Avvalroq prezident ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Oliy ta‘lim imkoniyatlarining kengayishi natijasida talabalar soni 1,6 mln ga yetgani aytildi. Yettita oliygoh 17 ta fan bo‘yicha nufuzli xalqaro reytinglarga kirdi. Universitetlarga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berildi.
Shu bilan birga, prezident rektorlar oldiga keskin savol qo‘ydi: “Oliygohdagi darsliklarning mazmuni bugungi kun talabiga qanchalik mos?”. Davlat rahbari bu savolga hozircha ijobiy javob yo‘qligini ta‘kidladi.
Yigirma ikkita muhandislik oliygohi birlashib, mualliflar jamoalarini tuzishi, xorijlik hamkorlar bilan ishlashi, har yili 25−30 ta yangi o‘quv adabiyotini yaratishi yoki ilg‘or kitoblarni tarjima qilib, moslashtirishi mumkin.
Transplantologiya, robot xirurgiyasi, kam invaziv jarrohlik va biomuhandislik jadal rivojlanmoqda. O‘n bitta tibbiyot oliygohi ham shu yo‘nalishlar uchun zamonaviy adabiyotlar tayyorlashni kechiktirmasligi kerak. Oliygohlar ta‘lim sifati va mutaxassislar malakasida hali keskin o‘zgarishi zarur.
Prezident rektorlar oliy ta‘lim sifati, mazmuni va natijasi uchun shaxsan mas‘uliyat olishi shartligini ta‘kidladi. Bundan buyon davlat universitetlari kuzatuv kengashlari a‘zolarining uchdan ikki qismi xususiy sektor va xorijiy oliygohlar vakillaridan iborat bo‘ladi. Kengash a‘zolari va jalb etilgan ekspertlarga haq to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
Kuzatuv kengashlari mutaxassisliklar va o‘quv dasturlarini mehnat bozori talabiga moslab, to‘liq qayta ko‘rib chiqadi. Xorijiy adabiyotlar mualliflari bilan hamkorlikda har yili kamida 50 ta darslik yaratadi.
Bitiruv ishlari va dissertatsiyalar iqtisodiyot tarmoqlaridagi amaliy muammolar yechimiga yo‘naltiriladi. Professor-o‘qituvchilar va iqtidorli talabalar ishtirokida kreativ klublar tuzilib, xususiy sektor ehtiyojiga mos ilmiy ishlanmalar ko‘paytiriladi.
Davlat rahbari universitet mustaqilligi ta‘lim sifati, ilm-fan va ish beruvchilar bilan hamkorlikda aniq natija berishi kerakligini qayd etdi.
Spot avvalroq xususiy texnikumlar uchun soliq va yer bo‘yicha imtiyozlar berilishi haqida yozgandi.