Avvalroq prezident ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

So‘nggi ikki yilda 104 ta texnikumga Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya va Xitoyning xalqaro dasturlari olib kirildi. 25 ming korxona bilan hamkorlik natijasida 100 mingdan ziyod yosh o‘qish barobarida daromad topish imkoniga ega bo‘ldi.

Shu yildan dual ta‘limda kasb o‘rganayotgan yoshlarga 1,3 mln so‘mgacha stipendiya to‘lanmoqda. Bu yil 9-sinfni bitirgan 220 ming o‘quvchi texnikumga jalb qilindi.

Xalqaro dasturlar bosqichma-bosqich barcha texnikumlarga joriy etiladi. Buning uchun ustalarni tayyorlash va rag‘batlantirish ham kuchaytiriladi: kelasi yildan xalqaro kasb sertifikatiga ega ustaga 50% ustama to‘lanib, sertifikat xarajati to‘liq qoplanadi.

Har yili 500 nafar texnikum ustasi Germaniya, Shveytsariya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlarda stajirovka o‘taydi.

Ilk bor o‘tkazilgan Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari kasb tanlovida 170 ming o‘quvchi ishtirok etdi. G‘oliblarni tayyorlagan 120 nafar ustaga 40 mln so‘mgacha mukofot berildi.

Prezident tanlovni har yili o‘tkazish, eng munosib o‘quvchilar va ustalarni 2028-yili Tokiodagi kasblar bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorlash vazifasini qo‘ydi.

Bundan buyon mintaqaviy va xalqaro kasb tanlovi g‘olibini tayyorlagan ustaga 100 mln so‘m, jahon miqyosidagi nufuzli musobaqa g‘olibini tayyorlagan ustozga 200 mln so‘m mukofot beriladi.

Xususiy texnikum tashkil etadigan tadbirkorlar soliq imtiyozi va yer narxidan chegirma oladi. Kelasi o‘quv yilidan sanoat, servis va infratuzilma kabi muhim sohalarga kadr tayyorlaydigan xususiy texnikum o‘quvchilarining 50% iga davlat granti ajratiladi.

Xalqaro dastur va franshiza olib kelish xarajatining 75% i qoplanadi. O‘quv laboratoriyalari va jihozlarini olib kirish bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Spot avvalroq xususiy maktabda farzandi o‘qiydigan oilalarning 6 mln so‘mgacha daromadi soliqqa tortilmasligi haqida yozgandi.