xalqaro ta‘lim”, “Turizmni boshqarish”, “Xalqaro biznes” va “Sun‘iy intellekt”;
- magistraturada — “Xitoy tili va madaniyatini o‘qitish metodikasi”, “Ta‘limni boshqarish” hamda “Sun‘iy intellekt va ta‘lim texnologiyalari”.
28-sentabr kuni ta‘lim masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Lyaoning pedagogika universiteti filialining ochilishiga bag‘ishlangan alohida taqdimot o‘tkazildi. Mazkur dargohdan xitoy tilini biladigan mutaxassislarni tayyorlash hamda OTMlar, texnikumlar va maktablarda xitoy tilini o‘qitish ko‘lamini kengaytirish maqsadida foydalanish ko‘zda tutilgan.
Spot avvalroq davlat universitetlari boshqaruviga xususiy sektor va xorijiy oliygohlar vakillari jalb qilinishi haqida yozgandi.